Ichki ishlar vazirligi shaxsga doir ma’lumotlar bir xil himoya qilinishini ta’minlamaydigan chet davlatlarga, ya’ni hukumat ro‘yxatiga kiritilmagan davlatlarga ularni uzatish shartlari to‘g‘risidagi nizom loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Muhokama 30-noyabrgacha davom etadi.

Loyihaga ko‘ra, bunday uzatish ikki shart bir vaqtda bajarilganda amalga oshiriladi. Birinchisi — qonuniy asos, masalan, subyektning roziligi. Ikkinchisi — uchta kafolatdan kamida bittasi: standart shartnomaviy shartlar (SSHSH), majburiy korporativ qoidalar (MKQ) yoki xalqaro standartlarga rioya etilishini tasdiqlovchi hujjat. Hujjatda subyektning roziligi kafolatlar o‘rnini bosmasligi alohida ko‘rsatilgan.

Quyidagilar transchegaraviy uzatish hisoblanadi:

  • ma’lumotlarni ro‘yxatga kiritilmagan davlatdagi shaxsga yuborish yoki taqdim etish;
  • ularni shu davlatdagi texnik vositalarda, jumladan bulutli xizmatlarda saqlash;
  • xorijdagi shaxsga O‘zbekistonda saqlanayotgan ma’lumotlarga masofaviy kirish huquqini berish, jumladan texnik qo‘llab-quvvatlash maqsadida.

Shifrlangan holda chet el tarmoqlari orqali tranzit o‘tish uzatish hisoblanmaydi. Shifrlash kalitlari faqat uzatuvchida bo‘lgan masofaviy kirish ham bunga kirmaydi.

Biometrik va genetik ma’lumotlar, shuningdek telekommunikatsiya operatorlari foydalanuvchilarining ma’lumotlari O‘zbekiston hududida saqlanadi. Nizomdagi kafolatlar ularni chetga chiqarishga asos bo‘lmaydi. Ular faqat qonun va xalqaro shartnomalarda bevosita nazarda tutilgan hollarda uzatiladi.

SSHSH uchun vakolatli organning ruxsati ham, ro‘yxatdan o‘tkazish ham talab etilmaydi. Taraflar Namunaviy SSHSH matnini o‘zgartira olmaydi. Yevropa Komissiyasining 2021-yilgi standart shartlari Milliy qo‘shimcha bilan birga qo‘llanilsa, ular ham tan olinadi.

MKQ xalqaro kompaniyalar guruhi ichidagi uzatish uchun qo‘llaniladi. Birinchi uzatishdan oldin Migratsiya va personallashtirish departamentiga xabarnoma yuboriladi, departament uni 30 kun ichida ko‘rib chiqadi. Shu muddatda e’tiroz bildirilmasa, qoidalar “sukut — rozilik alomati” tamoyili asosida qabul qilingan hisoblanadi.

Uchinchi kafolat sifatida akkreditatsiyalangan organ bergan muvofiqlik sertifikati yoki kamida olti oylik davrni qamrab olgan SOC 2 Type II hisoboti qabul qilinadi.

Uzatuvchi birinchi uzatishdan oldin va kamida ikki yilda bir marta xavflarni baholaydi. Yil davomida 100 mingdan ortiq kishining to‘lov yoki moliyaviy ma’lumotlari uzatilsa, bu yuqori xavf hisoblanadi. Voyaga yetmaganlarning ma’lumotlari muntazam uzatilganda ham shunday. Bunday hollarda kamida ikkita qo‘shimcha chora ko‘riladi, masalan, kalitlari faqat uzatuvchida bo‘lgan shifrlash. Xavf shundan keyin ham yuqoriligicha qolsa, uzatish amalga oshirilmaydi.

Texnik talablar orasida TLS 1.2 va undan yuqori protokol, saqlashda kamida 128 bitli AES shifrlash, ko‘p faktorli autentifikatsiya bor. Jurnallarni kamida bir yil saqlash ham talab qilinadi.

Qabul qiluvchi xavfsizlik buzilishi haqida uzatuvchiga 12 soat ichida xabar beradi. Uzatuvchi esa 24 soat ichida departamentga dastlabki xabarnoma, 72 soat ichida batafsil ma’lumot yuboradi.

Maxsus, moliyaviy yoki autentifikatsiya ma’lumotlari sizib chiqqanda fuqarolarning o‘zlari ham 72 soat ichida xabardor qilinishi kerak. Buzilishni yashirish taqiqlanadi.

Hozir ro‘yxatga kiritilmagan davlatlarga ma’lumot uzatayotgan kompaniyalarga shartnomalari va ichki hujjatlarini moslash uchun buyruq kuchga kirgandan keyin olti oy beriladi. Departament bir oy ichida xabarnomalar uchun elektron shaklni ishga tushiradi.

Talablar buzilsa, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46−2-moddasi va Jinoyat kodeksining 141−2-moddasiga muvofiq javobgarlik nazarda tutilgan.

Avvalroq Spot Vazirlar Mahkamasi shaxsga doir ma’lumotlarni qo‘shimcha ruxsatsiz uzatish mumkin bo‘lgan 49 davlat ro‘yxatini tasdiqlagani haqida yozgandi.