NavAI startapi g‘oyasi 2024-yilda Sardor Davlatov va Qilichbek Haydarovning izlanishlari asosida paydo bo‘lgan. Ular biznes jarayonlariga sun’iy intellektni inson omilini saqlagan holda integratsiya qilish imkoniyatlarini o‘rgangan. Loyiha tashabbuskorlari inson mehnatini talab qiladigan ayrim jarayonlarni SI yordamida avtomatlashtirish orqali bizneslar uchun yangi imkoniyatlar yaratish mumkinligini ko‘rib, shu yo‘nalishda loyiha ustida ishlashga kirishgan.

Bugun NavAI — bizneslar uchun sun’iy intellekt asosida ishlaydigan ovozli agentlarni yaratish imkonini beruvchi platforma. Oddiy qilib aytganda, ushbu agentlar qo‘ng‘iroqlarga javob berish, mijozlarga ma’lumot taqdim etish va ayrim jarayonlarni avtomatlashtirish kabi vazifalarni bajaradi.

Loyiha deyarli boshlang‘ich mablag‘siz ishga tushirilgan. Dastlab jamoa g‘oyani sinab ko‘rish uchun prototip yaratgan, keyinchalik bu loyiha Sarmo Ventures e’tiborini tortib, rivojlantirish uchun $20 ming investitsiya jalb qilingan.

Spot NavAI hammuassisi Sardor Davlatov bilan suhbatlashib, loyihaning qanday paydo bo‘lgani, uni 0 so‘mdan boshlash, dastlabki mijozlarni topish, $150 ming miqdoridagi grant va investitsiyalarni jalb qilish hamda o‘zbek tilidagi SI agentlarni rivojlantirish tajribasi haqida gaplashdi.

Intervyuning to‘liq versiyasi video shaklda taqdim etilgan:


Amerikaga qilingan qo‘ng‘iroqdan tug‘ilgan g‘oya

2024-yilda loyihamiz g‘oyasi paydo bo‘lishiga Amerikadagi bir voqea sabab bo‘lgan. AQShda yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib ishlaydigan do‘stim haydovchilik guvohnomasini yangilashi kerak edi. U yerda buning uchun avval tashkilotga qo‘ng‘iroq qilib, onlayn ro‘yxatdan o‘tish hamda boradigan kunni belgilash lozim. Do‘stim ingliz tilini yaxshi bilmagani uchun buni uning o‘rniga qilib berishimni iltimos qildi.

Kaliforniyadagi o‘sha tashkilotga telefon qilib, hamma narsani kelishib, sanani belgiladik. Suhbat yakunida kutilmaganda: “Siz bilan sun’iy intellekt Joe gaplashdi, uning xizmatini baholang”, degan ovoz keldi. Men oddiy inson bilan gaplashdim deb o‘ylagandim.

Ushbu voqeadan so‘ng o‘ylana boshladim. Xuddi shu tizimni o‘zbek tilida va mahalliy bozorda qo‘llasak qanday bo‘lar ekan, degan savol tug‘ildi. Chunki, bozorda mijozlarga xizmat ko‘rsatish ahvoli qoniqarli emasdi — inson omili sabab kompaniyalar operatorlar sonini qancha ko‘paytirmasin, mijozlar oqimi ham shunga mutanosib o‘sib boraverardi.

O‘zimda, biror kichik masala bo‘yicha call-markazga tushish uchun liniyada 40 daqiqa, ba’zan bir soatdan ortiq kutib qolgan vaziyatlarim bo‘lgan. Ular esa masalani bor-yo‘g‘i 30 soniya yoki 1 daqiqada hal qilishardi. Bu yo‘nalishda katta imkoniyat va bozor borligini ko‘rdik. Shunday qilib, NavAI startapi ustida ishlay boshladik.

Loyihani pulsiz ham boshlasa bo‘ladimi?

Birinchi MVP’imiz nol so‘mga tushgan. Prototipni yaratish to‘liqlicha sherigim Qilichbekning zimmasida bo‘lib, u faqat o‘z vaqtini sarfladi. Tayyor bo‘lgan prototipni darhol biznes egalariga olib borib ko‘rsatdik. Mahsulot ularga ma’qul keldi va uni o‘z biznes jarayonlariga joriy etishga rozi bo‘lishdi.

Dastlabki deyarli 6 oy vaqtimiz shunchaki ma’lumot yig‘ish, ularni taqsimlash, labeling bilan o‘tdi. Biz yangi Amerika ochganimiz yo‘q — tayyor katta til modellariga shunchaki eshitish va gapirish funksiyasini qo‘shdik, xolos. Ya’ni foydalanuvchiga matnni klaviatura orqali emas, og‘zaki kiritish va javobni ham ovozli shaklda olish imkoniyatini yaratdik.

navai, qilichbek haydarov, sardor davlatov, startap, sun’iy intellekt

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

Ish jarayonidagi eng katta muammo talaffuz va shevalar bo‘ldi. Dastlab nutqni tanib olish tizimimiz ham, katta til modellari ham o‘zbekcha dialektlarni umuman tushunmasdi. Bu borada uzluksiz ish olib bordik. Vaqt o‘tib, ma’lumotlar bazamiz boyigani sari modelimiz turli lahjalarni bemalol tushunadigan darajaga yetdi.

