Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasi (COP31) Jahon yetakchilari sammitida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda davlat rahbari Markaziy Osiyoda iqlim integratsiyasi modelini rivojlantirish tashabbusini ilgari surdi.

Davlat rahbari mintaqada muzliklarning erishi, suv tanqisligi va qurg‘oqchilik kabi xavflar kuchayib borayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, bu muammolarni hal qilish uchun mintaqa davlatlarining birgalikdagi harakatlari zarur.

Tashabbus doirasida hamkorlikni uchta yo‘nalishda yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Birinchisi, Jahon meteorologiya tashkiloti ko‘magida iqlim xavf-xatarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar almashinuvi infratuzilmasini yaratish.

Ikkinchisi, “Eco Expo” ko‘rgazmasini mintaqaga mos ekologik yechimlar taqdim etadigan doimiy investitsiya va texnologiyalar maydoniga aylantirish.

Uchinchisi, taraqqiyot banklari va maqsadli jamg‘armalar bilan hamkorlikda imtiyozli grantlar, shuningdek, “moviy” va “arid” moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston uglerod chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan gaz chiqindilarini 35% ga qisqartirish maqsadini muddatidan oldin bajarganini ma’lum qildi. 2035-yilga qadar bu ko‘rsatkichni 50% ga yetkazish rejalashtirilgan.

Prezident sammit ishtirokchilarini iqlim integratsiyasi modelini amaliy mazmun bilan boyitishga va uni boshqa mintaqalarda ham qo‘llashga chaqirdi.


Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyodagi muhim minerallar zaxiralarining yagona raqamli xaritasini yaratishni taklif qilgandi.