Lazizbek Hamidov kasbiy faoliyatini 15 yil avval jurnalistikadan boshlagan. Keyinchalik grafik dizayn sohasiga o‘tib, kichik studiyaga asos solgan. Vaqt o‘tishi bilan uni rivojlantirib, bugungi Tasnif kreativ agentligiga aylantirgan.
Hozirda 35 nafar mutaxassisni birlashtirgan agentlik kompyuter grafikasi, 2D va 3D animatsiya, taqdimotlar tayyorlash, video ishlab chiqarish, VFX va AI-kontent yaratish yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatadi. Lazizbek, shuningdek, YouTube’dagi Lolazor va Bemalol podkastlarining hammuallifi hamda doimiy ishtirokchisi hisoblanadi.

Tasnif kreativ agentligining asoschisi.
Rostini aytsam, bolaligimdan kitobga mukkasidan ketgan odam emasman. Kitob hayotimga ish orqali kirib kelgan. Jurnalistikada oddiy bir qoida bor: o‘qimagan odam yoza olmaydi. Material tayyorlash uchun har kuni turli manbalarni o‘qishga to‘g‘ri kelardi. Vaqt o‘tishi bilan bu zarurat odatga aylandi.
Dizayn sohasiga o‘tganimdan keyin esa kitobning hayotimdagi o‘rni o‘zgardi. Bu men uchun yangi soha bo‘lib, o‘rgatadigan mutaxassislar kam, internetdagi ma’lumotlar esa tarqoq edi. Bunday sharoitda kitob bir muallifning yillar davomida to‘plagan tajribasini bir-ikki haftada o‘zlashtirish imkonini berardi.
Bugun mutolaa men uchun hordiq chiqarishdan ko‘ra ko‘proq kasbiy rivojlanish vositasi. Kitobni shunchaki tezroq tugatish uchun o‘qimayman: kerakli joylariga diqqat qarataman, muhim fikrlarni belgilab boraman va keyinchalik ish jarayonida qo‘llashga harakat qilaman.
Meni kitob o‘qishga undagan narsa qiziqish emas, muammo. Deyarli har bir muhim kitobim ortida hal qilinishi kerak bo‘lgan aniq bir masala turadi.
Masalan, Tasnif’da taqdimotlar tayyorlaymiz. Dizayn chiroyli, animatsiyalar yaxshi bo‘lishi mumkin, ammo mijoz taqdim etgan matnning o‘zi ko‘pincha muammoga aylanadi. Uzun jumlalar, “innovatsion yondashuv”, “yuqori sifat” kabi umumiy iboralar va bir jumlaga jamlangan ortiqcha sifatlar taqdimot mazmunini og‘irlashtiradi. Chunki yomon matnni dizayn bilan yashirib bo‘lmaydi.
Aynan shu muammo Maksim Ilyaxov va Lyudmila Sarichovaning “Yoz, qisqartir” kitobini o‘qishimga sabab bo‘ldi. Undan olgan bilimlarimiz asosida jamoamizda taqdimot matnini tahrirlash va qisqartirish dizayn ishlaridan oldingi alohida bosqichga aylandi.
Yana bir misol kompaniyamizning o‘sish davri bilan bog‘liq. 10 kishilik studiyani boshqarish bilan 35 kishilik kompaniyani boshqarish o‘rtasida katta farq bor. Kompaniya kengaygani sari barcha masalalar mening ishtirokimni talab qila boshladi. Bu esa boshqaruv uslubimni qayta ko‘rib chiqishga undadi. O‘sha davrda kompaniyani rivojlantirish va boshqaruv jarayonlarini yaxshilash haqidagi kitoblarni o‘qiy boshladim. Ularning ayrimlari foyda berdi, ba’zi yondashuvlar esa bizning sharoitimizga mos kelmadi.
Asosan to‘rt yo‘nalishdagi kitoblarni o‘qiyman: dizayn, biznes va boshqaruv, matn va kommunikatsiya, inson psixologiyasi. Badiiy adabiyotga ham murojaat qilaman, lekin kamroq. Buni o‘zimdagi kamchiliklardan biri deb hisoblayman.
