Tesla kompaniyasi Cybertruck elektromobil pikapini ishlab chiqarishni to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniyaning eng yirik aksiyadori Ilon Mask ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Texasdagi Gigafactory zavodida Cybertruck ishlab chiqarish 2027-yil o‘rtalarida to‘xtatiladi.

Avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘shaydigan ishlab chiqarish quvvatlarini Cybercab haydovchisiz taksisini ishlab chiqarishga yo‘naltiradi.

“Cybertruck texnologiyalarni rivojlantirish uchun ajoyib platformaga aylandi va endilikda Cybercab loyihasida o‘z hayotini davom ettiradi”, — deya ta’kidladi pikapning yetakchi muhandisi Ues Morrill.

Tesla Cybertruck prototipini 2019-yil kuzida taqdim etgan. Mask avtomobil 2021-yilda sotuvga chiqarilishini va’da qilgan, biroq keyinchalik muddat ikki yilga surilgan.

2022-yil boshida esa avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya seriyali ishlab chiqarish boshlanishi noma’lum muddatga qoldirilganini e’lon qilgan.

2023-yil may oyida Mask Cybertruck seriyali ishlab chiqarilishi yil oxirigacha yo‘lga qo‘yilishini tasdiqladi. O‘sha yilning kuzida Tesla pikapni yetkazib berish boshlanadigan sanani e’lon qildi. Dastlabki buyurtmachilar 30-noyabr kuni avtomobillarini e’lon qilingan muddatda qabul qilib oldi.

Cybertruck sotuvga chiqarilayotgan vaqtda Ilon Mask yiliga 250 mingta pikap sotishni rejalashtirayotganini bildirgan edi. Biroq talab eng yuqori bo‘lgan 2024-yilda ham AQShda atigi 38 965 dona avtomobil sotilgan. Bu haqda Reuters Kelley Blue Book platformasi ma’lumotlariga tayanib yozmoqda.

2025-yilda elektromobil pikap savdosi deyarli ikki baravar kamaydi — kompaniya 20 237 dona avtomobil sotdi. Yirik xaridorlardan biri Maskga tegishli SpaceX kompaniyasi bo‘lib, u $131 mln lik pikap buyurtma qilgan.

AQSH regulyatorlari ma’lumotlariga ko‘ra, uch yil davomida kompaniya Cybertruck avtomobillarini jami 11 marta qaytarib olishga majbur bo‘lgan. O‘ziga xos dizayni va piyodalar xavfsizligi bilan bog‘liq xatarlar sababli avtomobil Yevropaga import qilishda muammolarga duch kelgan. AQShda esa elektr pikaplarga talab pastligicha qolmoqda.

2024-yil oktabr oyida Mask Cybercab haydovchisiz taksisi prototipini taqdim etgan va u sotuvga chiqarilganda narxi $30 mingdan past bo‘lishini va’da qilgan edi. Milliarderning ta’kidlashicha, uning ommaviy ishlab chiqarilishi 2027-yilda boshlanishi kerak.


Avvalroq Spot Ilon Mask Tesla Roadster “uchuvchi” elektromobilini namoyish etgani haqida yozgandi.