Toshkent avtobuslarida 1−22-noyabr kunlari yo‘l haqini to‘lash qoidalarini buzgan yo‘lovchilarga 19 457 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bunda kuniga o‘rtacha 884 ta qoidabuzarlik to‘g‘ri keladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yil boshidan buyon rasmiylashtirilgan bayonnomalar soni 158 237 taga yetdi. 22-noyabr holatiga undirilgan jarimalar miqdori 3,66 mlrd so‘mdan oshgan, shundan qariyb 450 mln so‘mi noyabrning dastlabki 22 kuniga to‘g‘ri keladi.
Nazorat o‘tkazilayotgan yo‘nalishlarda yo‘lovchilar oqimi ham tahlil qilinmoqda. 18−21-noyabr kunlari 8, 11, 14, 28, 93, 116 va 131-yo‘nalishlarda jami 449 802 nafar yo‘lovchi tashilgan. Bu o‘tgan haftaning shu davriga nisbatan 5792 nafarga yoki 1,3% ga ko‘p. Shu to‘rt kunda bu yo‘nalishlarda 1228 ta bayonnoma rasmiylashtirildi.
Ayrim yo‘nalishlarda yo‘lovchilar soni sezilarli oshgan: 11-yo‘nalishda 11,2% ga, 28-yo‘nalishda 5,4% ga, 8-yo‘nalishda 3,5% ga va 14-yo‘nalishda 1,7% ga.
Transport vazirligi yo‘lovchilarni belgilangan qoidalarga rioya qilishga hamda yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lashga chaqirdi.
Avvalroq O‘zbekistonda yagona transport platformasi ishga tushirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.