Uzbekistan Airways yangi Airbus A321neo samolyotini qabul qildi. UK32106 bort raqamiga ega samolyot 20-noyabr kuni Humo xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Bu aviakompaniya flotidagi oltinchi A321neo samolyoti hisoblanadi. Layner O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi sharafiga maxsus livery (tashqi bezak) bilan jihozlangan.
Yangi samolyot avvalgi laynerlardan saloni bilan farq qiladi: unda yangi o‘rindiqlar, multimedia tizimi va internet mavjud. Biznes-klassda 16 ta, ekonom-klassda esa 156 ta o‘rindiq bor.
Salon Airbus Airspace Premium konsepsiyasi asosida bezatilgan. Bunda bagaj uchun mo‘ljallangan yuqori javonlar hajmi kattalashtirilgan, yoritish esa parvozning turli bosqichlariga qarab o‘zgaradi.
Biznes-klassda to‘liq gorizontal holatga keltirib yotish mumkin bo‘lgan o‘rindiqlar o‘rnatilgan. O‘rindiqlar orasidagi masofa bir metrdan ortiq. Har bir o‘rindiqda sensorli boshqaruv, shaxsiy buyumlar uchun bo‘lim, yig‘ma stolchalar va individual yoritish mavjud.
Ekonom-klass o‘rindiqlarida orqa suyanchiqni egish imkoniyati bor. Har bir o‘rindiqda Type-A va Type-C USB portlari o‘rnatilgan.
Barcha o‘rindiqlarda Rave Ultra ko‘ngilochar tizimining ekranlari mavjud. Yo‘lovchilar filmlar, musiqa, podkastlar, o‘yinlar va parvozning uch o‘lchamli xaritasidan foydalanishi mumkin.



Samolyotdagi internet Airbus’ning NSG kompaniyasi texnologiyalariga asoslangan HBCPlus tizimi orqali ishlaydi. Aviakompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, internet aloqasi yuqori tezlikda bo‘ladi.
A321neo — Airbus A320neo oilasiga mansub tor fyuzelyajli samolyot. Yangi dvigatellar va aerodinamik xususiyatlar tufayli u avvalgi avlod samolyotlariga qaraganda kamroq yoqilg‘i sarflaydi.
Uzbekistan Airways 2021-yilda tor fyuzelyajli Airbus samolyotlariga o‘tishni boshlagan. Ular keng fyuzelyajli Boeing samolyotlarining bir qismini almashtirish uchun tanlangan. Ushbu modeldagi dastlabki beshta samolyot 2022-yilda yetkazib berila boshlangan.
2025-yilda aviakompaniya Xitoy va Yaponiya kompaniyalari — SMBC Aviation Capital, China Aircraft Leasing Group Holdings hamda ICBC Aviation Leasing' dan lizing asosida yana 10 ta A321neo samolyotini olishini e’lon qilgan. Ularni yetkazib berish 2026−2028-yillarga mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, aviakompaniya 22 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotini xarid qiladi. Ularni yetkazib berish 2030-yil oxiridan boshlanadi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Embraer’dan ilk C-390 Millennium harbiy samolyotini qabul qilgani haqida yozgandi.