Kitob tanlashda birinchi navbatda muallifning amaliy tajribasiga e’tibor beraman: u yozgan fikrlarini o‘zi hayotda qo‘llaganmi yoki yo‘qmi. Nazariyotchi yozgan biznes kitobi bilan o‘zi kompaniya tashkil etib, uni boshqargan insonning tajribasiga asoslangan kitob o‘rtasida katta farq bor.
Yana bir mezonim — kitobni kim tavsiya qilgani. Agar ishini hurmat qiladigan insonim “Bu kitob menga yordam bergan”, desa, uni o‘qishga harakat qilaman. Kitobning reytingi yoki bestseller ekaniga esa unchalik ishonmayman.
Kitob o‘qishda qog‘oz, elektron va audio formatlarning uchalasidan ham foydalanaman, ammo har birining o‘z vazifasi bor. Muhim va jiddiy kitoblarni qog‘oz shaklida, qalam bilan o‘qiyman. Chunki kerakli joylarini belgilab, qaydlar yozib bormasam, ma’lumotlar xotiramda yaxshi saqlanmaydi.
Audiokitoblarni asosan mashinada yoki yo‘lda tinglayman. Bu orqali asarning umumiy mazmunini o‘zlashtiraman. Agar kitob menga yoqsa, uning qog‘oz nusxasini sotib olib, qayta o‘qiyman. Elektron formatdan esa dastlabki tanishuv uchun foydalanaman: birinchi boblarini o‘qib, kitobni davom ettirishga arziydimi yoki yo‘qmi, shuni hal qilaman.
Quyidagi beshta kitobni ham aynan shu yondashuv asosida tanladim. Ularning har biri kasbiy faoliyatimdagi muayyan masala yoki muammoga yechim topishimga yordam bergan. Mavzular ham turlicha: dastlabki ikkitasi biznes va kasbiy rivojlanish, uchinchisi matn va kommunikatsiya, to‘rtinchisi dizayn, beshinchisi esa insonning qaror qabul qilish jarayonlari haqida.
“Blitzscaling”, Rid Xoffman, Kris Ye
Bu kitobni Tasnif kichik studiyadan bir nechta yo‘nalishda faoliyat yuritadigan kompaniyaga aylanayotgan davrda o‘qiganman. O‘sha paytda oldimizda kompaniyani tez rivojlantirish kerakmi yoki tartibli ravishda o‘stirish ma’qulmi, degan savol turardi. Xoffman va Ye Silikon vodiysidagi kompaniyalarning bir necha yil ichida yirik bizneslarga aylanish jarayonini tahlil qilib, bunday o‘sishning o‘ziga xos qonuniyatlarini ochib beradi.
Mualliflarning asosiy g‘oyalaridan biri shuki, noaniqlik va tez o‘zgarishlar sharoitida tezlik ba’zan samaradorlikdan ham muhimroq bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, kompaniya o‘sishining har bir bosqichida boshqaruv yondashuvi ham o‘zgarib borishi kerak. Mualliflar bu bosqichlarni “oila”, “qabila”, “qishloq”, “shahar” va “davlat” deb ataydi. Bir bosqichda yaxshi samara bergan boshqaruv usuli keyingisida kutilgan natijani bermasligi mumkin.
Menga ayniqsa, “Ba'zi yong‘inlarni o‘chirmay, yonishiga imkon berish kerak” degan yondashuv ta’sir qildi. Chunki rahbar barcha muammolarni bir vaqtning o‘zida hal qila olmaydi. Muhimi, qaysi muammo hozir jiddiy xavf tug‘dirayotganini, qaysi birini esa keyinroq hal qilish mumkinligini to‘g‘ri aniqlash. “Agar kompaniyangizda hamma narsa tartibda bo‘lsa, demak, siz juda sekin harakat qilyapsiz” degan fikr ham kitobdan olgan asosiy xulosalarimdan biriga aylandi.
