Shavkat Mirziyoyev va Abdulla II imtiyozli savdo bitimini imzolash va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini kengaytirish masalalarini muhokama qilgandi. O‘zbekiston va Iordaniya 19 ta hujjat imzoladi. Ular orasida ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim ham bor. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hujjatlar almashish marosimi bo‘ldi. Yetakchilar O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash haqidagi qo‘shma bayonotni hamda strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

Shuningdek, quyidagi sohalarda bitim va memorandumlar imzolandi: imtiyozli savdo, jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam, madaniyat va kreativ industriyalar, milliy kutubxonalar, hujjatlar va arxivlar, atrof-muhitni muhofaza qilish, energetika hamda suv resurslarini boshqarish.

Bundan tashqari, tomonlar o‘rtasida quyidagi sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi:

  • iqtisodiy diplomatiya;
  • tog‘-kon sanoati va geologiya;
  • uy-joy qurilishi va shaharsozlik;
  • raqamlashtirish va axborot texnologiyalari;
  • oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari nazoratini amalga oshirish;
  • tibbiy xizmatlar;
  • chorvachilik.

Toshkent va Amman, shuningdek, Samarqand va Petra turistik hududi o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar alohida qayd etildi. Tashrif doirasida O‘zbekistonning Iordaniya bilan hamkorligini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan jami 19 ta hujjat imzolandi.

Iordaniyaning Petra axborot agentligi xabariga ko‘ra, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Iordaniya sanoat, savdo va ta’minot vaziri Yarub Qudah imzolagan. Ular energetika va farmatsevtika nazorati sohalaridagi o‘zaro anglashuv memorandumlarini ham almashgan.

Bundan tashqari, Qudah va Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi vaziri Bobir Islomov tabiiy resurslar sohasidagi memorandumni imzolagan.

Avvalroq O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilishi haqida xabar berilgandi.