Hozirda sun’iy intellektimiz o‘zbek tilini juda yaxshi tushunadi. U berilgan savollarga bemalol javob berib, foydalanuvchi xohishiga ko‘ra muloqot qila oladi. Albatta, hali hal etilishi kerak bo‘lgan masalalar ham yo‘q emas. Masalan, shovqinli muhitda yoki odamlar tushunarsiz va chala gapirganda so‘zlarni ilg‘ab olishda biroz qiyinchiliklar uchramoqda. Hozirda aynan shu ustida ishlayapmiz.

Investorlar startapda e’tibor beradigan jihatlar

Ko‘pchilik loyihaga qanday qilib grant va investitsiya jalb qilganimiz haqida so‘rashadi. Dastlab President Tech Award tanlovida ishtirok etib, $50 ming grant yutib olganmiz. Keyinchalik esa venchur fondlardan investitsiya jalb qilishga kirishdik.

Eng birinchi bo‘lib Sarmo Ventures kompaniyasi loyihamizga $20 ming miqdorida venchur investitsiya kiritdi. Oxirgi moliyalashtirish bosqichida esa Yoshlar Ventures tomonidan $80 ming miqdorida investitsiya jalb qildik.

Mablag‘larning asosiy qismini jamoani kengaytirishga hamda mahsulotni texnik jihatdan rivojlantirishga yo‘naltirmoqdamiz. Google yoki OpenAI kabi Big Tech gigantlari ovozli SI agentlar bo‘yicha bizdan ancha o‘zib ketgan bo‘lishi mumkin.

Lekin ularning e’tiboridan chetda qolayotgan muhim bir yo‘nalish bor bu kam resursli tillar. Yirik kompaniyalar bunday tillarga unchalik katta e’tibor qaratishmaydi. Shuning uchun ham biz NavAI’ni o‘zbek tilida boshladik. Rejamiz yaqin orada Qirg‘iziston va Tojikiston, keyinchalik esa Arab ko‘rfazi davlatlari bozoriga kirib borish hamda xuddi shunday kam resursli tillarda ovozli SI yechimlarini rivojlantirishdir.

Tajribamizdan kelib chiqib aytishim mumkinki, investorlar startapga pul kiritishda asosan uchta narsaga e’tibor qaratishadi:

  • Jamoa. Mahsulotni kim va qanday darajada quryapti? Jamoaning avvalgi tajribasi bormi?
  • Mahsulot. Bu yechim bozorchilar uchun qay darajada zarur?
  • Bozor va o‘sish imkoniyati. Loyiha ushbu bozorda qanchalik tez va qaysi ko‘lamgacha kengaya oladi?

Kuchli jamoa qanday shakllanadi?

Hozirda jamoamizda 10 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritmoqda. Ularning teng yarmi masofadan, qolganlari esa ofisda ishlashadi.

Kerakli, tajribali mutaxassislarni topish bugungi kunda ham juda qiyin. Chunki kuchli va tajribali kadrlarning aksariyati allaqachon yirik kompaniyalarda ishlaydi, o‘z startapini yo‘lga qo‘ygan yoki shaxsiy biznesi bilan band.

navai, qilichbek haydarov, sardor davlatov, startap, sun’iy intellekt

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

Shu sababli, ishga qabul qilishda men uchun eng muhim fazilat — muammoni ko‘ra bilish va unga mustaqil yechim topa olish. Inson texnik jihatdan juda kuchli bo‘lishi mumkin, lekin shunchaki tepadan topshiriq kelishini kutib o‘tirsa, undan naf kam.

Shu bilan birga, har qancha bilimi kuchli bo‘lsa ham, o‘ta manman insonlarni jamoaga qabul qilmagan bo‘lardim. Tajribamizda o‘z mahoratiga haddan tashqari bino qo‘ygan xodimlar bo‘lgan. Ular qanchalik kuchli mutaxassis bo‘lishmasin, jamoa bilan kelisha olishmadi va muloqotda jiddiy muammolar keltirib chiqarishdi.

Yakunda bunday kadrlar bilan xayrlashishga majbur bo‘ldik. Biz uchun jamoaviy muhit va to‘g‘ri muloqot qobiliyati texnik ko‘nikmalardan kam ahamiyatga ega emas.

Startap boshlamoqchi bo‘lganlarga 3 ta tavsiya

Agar kimdir: “Hamma startap qilyapti, hamma SIga investitsiya jalb qilyapti”, — deb shunchaki modaga ergashib loyiha boshlasa, bu katta ehtimol bilan muvaffaqiyatsizlikka olib keladi. Faqatgina hayp ortidan yaratilgan startap uzoq muddatda o‘zini oqlamaydi.

Avvalo, inson izlanuvchan bo‘lishi, bozordagi real va dolzarb muammoni ko‘ra bilishi hamda unga maqbul yechim topa olishi kerak. Asosiy maqsad texnologiyaning o‘zi emas, balki muammoni hal qilish bo‘lishi lozim.

Topilgan yechim asosida dastlab kichik dasturiy mahsulot yaratib, uni mijozlarga taklif qilib ko‘rish kerak. Agar bozor bu yechimni qabul qilsa va unga real talab mavjudligi tasdiqlansa, shundan keyingina loyihani kengaytirib, uni to‘laqonli startap sifatida rivojlantirish maqsadga muvofiq.