Murod Muhammadjonov — soliq maslahatchisi. Tadbirkorlar va kompaniyalarga soliq hisobi, soliqni rejalashtirish va qonunchilik talablari bo‘yicha maslahat beradi.

UTAX soliq maslahatchilari tashkiloti hammuassisi.
Kitobni bosma shaklda o‘qishni afzal ko‘raman. Chunki bunday mutolaa to‘liq e’tibor va diqqatni talab qiladi: boshqa barcha ishlarni bir chetga surib, har bir satrni shoshilmasdan o‘qiysiz, mazmunini anglashga harakat qilasiz.
Audiokitoblarni ham tinglayman, lekin asosan mashinada. Bu deyarli odatga aylangan: rulga o‘tirdimmi, kitobni qolgan joyidan davom ettiraman. Shunday bo‘lsa-da, audiokitoblarni bosma nashr bilan teng ko‘rmayman. Tinglash jarayonida odam turli narsalarga chalg‘ishi, diqqati boshqa tomonga ketishi mumkin. Menimcha, audiokitobni oxirigacha tinglab chiqqan taqdiringizda ham, uning mazmunidan ko‘pi bilan 2−3% ini o‘zlashtirasiz.
Tez-tez safarga chiqqanim sababli bosma kitoblarni ko‘proq samolyotda o‘qiyman. 4−5 soatlik parvoz — hech narsa chalg‘itmaydigan, vaqtni to‘liq mutolaaga bag‘ishlash mumkin bo‘lgan ajoyib imkoniyat.
Kitobga bo‘lgan qiziqishni farzandlarimga ham singdirishga harakat qilganman. Ikki qizim ham kitob o‘qishni juda yaxshi ko‘radi, ayniqsa, kattasi mutolaadan deyarli to‘xtamaydi. Dastlab uni turli rag‘batlar orqali kitobga qiziqtirganman. Biror narsa so‘rasa, “Falon asarni o‘qib tugatsang, olib beraman”, derdim yoki har yuz sahifa uchun sovg‘a va’da qilardim. Avval bir kitobni, keyin ikkinchisini o‘qidi. Keyinchalik esa o‘zi mustaqil ravishda birin-ketin kitob o‘qiy boshladi va mutolaaga butunlay berilib ketdi.
Quyida eng sevimli 5 ta badiiy asarim hamda har bir tadbirkor o‘qishi kerak deb hisoblaydigan 3 ta biznes kitobini tavsiya qilaman.
“Haqiqiy omad kaliti yoxud savdogarlar ustozi” Ahadquli Xolmuhammad o‘g‘li
Biznesga oid kitoblardan birinchi navbatda aynan shu asarni tavsiya qilaman. Unda savdo va tijoratning asosiy tamoyillari — halollik, mijozga hurmat, sabr-toqat va har bir bitimda uzoq muddatli munosabatlarni ko‘zlash haqida so‘z boradi.
Kitobning menga eng yoqqan jihati shundaki, unda savdo shunchaki pul topish vositasi sifatida emas, balki odob va mas’uliyatni talab qiladigan kasb sifatida talqin qilinadi. Savdogar bir marta aldab foyda ko‘rishi mumkin, ammo bundan keyin mijoz uning oldiga qaytib kelmaydi.
Men ham faoliyatimda shu tamoyilga amal qilaman: mijozga eshitishni istagan javobini emas, balki to‘g‘ri javobni beraman. Qisqa muddatda bu noqulaylik tug‘dirishi mumkin, ammo uzoq muddatda aynan shu yondashuv ishonchni mustahkamlaydi.
Savdo bilan shug‘ullanadigan yoki endigina o‘z biznesini boshlayotgan har bir tadbirkorga bu kitobni o‘qishni tavsiya qilaman.

