Markaziy bank oktabr oyida bir qator bank va mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xususan, 6 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan sanksiyalar prudensial normativlar va qonunchilik talablariga rioya etilmagani hamda inspeksiya tekshiruvlarida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun qo‘llandi.

Yana 1 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanishi haqida ogohlantirildi.

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi oktabrda 6 ta yig‘ilish o‘tkazib, 43 ta masalani ko‘rib chiqdi. Shundan 23 tasi ro‘yxatga olish va ruxsat berish bilan bog‘liq. Jumladan:

  • kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgarishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish;
  • auditorlik malaka sertifikatlarini berish;
  • mikromoliya tashkilotlarini hisobga qo‘yish va to‘lov tashkilotiga litsenziya berish;
  • kredit tashkilotlari ustav fondidagi ulushga egalik qilishga ruxsat berish;
  • tijorat banklarining kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqish.

Qolgan 20 ta masala kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid bo‘lgan. Unda prudensial me’yorlarga rioya etilishi, inspeksiya tekshiruvlari natijalari hamda moliyaviy xizmatlarni “tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Avvalroq Spot murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega 10 ta bank ma’lum qilingani haqida yozgan edi.