Kompaniya rivojlanish bosqichlari haqidagi tasnifni esa o‘z tajribamiz bilan solishtirish imkoniga ega bo‘ldim. Xususan, “qabila” va “qishloq” bosqichlari o‘rtasidagi farqni jamoamiz kengaygan sari yaqqol his qildik. 10 kishilik jamoani og‘zaki kelishuvlar asosida boshqarish mumkin, ammo xodimlar soni 30 nafardan oshgach, bunday yondashuv yetarli bo‘lmay qoladi. Shu sababli ish jarayonlarini hujjatlashtirishni boshladik, grafika, animatsiya, video va taqdimot yo‘nalishlarining har biri uchun alohida mas’ul rahbar tayinladik. Natijada kundalik ishlarning menga bog‘liqligi kamaydi.
Muammolarni saralash tamoyilini ham amaliyotga tatbiq etdik. Endi har chorakda qaysi masalalarni hozir hal qilishimiz, qaysilarini esa keyinroqqa qoldirishimiz mumkinligini alohida ro‘yxatga kiritamiz. Bu e’tiborimiz va resurslarimizni eng muhim vazifalarga yo‘naltirishga yordam beradi.

“Burn Your Portfolio”, Maykl Janda
Bu kitobni bir nechta yo‘nalishni bir vaqtda boshqarayotgan tadbirkorlarga, ayniqsa, 20−30 kishilik jamoani rivojlantirayotgan kompaniya rahbarlariga tavsiya qilaman. Shu bilan birga, kitob asosan Kremniy vodiysi tajribasiga bag‘ishlangan bo‘lib, ijodiy agentliklar yoki xizmat ko‘rsatish biznesi haqida emas. Shu sababli undagi yondashuvlarni tayyor qoida sifatida emas, fikrlash usuli sifatida qabul qilish kerak.
Kitobni dizaynerlik faoliyatimning dastlabki yillarida, birinchi katta mijozlar paydo bo‘la boshlagan paytda o‘qiganman. O‘sha paytda yaxshi ishlarim bor edi, ammo mijozlar bilan ishlash, muddatlarni belgilash, narx kelishish va kerakli vaziyatda “yo‘q” deyish kabi masalalarda tajribam yetarli emasdi. Maykl Janda — AQShda dizayn agentligini tashkil etib, keyinchalik uni sotgan mutaxassis. Uning kitobida nazariyadan ko‘ra, 20 yillik tajriba davomida yo‘l qo‘yilgan xatolar va ulardan chiqarilgan xulosalar ko‘proq o‘rin olgan.
Kitob nomining o‘zida ham muayyan ma’no bor: portfolio sizga ish topishda yordam berishi mumkin, ammo bu kasbda uzoq qolishingizni kafolatlamaydi. Muvaffaqiyatga erishishda iqtidor muhim, lekin u yagona omil emas. Mijoz bilan muloqot qilish, va’daga vafo qilish, uning asl muammosini tushunish, vaqt va mablag‘ni to‘g‘ri hisoblash ham juda muhimdir.
Menga eng ko‘p ta’sir qilgan fikr quyidagicha: “Mijoz dizaynni emas, o‘z muammosining yechimini sotib oladi”. Chiroyli dizayn — vosita, asosiy maqsad esa mijozning muammosini hal qilishdir.
Odamlar o‘zlariga yoqadigan insonlar bilan ishlashni afzal bilishadi. Iqtidorlar teng bo‘lgan vaziyatda muloqot qobiliyati kuchliroq inson ustunlik qiladi. Hatto iqtidor jihatidan farq bo‘lsa ham, ko‘pincha yaxshi muloqot qila oladigan mutaxassisning imkoniyatlari yuqoriroq bo‘ladi.