“Boy ota, kambag‘al ota”, Robert Kiyosaki
Bu kitob moliyaviy savodxonlikka oid eng mashhur asarlardan biri. Men uchun esa u pul haqidagi tasavvurlarimni o‘zgartirgan muhim kitob bo‘ldi.
Muallif ikki “ota” — o‘z otasi va do‘stining otasi misolida pulga bo‘lgan ikki xil munosabatni taqqoslaydi. Ulardan biri yaxshi ta’lim olib, yaxshi ishga joylashishni maslahat bersa, ikkinchisi pulni o‘zingiz uchun ishlashga o‘rgatadi.
Kitobning asosiy g‘oyasi — aktivlar va passivlar o‘rtasidagi farq. Bu mavzu soliq maslahatchisi sifatida menga ayniqsa yaqin. Asardan olgan eng muhim saboqlarimdan biri daromadning bir qismini muntazam ravishda qayta investitsiya qilish zarurligi. Bugun bu tamoyilni ham shaxsiy moliyamda, ham kompaniya byudjetini rejalashtirishda qo‘llashga harakat qilaman.
Kitobni pul bilan to‘g‘ri munosabatda bo‘lishni endigina o‘rganayotganlarga, ayniqsa, yoshlarga tavsiya qilaman.
Undagi bir fikr e’tiborimni tortgan: “Agar farzandingizga qimmat velosiped olib berishga imkoningiz bo‘lmasa, bu velosipedning qimmatligini emas, uni sotib olishga hozircha imkoningiz yetmasligini anglatadi”.

“Ikki eshik orasi”, O‘tkir Hoshimov
O‘tkir Hoshimovning ushbu romanini o‘zbek adabiyotining eng kuchli asarlaridan biri deb hisoblayman. Unda Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi og‘ir yillarda bir necha oilaning boshidan kechirgan taqdir sinovlari tasvirlanadi.
Asarning menga eng yoqqan jihati — uning o‘ziga xos tuzilishi. Voqealar turli qahramonlar tilidan navbatma-navbat hikoya qilinadi. Har biri bir hodisaga o‘z nuqtayi nazaridan qaraydi. Asarni o‘qib borar ekansiz, har bir qahramonning o‘z haqiqati borligini anglaysiz.
Bu yondashuv menga muhim kasbiy saboqqa ham aylangan. Soliq maslahatchisi sifatida bir masalaga mijoz, davlat organi va hamkor nuqtayi nazaridan qarashimga to‘g‘ri keladi. Chunki barcha tomonlarning manfaatlarini tushunmasdan turib, maqbul yechim topish qiyin.
Hayotning qadriga yanada chuqurroq yetishni istagan har bir kishiga bu kitobni tavsiya qilaman. Uni o‘qib tugatgach, kundalik tashvishlarga ham boshqacha nigoh bilan qaray boshlaysiz.

“Cho‘qintirgan ota”, Mario Pyuzo
Mario Pyuzoning ushbu romani Korleone oilasi haqida hikoya qiladi. Ko‘pchilik uni jinoyat olami haqidagi asar sifatida biladi, ammo men undan bundan ham kengroq ma’nolarni topdim.
Romanning menga eng yoqqan jihati — sodiqlik, oila, so‘zning qadri va qaror qabul qilishdagi sovuqqonlik haqida o‘ylashga undaydigan lavhalar. Ayniqsa, Vito Korleonening odamlar bilan munosabat qurish uslubi esda qoladi: u kim bilan qanday gaplashishni juda yaxshi biladi.
Albatta, qahramonlar tanlagan yo‘lni ma’qullamayman. Biroq asar biznesda ham eng katta kapital ishonch va berilgan va’daga sodiqlik ekanini yana bir bor eslatdi. Mening kasbimda ham mijoz bilan munosabat, avvalo, ishonchdan boshlanadi.
Bu asardan kimga beg‘araz yordam berish, kimga esa yordam qo‘lini cho‘zmaslik kerakligini anglash bilan birga, sabrli bo‘lish, muzokara olib borish va munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish borasida ham muhim xulosalar chiqardim.
Kitobni insonlar bilan munosabat o‘rnatish va muzokara olib borish san’atiga qiziquvchilarga tavsiya qilaman.

