S&P Global Ratings xalqaro agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “barqaror” prognoz bilan “BB+” darajasiga ko‘tardi. Bu haqda agentlikning 20-noyabr kuni e’lon qilingan hisobotida ma’lum qilindi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bu mamlakat tarixida hozirgacha erishilgan eng yuqori ko‘rsatkich ekanligini, “investitsiyaviy” (BBB-) pog‘onaga bir qadam qolganini qayd etdi.

“Bu yutuq tizimli iqtisodiy islohotlar, muvozanatli moliya siyosati hamda Prezidentimizning uzoqni ko‘zlagan strategik yondashuvi samarasidir. Ijobiy natijalarimizni taqdim etish borasida ishchi guruhimizning tezkor va ochiq tahliliy muloqotlari S&P tomonidan alohida e’tirof etildi”, — dedi u.

Qisqa muddatli reytingni agentlik B darajasida tasdiqladi. Valyutalarni o‘tkazish va konvertatsiya qilish xatarini baholash agentlik tomonidan BB+ dan BBB− gacha oshirildi.

Reyting ko‘tarilishiga nima sabab bo‘ldi?

Xalqaro reyting agentligining baholashicha, O‘zbekiston budjeti va to‘lov balansi barqarorlashdi. S&P buni davlat korxonalari va energetika sohasidagi islohotlar, shuningdek, 13-noyabr kuni e’lon qilingan yalpi ichki mahsulotning qayta hisob-kitobi bilan bog‘lamoqda.

Mamlakatning valyuta zaxiralari 2023-yildan beri ikki barobardan ko‘proqqa oshdi va oktabr oyi oxiriga kelib qariyb $64 mlrd ga yoki yalpi YIMning 32% iga yetdi. Bunga asosan oltinning rekord darajadagi narxi sabab bo‘ldi: tovar eksportining 30−40% i va zaxiralarning 85−90% i unga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, iqtisodiyot yuqori sur’atlarda o‘sishda davom etmoqda: 2026-yilning yanvar−sentabr oylarida o‘sish 8,3% ni tashkil etdi.

Reytingni nima ushlab turibdi?

S&P reytingni cheklayotgan omillar qatorida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YIMning pastligini ko‘rsatdi. Agentlik prognoziga ko‘ra, 2026-yilda bu ko‘rsatkich taxminan $5 200 ni tashkil etadi.

Shuningdek, S&P oltin narxlariga bog‘liqlik, pul o‘tkazmalari va savdo orqali Rossiya bilan yaqin iqtisodiy aloqalar hamda ikkilamchi sanksiyalar xavfiga e’tibor qaratdi.

Agentlik budjet taqchilligi va davlat korxonalariga budjet kreditlari qisqarsa, reytingni oshirishi mumkin. Budjet va tashqi savdo taqchilligi kutilganidan yuqori bo‘lsa, reyting pasaytirilishi ehtimoli bor.

“Yurtimizga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish yo‘lidagi qat’iy harakatimizni davom ettiramiz” — deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida.

O‘zbekiston S&P'dan dastlabki BB− kredit reytingini 2018-yil dekabrida olgan. Agentlik reytingni birinchi marta faqat 2025-yil noyabrida BB darajasigacha oshirgan.

“Katta uchlik"ka kiruvchi boshqa ikki agentlikning O‘zbekiston bo‘yicha reytinglari hozircha bir pog‘ona past: Fitch — ijobiy prognoz bilan BB, Moody’s esa “barqaror” prognoz bilan Ba2 darajasida.

Avvalroq Spot iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston investitsiya darajasidagi kredit reytingini olib, JSTga a‘zo bo‘lishni yakunlamoqchiligini aytgani haqida yozgan edi.