Kitobning foydasini, avvalo, jamoaga xodim tanlash jarayonida ko‘rdik. Bugungi kunda Tasnif’ga dizayner ishga olayotganimizda nomzodning portfolioga mosligini ham, shaxsiy fazilatlarini ham inobatga olamiz. Bunda u o‘z ishini qanday tushuntirishi, tanqidni qanday qabul qilishi va belgilangan muddatlarga munosabati ahamiyatlidir. Faqat portfolio asosida ishga olingan va keyinchalik jamoani tark etgan mutaxassislarni eslasam, Jandaning fikrlari naqadar to‘g‘ri ekanini tushunaman.
Yana bir muhim natija yosh dizaynerlar bilan ishlashda ko‘rindi. Ularga birinchi kundanoq mijozlar bilan muloqot qilishni o‘rgatamiz. Ya’ni, nafaqat Photoshop yoki boshqa dasturlardan foydalanishni, balki kasbning mijoz bilan ishlashga oid jihatlarini ham o‘rgatishga e’tibor qaratyapmiz.
Ushbu kitobni dizayn, video va animatsiya sohalarida faoliyatini endigina boshlayotgan yoshlarga tavsiya qilaman. Shuningdek, u o‘z kreativ agentligini tashkil etmoqchi bo‘lganlar uchun ham foydali. Chunki kitobda agentlik faoliyatining ko‘zga tashlanmaydigan jihatlari — narx belgilash, shartnomalar tuzish, jamoani boshqarish va mijozlarni yo‘qotish kabi masalalar yoritilgan.

“Yoz, qisqartir”, Maksim Ilyaxov, Lyudmila Saricheva
Yuqorida aytganimdek, taqdimot matnlari bilan bog‘liq muammolar meni ushbu kitobni o‘qishga undagan. Qizig‘i, jurnalistika sohasida ishlaganim uchun yozishni yaxshi bilaman, deb o‘ylardim. Biroq kitobni mutolaa qilgach, o‘z matnlarimda ham ortiqcha so‘zlarni ko‘p ishlatishimni angladim.
Mualliflar bunday yondashuvni “informatsion uslub” deb ataydi. Uning mohiyati matndan o‘quvchiga hech qanday yangi ma’no bermaydigan iboralarni olib tashlash, ortiqcha sifatlar, qolipga aylangan jumlalar va “shuni ta’kidlash joizki” kabi keraksiz ifodalardan voz kechishdan iborat. Biroq kitobning asosiy g‘oyasi shunchaki matnni qisqartirish emas, balki uni o‘quvchi uchun tushunarli va qulay qilishdir.
Har bir jumlani yozishda o‘zingizga bitta savol berishingiz kerak: bu ma’lumot o‘quvchi uchun qanchalik zarur yoki faqat muallifning o‘zi uchun muhimmi? Men uchun kitobdagi eng asosiy xulosa — “Matn muallif uchun emas, o‘quvchi uchun yoziladi”. Bu tamoyil dizaynda ham amal qiladi: slayd dizayner uchun emas, uni tomosha qilayotgan inson uchun tayyorlanadi.
Kitobdagi tamoyillarni ishimizning bir nechta yo‘nalishida qo‘llay boshladik:
- Birinchidan, agentligimizda taqdimot tayyorlash jarayoni endi matnni tahrirlashdan boshlanadi. Mijoz taqdim etgan matn hajmini o‘rtacha ikki baravar qisqartiramiz, shundan keyingina dizaynga o‘tamiz. Dastlab mijozlar bunga qarshilik bildirishi mumkin, ammo yakuniy natijani ko‘rgach, odatda, yondashuvimizga rozi bo‘lishadi.
- Ikkinchidan, bu tamoyil podkastlarimizda ham asqotadi. Lolazor va Bemalol uchun suhbat mavzulari va savollarini tayyorlashda ortiqcha so‘zlardan voz kechish suhbatning tabiiyroq va mazmunliroq chiqishiga yordam beradi.
- Uchinchidan, Savdo-sanoat palatasi kengashiga tayyorlaydigan takliflarimda ham ushbu bilimlardan foydalanaman. Rasmiy hujjatlarni ham sodda va tushunarli tilda yozish mumkinligini angladim. Eng muhimi, bunday yondashuv amalda ham samara beradi.
