Toshkent jamoat transportida yo‘l haqi oshiriladi
1-oktabrdan avtobus va metroda ATTO elektron to‘lov tizimi orqali bir martalik yo‘l haqi 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mgacha oshiriladi. Naqd to‘lovda yo‘l haqi o‘zgarishsiz — 3 000 so‘m bo‘lib qoladi.
Birinchi to‘lovdan keyin bir soat ichida boshqa avtobus yoki metroga o‘tilsa, yo‘l haqi 1 500 so‘mni tashkil etadi. Shu vaqt ichida avtobusga uchinchi va undan keyingi o‘tishlar bepul bo‘ladi.
Bagaj tashish narxi ham oshib, 4 000 so‘mni tashkil etadi.
ATTO transport kartalari uchun amal qilish muddati yoki safarlar soniga qarab yangi tariflar joriy etiladi. Masalan, avtobuslarda bir oylik cheksiz yo‘l haqi 250 ming so‘m, avtobus va metro uchun esa 345 ming so‘m bo‘ladi. 10 ta safar uchun paket 19 ming so‘m, 20 ta safar 38 ming so‘m, 30 ta safar esa 57 ming so‘m turadi.
Talabalar, o‘quvchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va nafaqa oluvchilarga tariflarni xarid qilishda 50% chegirma beriladi.
O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi
O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatga olish tadbiri 15-oktabrdan 30-noyabrgacha o‘tkaziladi. Tadbir 2026-yil 1-oktabr holatidagi ma’lumotlar asosida tashkil etiladi.
Ro‘yxatga olish davomida mamlakatdagi barcha iqtisodiy birliklar xatlovdan o‘tkazilib, faoliyat yuritayotgan subyektlar soni, tarkibi va iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha taqsimoti aniqlashtiriladi.
Shuningdek, statistik registrlardagi ma’lumotlar yangilanadi, kuzatilmaydigan iqtisodiyot ko‘lami baholanadi hamda mamlakat va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini rejalashtirish uchun ishonchli ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
Tadbirkorlar kredit foizlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi
O‘zini o‘zi band qilganlar hamda kichik va o‘rta biznes subyektlariga tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmi joriy etiladi.
Kompensatsiya tuman va shahar shtablarining qarorlari asosida “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” yoki boshqa belgilangan manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Shtablar kompensatsiya berish to‘g‘risidagi qarorni mahalliy sharoit, loyihaning samaradorligi va ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib qabul qiladi. Bunda kredit tarixi, tadbirkorlik toifasi yoki barqarorlik reytingi kabi qo‘shimcha talablarni joriy etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bir kredit bo‘yicha bir xil foiz xarajatlarini ikki marta kompensatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Toshkentda jarima maydonchalariga oid ma’lumotlar elektron formatga o‘tkaziladi
1-oktabrdan Toshkent shahrida ushlangan transport vositalarini vaqtincha saqlash jarayoni elektron shaklga o‘tkaziladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 22-sentyabrdagi 508-son qarorida belgilangan.
Unga ko‘ra, transport vositalarini jarima maydonchalariga olib kirish, joylashtirish, saqlash, hisobga olish va olib chiqish Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimining “Jarima maydonchasi” moduli orqali amalga oshiriladi.
Transport vositasini jarima maydonchasidan olib chiqish uchun ruxsatnoma ma’muriy yoki ijro etuvchi organ mansabdor shaxsi tomonidan QR-kodli modul orqali tasdiqlanadi va haydovchiga elektron shaklda yuboriladi.
Shuningdek, jarima maydonchalarini boshqaruvchi yuridik shaxslarning axborot tizimlari yagona modulga integratsiya qilinadi. Ularning pul oqimlari haqidagi ma’lumotlar soliq organlariga avtomatik yuboriladi.
Transport vositasini ushlab turish sabablari bartaraf etilgach, uni “Jarima maydonchasi” moduli orqali olib chiqishga ruxsat berish mumkin bo‘ladi.
Jarima maydonchalarida olti oydan ortiq saqlangan transport vositalari talab qilib olinmagan transport vositalari reyestriga kiritiladi.
Importyor va eksportyorlar uchun yangi imtiyozlar joriy etiladi
2026-yil 1-oktabrdan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.
Soliq organlarida xavf darajasi past va QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tadbirkorlarga importda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati beriladi.
Eksportda esa nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi hisobiga bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya va fumigatsiya, shuningdek, tovar kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar 30 foizga kamaytiriladi.
Yagona portalda telefon raqami va bank kartalarini boshqarish imkoniyati yaratiladi
2026-yil 1-oktabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yangi xizmatlar joriy etiladi.
