Insayder Ice Universe ma’lumotlariga ko‘ra, Samsung ekrani yuqoriga surilib, displey balandligini kengaytirish imkonini beruvchi bukiluvchan smartfon ustida ishlamoqda.
Bu haqda Android Authority texnologik nashri insayderning X ijtimoiy tarmog‘idagi postiga tayanib yozdi. Hozircha bu rasmiy e’lon emas, balki taxminiy ma’lumot hisoblanadi.
Insayderning ta’kidlashicha, ekran tomonlari nisbati 16:9 dan 21:9 gacha o‘zgarishi mumkin va foydalanuvchi displeyning vertikal yo‘nalishida qo‘shimcha maydonga ega bo‘ladi.
Bunda bukiluvchan ekran korpusning ikki qismini ochish orqali emas, balki yuqoriga surilish hisobiga foydalanish mumkin bo‘lgan displey maydonini kengaytiradi. Bu jihati bilan u odatiy bukiladigan smartfonlardan farq qiladi.
https://twitter.com/UniverseIce/status/2120344432453292098?s=20
Nashr, shuningdek, Samsung kompaniyasining vertikal yo‘nalishda kengayadigan ekranli elektron qurilmaga oid patent arizasini ham eslatib o‘tgan.
Hujjatda shunga o‘xshash konstruksiya tasvirlangan. Biroq patentning mavjudligi kompaniya bunday qurilmani seriyali ishlab chiqarishga tayyorlayotganini yoki uning yakuniy texnik xususiyatlarini tasdiqlamaydi.


Yuqoriga surilib kengayadigan ekranli smartfonlar haqidagi mish-mishlar qariyb o‘n yildan beri paydo bo‘lib keladi. Bu vaqt davomida kompaniyalar bunday qurilmalarning ishlaydigan prototiplarini ham namoyish etgan.
Nashrda keltirilgan avvalgi xabarlarga ko‘ra, Samsung bunday smartfonning tijoriy versiyasini 2028-yilda taqdim etishi mumkin. Biroq bu muddat hozircha taxmin bo‘lib, qurilmaning chiqarilish sanasi rasman tasdiqlanmagan.
Avvalroq Spot Samsung smartfon ishlab chiqarishni qariyb 30% ga qisqartirishi mumkinligi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, xotira chiplarining qimmatlashishi sabab kompaniya mobil bo‘linmasi smartfonlar savdosidan foyda olmayapti.

