Tesla yangi avlod Roadster elektromobilini namoyish etdi, deya xabar bermoqda The Verge nashri.

Taqdimotda avtomobil tik qiya yo‘lakka ko‘tarildi. Bunda uning tagiga o‘rnatilgan, SpaceX taqdim etgan maxsus modul mashinani rampaga so‘rib, sirpanib ketishidan saqlab turdi. Modul 2 g gacha so‘rish kuchini hosil qiladi. Rampaning yuqori qismida avtomobil undan uzilib, havoda aylanib, siqilgan gazda ishlaydigan dvigatellar yordamida yumshoq qo‘ndi.

Shundan so‘ng Roadster tramplinsiz boshqa Tesla modellari ustidan uchib o‘tdi. Parvoz vaqtida avtomobil bo‘ylama o‘qi atrofida 360 daraja aylandi. Kompaniyaning muhandislik bo‘yicha vitse-prezidenti Lars Moravi bu harakatni “kickflip” deb atadi.

Roadster bunday tryuklarni siqilgan havo tizimi yordamida bajardi. Avtomobilga umumiy hajmi 600 litr bo‘lgan, taxminan 250 kg havo sig‘diradigan o‘ta yuqori bosimli ballonlar va 10 ta soplo o‘rnatilgan.

Tizim mashinani havoga ko‘tarish va parvoz paytidagi harakatlarini boshqarish uchun zarur kuchni hosil qiladi. Ballonlar avtomobilning o‘zi tomonidan to‘ldiriladi.

Tesla ma’lumotiga ko‘ra, Roadster tashqi dizayni Amerikaning SR-71 va F-35 qiruvchi samolyotlaridan ilhomlangan. Electrek yozishicha, avtomobil dizayni 2017-yilda namoyish etilgan ilk prototipdan buyon sezilarli darajada o‘zgargan.

Salonida rul o‘rniga shturval, haydovchi oldida ikkita kichik displey va markaziy panelda sensorli ekran o‘rnatilgan. Ikkita o‘rindiq bevosita shassiga biriktirilgan va bir holatda mahkamlangan.

Taqdimotdan so‘ng Tesla Roadster’ning uchta versiyasi xususiyatlarini e’lon qildi:

  • Performance — ikki o‘rindiqli versiya bo‘lib, faol aerodinamik paket va avtomobilni yuzaga so‘rib turuvchi modul bilan jihozlangan. U 100 km/soat tezlikka 1,6 soniyadan kamroq vaqtda erishadi. Bir quvvatlanishda 480 km dan ortiq masofa bosib o‘tadi.
  • Thrust — ikki o‘rindiqli versiya. Uning orqa qismiga siqilgan havoni chiqaruvchi soplolar o‘rnatilgan. Bu 100 km/soat tezlikka erishish vaqtini taxminan 0,9 soniyagacha qisqartiradi. Ushbu versiya cheklangan miqdorda ishlab chiqariladi.
  • Rocket — avtomobilning butun perimetri bo‘ylab soplolar o‘rnatilgan bir o‘rindiqli versiya. Ular mashinaning yerdan ko‘tarilishi va havoda aylanishiga imkon beradi. Maksimal tezligi 370 km/soat dan oshadi, 100 km/soat tezlikka esa 0,6 soniyadan kamroq vaqtda erishadi. Model faqat taklifnoma asosida sotiladi va umumiy foydalanishdagi yo‘llarda harakatlanish uchun tasdiqlanmagan.

Tesla avtomobil uchun oldindan buyurtmalarni qabul qilishni boshladi. Xaridorlar $5000 miqdorida depozit to‘lashi kerak. Kompaniya bu mablag‘ to‘liq qaytarilishini bildirdi.

Yana $45 mingni 10 kun ichida to‘lash kerak, aks holda bron bekor qilinadi. Versiyalarning yakuniy narxlari hozircha e’lon qilinmagan.

Ilon Maskning aytishicha, ishlab chiqarish 2028-yilda boshlanishi rejalashtirilgan.

Tesla Roadster

U kompaniya 2006-yilda taqdim etgan sportkar. Uning seriyali ishlab chiqarilishi 2008-yilda boshlangan va avtomobil 2012-yilgacha ishlab chiqarilgan.

2017-yilda Tesla Roadster’ning yangilangan versiyasini taqdim etdi. O‘shanda kompaniya oldindan buyurtmalarni qabul qila boshlagan va ishlab chiqarishni 2020-yilda boshlashni va’da qilgan. Biroq ishlab chiqarish bir necha bor kechiktirilgan.

2023-yilda Ilon Mask elektromobil ishlab chiqarilishini 2024-yilda boshlash rejalashtirilayotganini bildirgan. 2025-yil noyabrida u Roadster taqdimotini 2026-yil 1-aprelga belgiladi. Keyinchalik tadbir aprel oyi oxiriga, so‘ng 10-oktabrga va nihoyat 15-oktabrga ko‘chirildi.


Avvalroq Spot Ilon Mask SpaceX va Tesla aksiyalari o‘sishi fonida yana dunyodagi yagona trillionerga aylangani haqida yozgandi.