Andijonda bank xodimi mijozlarning xalqaro pul o‘tkazmalariga oid hisoblaridagi 3,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u pullarni xalqaro plastik kartasiga o‘tkazib, onlayn qimor o‘yinlarida yutqazgan.

Andijon shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, bank xodimi mijozlarning xalqaro pul o‘tkazmalariga oid hisob raqamlaridagi mablag‘larni o‘zlashtirgan.

U jami $250 mingga teng, 3,2 mlrd so‘mdan ortiq pulni o‘zining xalqaro plastik kartasiga o‘tkazib, tavakkalchilikka asoslangan onlayn qimor o‘yinlarida sarflagan.

Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Jinoyat ishi yakunlanib, sud muhokamasiga yuborilgan.

Shuningdek, Andijonda onlayn qimor o‘yinlari ortidan boshqa jinoyat ham sodir etilgan. 30 yoshga yetmagan shaxs tanishining ishonchiga kirib, undan $26 mingga teng ikkita Damas avtomobilini olgan va ularni onlayn qimor o‘yinlarida yutqazib yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan unga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davomida ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ish sud muhokamasiga yuborilgan.


Avvalroq Spot bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgan blogerlarga chora ko‘rilgani haqida yozgandi.