Madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillariga birlamchi uy-joy bozoridan kvartira sotib olish uchun ipoteka subsidiyasi ajratiladi. Buning uchun kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lish talab etiladi.

Hukumatning 11-noyabrdagi qarori (618-son) bilan ushbu subsidiyalarni ajratish tartibi tasdiqlandi. Ular Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari doirasida beriladi.

Subsidiya ariza beruvchining asosiy ish joyi joylashgan hududda qurilgan kvartirani sotib olishga yo‘naltiriladi. Buning uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali murojaat qilish mumkin.

Ariza beruvchining talablarga muvofiqligi axborot tizimlari orqali avtomatik tekshiriladi. Jumladan, uning va turmush o‘rtog‘ining birgalikdagi daromadi, so‘nggi ikki yil davomida respublikaning hech bir hududida mulk huquqi asosida turar joyga ega bo‘lmagani hamda madaniyat, san’at va adabiyot sohasida kamida uch yillik ish staji borligi baholanadi.

Shuningdek, tegishli faoliyat bilan shug‘ullanish uchun so‘nggi uch yilda litsenziyaga ega bo‘lgani ham tekshiriladi.

Subsidiya bir oilaga faqat bir marta ajratiladi. Uni olish haqida xabarnoma olgan talabgor kvartira sotib olish uchun qurilish tashkiloti yoki developer bilan shartnoma tuzadi.

Boshlang‘ich badalning bir qismini qoplash uchun ajratilgan subsidiyadan 30 kun ichida foydalanilmasa, bank mablag‘ni respublika budjetiga qaytaradi.

Joriy yilning iyun oyida prezidentning madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan uchrashuvida madaniyat, san’at vakillari, muzey xodimi va rassomlarga uy-joy olish uchun ipoteka kreditining dastlabki to‘lovining yarmi qoplab berilishi ma’lum qilingandi.

Avvalroq Spot mahalliy maishiy texnika xaridi uchun yillik 18% stavkada kredit ajratish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.