Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi ko‘p qavatli uy tomidan suv o‘tayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.
11-noyabr kuni “Bor gap!” Telegram kanali Kichik Beshyog‘och ko‘chasida Better Best kompaniyasi qurgan 17 qavatli turar joy majmuasidan bir nechta video e’lon qildi. Videolardan birida bir ayol tomdagi qurilmalar buzilgani, yuqori qavatlardagi xonadonlarni suv bosgani va liftlardan biri ishdan chiqqanidan shikoyat qilgan.
“Bilsam, tomni butunlay buzib tashlashibdi… Tom yo‘q. Shu sababli butun xonadonimni suv bosdi”, — dedi video muallifi.
Inspeksiya ma’lumotiga ko‘ra, avvalroq o‘tkazilgan tekshiruvda bino tomida o‘zboshimcha terrasa qurilgani aniqlangan. Ishlar Alaniya Stroy Servis kompaniyasi buyurtmasi bilan bajarilgan.



Tekshiruv natijasida inspeksiya xodimlari noqonuniy qurilmani buzishni buyurgan. Biroq uni buzish paytida poytaxtda yomg‘ir yog‘ib, suv uyning 17-qavatidagi podyezdga oqib tushgan.
“Hozirda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda”, — deyiladi idora xabarida.
O‘zboshimcha qurilgan terrasani buzish ishlari yakunlangan, quruvchilar tomni yopishga kirishgan. Inspeksiya bino hali rasman foydalanishga topshirilmaganini ta’kidladi.
Avvalroq Spot Toshkentda quruvchiga ekologik zarari uchun qariyb 6 mlrd so‘m kompensatsiya hisoblangani haqida yozgan edi.


