Qonunchilik palatasi O‘zbekistonning havo kemalarini qonunga xilof ravishda egallab olishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyani to‘ldiruvchi bayonnomaga (Pekin, 2010-yil 10-sentabr) qo‘shilishi haqidagi qonunni qabul qilib, Senatga yubordi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.
Bayonnoma 1970-yilgi Gaaga konvensiyasini bugungi talablarga moslashtirishga qaratilgan.
Hujjat samolyotni kuch ishlatish yoki tahdid qilish bilan bir qatorda, majburlash, qo‘rqitish yoxud zamonaviy texnik vositalar orqali egallab olish holatlarini ham qamrab oladi. Bunday jinoyatlarni tashkil etish, ularda ishtirok etish va ularga ko‘maklashish uchun javobgarlik ham belgilangan.
Majlisda qayd etilishicha, aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish, yangi aviakompaniyalarni jalb etish va aviatsiya bozorini liberallashtirish havo transporti xavfsizligiga yuqori talablar qo‘ymoqda.
Bayonnomaga qo‘shilish yo‘lovchilar va ekipaj xavfsizligini ta’minlash, transchegaraviy jinoyatlarga qarshi kurashish va xorijiy davlatlar bilan huquqiy hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston xorijiy aviakompaniyalar bilan “beshinchi havo erkinligi” asosida muzokaralarni tezlashtirishi haqida yozgandi.