Bu kitobni keng doiradagi o‘quvchilarga tavsiya qilaman, chunki deyarli har bir kasbda yozishga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, marketologlar, menejerlar, davlat idoralarida hujjat tayyorlaydigan mutaxassislar va o‘z brendini rivojlantirayotgan tadbirkorlar uchun foydali.
Kitob rus tilida yozilgan, ammo undagi tamoyillarni o‘zbek tilidagi matnlarga ham bemalol tatbiq etish mumkin. Masalan, rasmiy va reklama matnlarida “yuqori sifat”, “keng ko‘lamli” kabi qolip iboralar ko‘p uchraydi. Kitob esa matndagi bunday ortiqcha ifodalarni aniqlash va ulardan voz kechishga yordam beradi.

“The Design of Everyday Things”, Donald Norman
Bu kitob dizaynerlar uchun o‘qilishi shart bo‘lgan asarlardan biri hisoblanadi. Shunga qaramay, men uni ancha kech — agentlikka asos solganimdan keyin o‘qidim. Bunga ham taqdimotlar bilan bog‘liq muammo sabab bo‘ldi. Biz chiroyli slaydlar tayyorlardik, ammo tomoshabinlar ba’zan ulardagi asosiy raqam yoki g‘oyani ilg‘ashga qiynalardi. Shunda o‘zimga bir savol berdim: muammo tomoshabindami yoki dizaynimizdami?
Don Norman bu savolga oddiy javob beradi: muammo, avvalo, dizaynda. Agar inson eshikni qanday ochishni tushunmasa, bu uning aqli yoki qobiliyati bilan bog‘liq emas, balki eshik noto‘g‘ri loyihalashtirilganidan dalolat beradi. Kitobda foydalanish imkoniyati (affordance), ko‘rsatkichlar (signifier) va qayta aloqa (feedback) kabi tushunchalar yoritilgan. Ammo menga eng ko‘p ta’sir qilgan xulosa shuki: yaxshi dizayn undan qanday foydalanishni alohida tushuntirishni talab qilmasligi kerak. Agar foydalanuvchiga qo‘shimcha izoh kerak bo‘lsa, demak, dizaynda nimadir noto‘g‘ri.
Bu tamoyil bugun agentligimizdagi ish jarayonlaridan ham o‘rin olgan. Har bir slaydni “uch soniya” sinovidan o‘tkazamiz: tomoshabin slaydga qaragan dastlabki uch soniyada, barcha matnni o‘qib chiqmasdan turib, uning asosiy mazmunini anglay olishi kerak. Aks holda, dizaynni qayta ko‘rib chiqamiz.
Kitob menga nafaqat kasbiy faoliyatimda, balki kundalik hayotda ham atrofdagi narsalarga boshqacha qarashni o‘rgatdi. Endi shahar ko‘chalari, davlat xizmatlari anketalari, kommunal to‘lov cheklari va boshqa kundalik buyumlarni ham dizayn nuqtayi nazaridan tahlil qilaman. Podkastlarda atrofimizdagi buyumlar va xizmatlar nima uchun aynan shunday loyihalashtirilgani haqida tez-tez gapirishim ham shu kitob ta’siri bilan bog‘liq.
Kitobni, avvalo, dizaynerlarga tavsiya qilaman. Biroq uning foydasi bu soha vakillari bilangina cheklanmaydi. U mahsulot yaratayotgan tadbirkorlar, mobil ilovalar ishlab chiquvchilar, shuningdek, fuqarolar uchun xizmatlar, blankalar, yo‘riqnomalar va ko‘rsatmalar tayyorlaydigan davlat idoralari xodimlari uchun ham muhim. Chunki ko‘pincha “fuqaro tushunmadi” degan xulosaga kelish oson. Kitob esa vaziyatga boshqa tomondan qarashga undaydi: “Balki biz buni tushunarsiz qilib loyihalashtirgandirmiz?”

