Avvalroq Spot Adliya vazirligi o‘zbek alifbosiga kiritilgan o‘zgarishlarni sohalarda qo‘llash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygani haqida yozgan edi.
Chora-tadbirlar dasturi bilan biznesni yangi alifbo va imlo qoidalaridagi o‘zgarishlardan xabardor qilish ham ko‘zda tutilgan. Buning uchun 2026−2027-yillarda tadbirkorlar bilan seminarlar tashkil etish, korxona va tashkilotlar uchun alifbo, imlo qoidalari hamda hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha elektron qo‘llanmalar va tavsiyalar ishlab chiqish taklif etilmoqda.
Shuningdek, qonun kuchga kirgan sanadan — 2027-yil 22-apreldan boshlab elektron savdo platformalari, buyurtmalar agregatorlari va raqamli striming xizmatlari yangi alifboga moslashtirilishi kerak. Bu tartib elektron kataloglar, mahsulot tavsiflari va xizmat ko‘rsatish platformalarida ham tatbiq etiladi.
Mahsulot qadog‘i va yorliqlarini yangi alifboga moslashtirish uchun esa o‘tish davri belgilanmoqda.
Kelasi yil 22-apreldan 2028-yil 22-aprelgacha qadoq va yorliqlarda eski va yangi alifbodan parallel foydalanishga ruxsat beriladi. Bu davrda tadbirkorlar dizayn va bosma qoliplarni bosqichma-bosqich yangilashi mumkin.
2028-yil 22-apreldan boshlab yangi buyurtma asosida chop etiladigan qadoqlar va yorliqlarda yangi alifbodan foydalanish majburiy bo‘ladi.
Shu bilan birga, avvalgi alifboda chop etilgan qadoqlarning mavjud zaxiralaridan 2029-yil 22-aprelgacha foydalanishga ruxsat berish taklif etilmoqda. Qonuniy tamg‘alangan mahsulotlarni esa yaroqlilik muddati tugaguniga qadar sotish mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda anonim shikoyat asosida tadbirkorlarni tekshirish taqiqlanishi mumkinligi haqida yozgan edi.