Milliy statistika qo‘mitasi narxlar statistikasi bo‘yicha narx.stat.uz ochiq ma’lumotlar platformasini ishga tushirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Platformada iste’mol narxlari indeksi, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va yonilg‘ining hududlar va tumanlar kesimidagi haftalik o‘rtacha narxlari, uy-joy bozori narxlari indeksi hamda sanoat ishlab chiqaruvchilari narxlari indeksi e’lon qilinadi.
Foydalanuvchilar inflyatsiya va iste’mol xarajatlari kalkulyatorlaridan foydalanishi, ma’lumotlarni CSV va JSON formatlarida yuklab olishi yoki API orqali ro‘yxatdan o‘tmasdan olishi mumkin.
Bundan tashqari, unda yana quyidagi imkoniyatlar bor:
- mahsulotlarning hududlar bo‘yicha o‘rtacha narxi va haftalik o‘zgarishini ko‘rsatuvchi interaktiv xarita;
- mahsulot narxlarining 2021-yil yanvaridan buyongi dinamikasi, animatsion grafikni GIF shaklida saqlash imkoniyati bilan;
- o‘tgan haftaga nisbatan eng ko‘p qimmatlashgan va arzonlashgan mahsulotlar ro‘yxati;
- so‘nggi 26 haftadagi eng yuqori yoki eng past narxga yetgan mahsulotlar;
- bir mahsulotning eng arzon va eng qimmat hududdagi narxini solishtiruvchi “Hududiy tafovut” bo‘limi;
- hisob-kitob formulalari va ma’lumotlarni yangilash kalendari.
Platforma 13-noyabrdagi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil oktabrda iste’mol narxlari sentabrga nisbatan 0,6% ga, o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 6,5% ga oshgan. Uy-joy narxlari uchinchi chorakda oldingi chorakka nisbatan 1,4% ga, yillik hisobda 4,8% ga qimmatlashgan.
28-oktabrdan 4-noyabrgacha bo‘lgan davrda bodring bir kilogrammi uchun 1 495 so‘mga qimmatlashib, 10 810 so‘mga yetgan. Pomidor 1 120 so‘mga qimmatlashgan (10 303 so‘m). Limon esa 1 377 so‘mga arzonlashgan (34 150 so‘m).
Hududlar o‘rtasidagi farq ayrim mahsulotlarda ikki baravardan oshadi. Masalan, olmaning bir kilogrammi Qoraqalpog‘istonda 6 379 so‘m, Toshkentda esa 15 501 so‘m turadi. Sariyog‘ narxi 51 515 so‘mdan (Qoraqalpog‘iston) 93 564 so‘mgacha (Toshkent) farq qiladi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda yillik inflyatsiya oktabr oyida 6,5% gacha tezlashgani haqida yozgandi.