“Thinking, Fast and Slow”, Daniel Kahneman
Beshta kitob orasida men uchun eng murakkabi, shubhasiz, shu. Uni birinchi marta o‘qishni boshlaganimda, yarmiga ham yetmay, to‘xtatib qo‘ygandim. Ikkinchi marta qayta o‘qishga kirishganimda esa nima uchun bu kitobga murojaat qilganimni aniq tushundim.
O‘sha davrda loyihalarimizni tez-tez kechiktirardik. Har safar keyingi loyiha boshqacha bo‘lishiga, bu gal muddatga ulgurishimizga ishonardik, ammo vaziyat takrorlanaverardi. Nega aqlli va tajribali insonlar ham bir xil xatolarni qayta-qayta takrorlashini tushunmoqchi edim. Kitob muallifi Deniel Kaneman — psixolog, iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori. “Thinking, Fast and Slow"da olimning qariyb 40 yillik tadqiqotlari asosida inson tafakkuri va qaror qabul qilish jarayonlari tahlil qilingan.
Kaneman inson tafakkurini ikki tizim orqali tushuntiradi. Birinchi tizim tez, avtomatik va intuitiv ishlaydi. Ikkinchi tizim esa sekinroq, mantiqiy tahlilga asoslanadi va ko‘proq aqliy kuch talab qiladi. Kundalik qarorlarimizning aksariyati birinchi tizim ta’sirida shakllanadi, ikkinchi tizim esa ularni tahlil qilish va tekshirishda ishtirok etadi.
Kitobda inson tafakkuriga xos o‘nlab xatoliklar tahlil qilingan. Ulardan ikkitasi mening ish faoliyatimga bevosita taalluqli bo‘ldi.
Birinchisi — “rejalashtirish xatosi”. Insonlar biror ishni bajarish uchun qancha vaqt ketishini ko‘pincha kam baholaydi. Hatto avvalgi tajribasi ish rejalashtirilganidan uzoqroq vaqt olganini ko‘rsatgan taqdirda ham, keyingi safar uni tezroq yakunlashiga ishonadi.
Ikkinchisi — mavjud ma’lumot bilan cheklanish xatosi. Bunda inson o‘zida bor ma’lumotlar asosida vaziyat haqida yaxlit tasavvur hosil qiladi va bilmayotgan yoki e’tibordan chetda qolgan jihatlar ham mavjudligini unutadi.
“Biz o‘zimizga bo‘lgan ishonchni bilimimizga qarab emas, hikoyamizning qanchalik ravon va ishonchli ekaniga qarab baholaymiz”.
Kitobdagi eng amaliy xulosalardan biri loyiha muddatlarini belgilashga taalluqli. Endi ishning qancha vaqt olishini faqat jamoa a’zolarining taxminlariga asoslanib belgilamaymiz. Buning o‘rniga, avvalgi o‘xshash loyihalar qancha vaqt olganini tahlil qilamiz va kutilmagan holatlar uchun qo‘shimcha vaqt ajratamiz. Oddiy ko‘ringan bu yondashuv loyihalardagi kechikishlarni sezilarli darajada kamaytirishga yordam berdi.
Yana bir o‘zgarish xodimlarni ishga qabul qilish jarayonida yuz berdi. Endi suhbatdan chiqqan kunimning o‘zida nomzod bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilmayman. Kamida bir kun kutaman. Chunki dastlabki taassurotimiz ko‘pincha tezkor va intuitiv fikrlash ta’sirida shakllanadi. Biroz vaqt o‘tgach, nomzodni xolisroq baholash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Kitobdagi yana bir tamoyil kengashda qonun loyihalarini ko‘rib chiqish jarayonida asqatadi. Bunday vaziyatlarda o‘zimga doimo bir savol beraman: “Bu hujjatda nima e’tibordan chetda qolgan? Men nimani ko‘rmayapman?”. Bu savollar masalaga faqat taqdim etilgan ma’lumotlar nuqtayi nazaridan emas, boshqa ehtimoliy jihatlarni ham hisobga olgan holda qarashga yordam beradi.
