O‘zbekistonning 2025-yildagi yalpi ichki mahsuloti qayta hisoblangach, $169 mlrd ga yetdi. Bu haqda 13-noyabr kuni Milliy statistika qo‘mitasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Mamlakatda 2017−2025-yillar uchun YIM yillik va choraklik ko‘rsatkichlari qayta hisoblandi. Jarayon aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari, korxona va tashkilotlarning yangilangan yillik hisobotlari hamda takomillashtirilgan statistik kuzatuvlar asosida amalga oshirildi.

Natijada 2025-yil uchun YIMning joriy narxlardagi hajmi avvalgi 1 849,7 trln so‘m dan 2 126,8 trln so‘m ga yetdi. Ushbu ko‘rsatkich AQSH dollarida $147 mlrd dan $169 mlrd ga oshdi.

iqtisodiyot, milliy statistika qo‘mitasi, yalpi ichki mahsulot, yim

YIMning yangilangan va avvalgi bahosi o‘rtasidagi farq 277,1 trln so‘m ($22 mlrd) yoki 15% ni tashkil etdi. Ushbu tafovutning 36,4 trln so‘mi (13,1%) aholini, 80,4 trln so‘mi (29%) qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari hisobiga yuzaga kelgan. Qolgan 160,3 trln so‘m (57,9%) korxona va tashkilotlar bo‘yicha yangilangan statistik ma’lumotlar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Milliy statistika qo‘mitasi YIMning nominal hajmi 15% ga qayta baholanishi 2025-yilda real iqtisodiy o‘sish ham shuncha bo‘lganini anglatmasligini ta’kidladi. Yangilangan hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan yili real iqtisodiy o‘sish 7,8% ni tashkil etgan. Avvalgi bahoda bu ko‘rsatkich 7,7% edi.

Tarmoqlar kesimida qo‘shilgan qiymat xizmatlar sohasida 138 trln so‘mga, sanoatda 52,9 trln so‘mga, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida 44,6 trln so‘mga, qurilishda esa 41,6 trln so‘mga oshdi. Umumiy farqning qariyb yarmi (49,8%) xizmatlar sohasi hissasiga to‘g‘ri keldi.

Qayta hisoblangan YIM hajmi va yangilangan o‘rtacha yillik aholi soni asosida aholi jon boshiga nominal YIM ham qayta hisoblandi. Ushbu ko‘rsatkich 48,8 mln so‘m ($3 881) dan 55 mln so‘m ($4 373) ga oshdi.

iqtisodiyot, milliy statistika qo‘mitasi, yalpi ichki mahsulot, yim

“Qayta hisoblash natijalari bir yilda qo‘shimcha iqtisodiy hajm paydo bo‘lganini emas, balki avvalgi baholar yangi, to‘liqroq va batafsil ma’lumotlar asosida aniqlashtirilganini anglatadi”, — deyiladi xabarda. Hisob-kitoblar BMTning Milliy hisoblar tizimi standartlari va xalqaro ekspertlar tavsiyalari asosida amalga oshirilgan.

Shuningdek, qo‘mita qayta hisoblashdan maqsad iqtisodiy faoliyatni to‘liqroq qamrab olish, yangi ma’lumotlarni milliy hisoblar tizimiga kiritish va turli yillardagi ko‘rsatkichlarning o‘zaro taqqoslanishini ta’minlash ekanligini bildirdi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 8,3% ga o‘sib, 1,75 kvadrillion so‘mdan oshgani haqida yozgan edi.