Tailand 2027-yilning o‘rtalaridan boshlab mamlakatga keladigan xorijiy sayyohlardan 450 bat (taxminan $13,5) miqdorida turistik yig‘im undirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Tailandning Turizm va sport vazirligi ma’lumotlariga tayanib, Thailand News xabar berdi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, to‘lovni undirish 2027-yil iyun yoki iyul oylaridan boshlanishi mumkin. Yig‘im faqat mamlakatga havo transporti orqali keladigan xorijiy sayyohlarga tatbiq etiladi. Quruqlik va dengiz orqali kiruvchilardan to‘lov undirish keyingi bosqichda yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Avvalroq hukumat 2027-yilning birinchi choragidan yig‘im undirishni boshlashni rejalashtirgan edi. Biroq tegishli hujjat tasdiqlanib, Qirollik rasmiy gazetasida e’lon qilinganidan keyin 180 kunlik o‘tish davri talab etilishi sababli muddat kechiktirilmoqda.
Vazirlik taklifiga ko‘ra, yig‘im miqdori sayyohning mamlakatga qaysi transport vositasida kelishidan qat’i nazar, bir kishi uchun 450 bat etib belgilangan.
Bu avvalgi taklifdan farq qiladi: unda havo transporti orqali keluvchilar uchun 300 bat (qariyb $9), quruqlik va dengiz orqali keluvchilar uchun 150 bat (taxminan $4,44) undirish ko‘zda tutilgan edi.
Loyihada quyidagi toifadagi shaxslarni yig‘imdan ozod qilish nazarda tutilgan:
- diplomatik va xizmat pasporti egalari;
- Tailandda ishlash uchun ruxsatnomaga ega xorijliklar;
- tranzit yo‘lovchilar;
- chegara hududlari uchun maxsus ruxsatnomaga ega shaxslar;
- ekipaj a’zolari;
- ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar.
Biroq imtiyozlar ro‘yxati hali qayta ko‘rib chiqilmoqda va yakuniy tasdiqlanmagan.
Vazirlik yig‘imni aviabilet narxiga qo‘shish variantini ko‘rib chiqmoqda. Bundan tashqari, rasmiy sayt, mobil ilova, aeroport va chegara punktlaridagi maxsus terminallar orqali to‘lash imkoniyati ham muhokama qilinmoqda.
Quruqlik orqali tez-tez chegaradan o‘tadigan sayyohlar uchun alohida tartib ishlab chiqilishi mumkin. Masalan, bir oylik sug‘urta qoplamasi doirasida bir necha marta kirib-chiqish uchun faqat bir marta to‘lov qilish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Turistik yig‘imdan tushadigan mablag‘lar maxsus turizmni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Ular xorijiy sayyohlarni sug‘urtalash, turistik maskanlarni ta’mirlash, infratuzilmani yaxshilash, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini rivojlantirish, mahalliy kadrlarni tayyorlash hamda sohaga oid tadqiqot va loyihalarni moliyalashtirishga sarflanadi.
Vazirlikning hisob-kitoblariga ko‘ra, yig‘im mamlakat turizm infratuzilmasini davlat budjetiga ortiqcha yuk tushirmasdan rivojlantirishga yordam beradi.
Taklif hali yakuniy tasdiqlanmagan va 12-noyabr kuni Milliy turizm siyosati qo‘mitasida loyiha qayta ko‘rib chiqilishi, shundan so‘ng hukumatga tasdiqlash uchun kiritilishi rejalashtirilgan.
Vazirlik o‘tkazgan jamoatchilik muhokamasida qatnashganlarning 80,5% i turistik yig‘im joriy etilishini, 78,3% i esa 450 bat miqdoridagi to‘lovni qo‘llab-quvvatlagan.
Avvalroq Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston va Tailand vizasiz rejim to‘g‘risidagi bitimni imzolashga tayyorlanayotgani haqida xabar bergandi.