Kitobni insonlar va jarayonlar haqida muhim qarorlar qabul qiladigan mutaxassislarga tavsiya qilaman. Ayniqsa, rahbarlar, investorlar, marketologlar va mas’uliyatli qarorlar qabul qiladigan davlat xizmatchilari uchun foydali.
Biroq bir narsani oldindan aytish kerak: bu kitobni shoshilmasdan o‘qish lozim. Uni bir oyda tugatish ham oson emas. Mutolaa davomida, hatto kitobni o‘qib bo‘lganingizdan keyin ham, o‘z qarorlaringiz va ularga asos bo‘lgan fikrlash tarzingizni qayta ko‘rib chiqasiz. Menimcha, kitobning eng katta foydalaridan biri ham shunda.

Ko‘p kitob o‘qish emas, o‘qiganlaringizni amalda qo‘llash muhim
Birinchi maslahat — kitoblar ro‘yxatidan emas, o‘zingizdagi muammodan boshlang. “Yiliga 50 ta kitob o‘qiyman” degan maqsad ko‘pincha yanvar oyidayoq unutiladi. Ammo “mijoz bilan narx masalasida qanday gaplashishni bilmayman, shu haqda kitob o‘qiyman” degan maqsad ancha samarali. Chunki bu holda mutolaaning har bir sahifasi muayyan muammoni hal qilishga xizmat qiladi.
Ikkinchisi, yoqmagan kitobni oxirigacha o‘qishga o‘zingizni majburlamang. Har qanday asarni tugatish shart emas. Agar 50 sahifadan keyin ham undan o‘zingiz uchun foydali narsa topa olmasangiz, bir chetga surib qo‘ying. Balki muammo kitobda emasdir, shunchaki uni o‘qish uchun hali vaqti kelmagandir. Masalan, Kanemanning kitobini men ham ikkinchi urinishda tugatganman. Birinchi safar uni tushunish va qabul qilish uchun hali tayyor emasdim.
Uchinchisi, kitobni qalam bilan o‘qing. Muhim fikrlarni belgilang, kerakli joylariga qaydlar yozing. Mutolaani tugatgach, o‘zingizga bitta savol bering: “Bu kitobdan olgan bilimlarim asosida ertaga nimani o‘zgartira olaman?”. Javobingiz bo‘lsa, uni amalda sinab ko‘ring. Hozircha aniq javob topa olmasangiz, bu kitob sizga kerakli bilimni bermadi degani emas. Balki uning g‘oyalari keyinroq asqotar.
Faoliyatini endi boshlayotgan yosh mutaxassis yoki tadbirkorga faqat bitta kitob tavsiya qilish imkoniyati bo‘lsa, men “Yoz, qisqartir"ni tanlagan bo‘lardim. Uni dizaynerga ham, tadbirkorga ham tavsiya qilaman. Chunki yosh va tajribali mutaxassis o‘rtasidagi farq ko‘pincha bilim miqdorida emas, balki o‘z fikrini boshqalarga qanchalik aniq yetkaza olishida namoyon bo‘ladi.
Inson kasbiy faoliyatida doim nimadir yozadi: mijozga xabar yuboradi, rahbariga hisobot tayyorlaydi, investorga taklif kiritadi yoki ijtimoiy tarmoqlar uchun matn yozadi. Bunday yozishmalarning har biri muallif haqida muayyan taassurot uyg‘otadi. Fikrlaringizni qanchalik aniq va tushunarli ifodalasangiz, boshqalarga ham shunchalik ishonchli ko‘rinasiz.
Aslida, bu kitob nafaqat to‘g‘ri yozishni, balki aniq fikrlashni ham o‘rgatadi. Ortiqcha so‘zlarni olib tashlaganingizda, matn ortidagi asosiy fikr ham ravshanlashadi. Yosh mutaxassis uchun bu o‘z ustida ishlash va kasbiy rivojlanishning eng sodda, shu bilan birga samarali usullaridan biri. Qolgan to‘rtta kitobni esa keyinroq o‘qishga ulgurishingiz mumkin.