“Murdalar gapirmaydilar”, Tohir Malik
Detektiv janridagi ushbu asarda voqealar jinoyat olami va jinoyatlarni fosh etishga urinayotgan insonlar atrofida kechadi.
Kitobning menga eng yoqqan jihati — unda har bir tafsilot muhim ahamiyatga ega. Bir qarashda arzimasdek tuyulgan detal keyinchalik butun voqeaning yechimini topishga yordam beradi.
Asar menga sinchkov bo‘lishni, xulosa chiqarishga shoshilmaslikni va har qanday qaror oldidan faktlarni puxta tekshirishni o‘rgatdi. Chunki ish faoliyatimda ham hujjatdagi bitta noto‘g‘ri raqam yoki xato yozilgan sana kompaniyaga katta miqdorda jarima keltirib chiqarishi mumkin.
Romanni detektiv janrini sevuvchilarga, ayniqsa, faoliyatida aniqlik va sinchkovlik muhim o‘rin tutadigan kishilarga tavsiya qilaman.

“Yulduzli tunlar”, Pirimqul Qodirov
Badiiy adabiyotdan eng yoqtirgan kitobim shu. Roman Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va kurashlari haqida hikoya qiladi.
Kitobning menga eng yoqqan jihati shundaki, Bobur ideal qahramon sifatida emas, balki xato qiladigan, mag‘lubiyatga uchraydigan, ammo har safar qayta oyoqqa turadigan inson sifatida tasvirlanadi. U Samarqandni bir necha bor qo‘lga kiritadi va yana boy beradi, biroq hech qachon taslim bo‘lmaydi.
Tadbirkorlikda ham shunday: loyihalar muvaffaqiyatsizlikka uchrashi, bozor sharoiti o‘zgarishi mumkin. Muhimi, har bir mag‘lubiyatdan saboq chiqarib, oldinga intilish va yangi yo‘l topa bilish.
Romanni o‘z tarixini badiiy adabiyot orqali chuqurroq his qilishni istagan har bir kishiga, ayniqsa, yoshlarga tavsiya qilaman.
“Avlodlar dovoni”, Pirimqul Qodirov
“Yulduzli tunlar” romanining mantiqiy davomi bo‘lgan ushbu asarda Boburiylar sulolasining keyingi avlodlari — Humoyun va Akbar davri haqida hikoya qilinadi. Bobur boshlagan ishni farzandlari va nevaralari qanday davom ettirgani, bu yo‘lda qanday sinovlarga duch kelgani o‘quvchi ko‘z o‘ngida gavdalanadi.
Asarning menga eng yoqqan jihati unda meros mavzusiga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, ota boshlagan ishni saqlab qolish va rivojlantirish uni noldan qurishdan kam mas’uliyat talab qilmaydi. Romanni o‘qib, kompaniya taqdiri ham shunga o‘xshashligini angladim: uning kelajagi bugun kimlarni tarbiyalayotganingizga bog‘liq. Rahbar nafaqat bugungi natijalar, balki keyingi avlod oldida ham mas’uliyatli.
Bu kitob tarixni shunchaki sanalar va janglar orqali emas, balki insonlar taqdiri orqali anglash imkonini beradi. Uni, ayniqsa, oilaviy biznes yuritayotganlar va o‘z ishini kelajakda kimga ishonib topshirish haqida o‘ylayotgan rahbarlarga tavsiya qilaman.
“Islom moliyasiga kirish”, Mufti Muhammad Taqiy Usmoniy
Moliyaga oid kitoblar orasida men uchun eng foydalilaridan biri bo‘ldi. Unda islomiy moliyaning asosiy tamoyillari sodda va tushunarli tilda yoritilgan: sudxo‘rlikdan voz kechish, foyda va zararni sheriklar o‘rtasida adolatli taqsimlash hamda har bir bitimni real tovar yoki xizmatga asoslash.
Kitobning menga eng yoqqan jihati — moliyaga faqat hisob-kitob vositasi sifatida emas, balki axloqiy mas’uliyat nuqtayi nazaridan yondashilganidir. Daromad mehnat va tavakkal evaziga kelishi kerakligi haqidagi g‘oya biznesga bo‘lgan qarashlarimga ham ta’sir qildi.
Bugun faoliyatimda ham bitimlarni shu tamoyillar asosida tuzishga harakat qilaman: shartlar ochiq, majburiyatlar esa aniq bo‘lishi kerak.
Kitob sheriklik asosida biznes yuritayotgan va moliyaviy qarorlarini o‘z qadriyatlari bilan uyg‘unlashtirishni istagan tadbirkorlar uchun foydali qo‘llanma bo‘la oladi.