Fuqarolar portal orqali o‘z nomidagi telefon raqamlari va bank kartalari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rishi, raqamlarni vaqtincha o‘chirib qo‘yishi yoki xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish bo‘yicha ariza berishi, pulli xizmatlar haqida ma’lumot olishi hamda bank kartalarini bloklash yoki yopish uchun bankka murojaat yuborishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, fuqarolar o‘z nomidagi ko‘chmas mulk va avtomototransport vositalarini garovga yoki ipotekaga qo‘yish, begonalashtirishga taqiq qo‘yish yoki uni bekor qilish xizmatlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Fuqaroga yangi notarial harakat rasmiylashtirilganda esa bu haqda Yagona portal orqali avtomatik xabar beriladi.
Fuqarolarning ism-familiyasi o‘zgarganda davlat tizimlaridagi ma’lumotlar avtomatik yangilanadi
1-oktabrdan fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki tug‘ilgan sanasi kabi birlamchi ma’lumotlari o‘zgarganda, ushbu ma’lumotlarni aks ettiruvchi davlat organlari axborot tizimlarida avtomatik ravishda o‘zgartirishlar kiritiladi.
Buning uchun fuqarodan qo‘shimcha ariza talab qilinmaydi. Adliya organlari o‘zgartirilgan ma’lumotlarni elektron hukumat tizimi orqali tegishli davlat organlariga yuboradi.
Fuqaro ma’lumotlari o‘zgargani haqida Yagona portal orqali real vaqt rejimida ma’lumotnoma olishi mumkin bo‘ladi. Ushbu ma’lumotnoma asosida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar qayta rasmiylashtiriladi.
Quyidagi ma’lumotlar avtomatik yangilanadi:
- ID-karta tizimidagi F.I.Sh. va tug‘ilgan vaqt ma’lumotlari;
- IIV tizimlaridagi (Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, avtomototransport hisobga olish tizimi) shaxsiy ma’lumotlar;
- Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasasini tugatganlik shahodatnomasi;
- Yakka tartibdagi tadbirkorlik guvohnomasi, litsenziya va ruxsatnoma ma’lumotlari;
- O‘zini o‘zi band qilgan shaxs guvohnomasi, soliq to‘lovchini identifikatsiya tizimi;
- O‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim diplomlari;
- Yagona milliy mehnat tizimi dasturidagi shaxsiy ma’lumotlar;
- Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar reyestri ma’lumotlari.
Shuningdek, 2026-yil 1-noyabrgacha kredit to‘liq so‘ndirilganda ko‘chmas mulk va avtomototransport vositalariga qo‘yilgan taqiqni proaktiv tarzda bekor qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Buxoroning eski shahar qismida elektroskuter va elektrosamokatlarda yurish cheklanadi
Buxoro shahrining tarixiy qismida elektroskuter, elektrosamokat, riksha, moped, karting, to‘rt g‘ildirakli velosiped, shuningdek, ot va tuyada harakatlanish cheklanadi. Tegishli qaror shahar hokimi tomonidan qabul qilingan.
Cheklov 1-oktabrdan Ark qo‘rg‘onidan Poyi Kalon ansambligacha, Haqiqat ko‘chasi orqali Labi-hovuz ansambligacha bo‘lgan hududda amal qiladi.
Hokimlikka ko‘ra, hududda ushbu vositalarning ko‘payishi turistlar va piyodalar xavfsizligiga xavf tug‘dirmoqda. Cheklovlar kirish va chiqish joylariga yo‘l belgilari o‘rnatish orqali nazorat qilinadi. Qonunchilik talablariga javob bermaydigan vositalarda yo‘lovchi tashiganlarga tegishli javobgarlik choralari qo‘llanadi.
Yagona identifikatorsiz qurilishni boshlashga ruxsat berilmaydi
1-oktabrdan qurilish obyektlarini kuzatib borish uchun yagona identifikator joriy etiladi. U “Uy-joy” yagona raqamli urbanizatsiya platformasi va “Shaffof qurilish” tizimiga integratsiya qilinadi.
Yagona identifikatorga identifikatsiya raqami olinmasdan qurilishni boshlash uchun ruxsatnoma berish taqiqlanadi.
Shuningdek, loyiha va kapital qurilish obyektining raqamli pasportlari shakllantiriladi. Qurilish obyektlarini davlat xizmatlari, “Uy-joy” va “Shaffof qurilish” tizimlarida hisobga olishda yagona identifikatordan majburiy foydalaniladi.
Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv uchun narxlar oshiriladi
Toshkent viloyatida 1-oktabrdan ichimlik va oqova suv xizmatlari tariflari oshiriladi. Yangi narxlar Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 16-sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, aholi uchun 1 kub metr ichimlik suvi 3100 so‘m etib belgilanadi. Hozir bu tarif 2600 so‘mni tashkil etadi. Oqova suv uchun tarif esa 1500 so‘m bo‘ladi (amaldagi narx — 1300 so‘m).
Budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun ichimlik suvi 16 ming so‘m, oqova suvi 4000 so‘m etib belgilangan. Barcha tariflar QQSsiz ko‘rsatilgan.
Tadbirkorlar moliyaviy jarimani 50%ini to‘lab, qolganidan ozod bo‘lishi mumkin
2026-yil 1-oktabrdan tadbirkorlik subyektlari moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy to‘lashda ikki xil imkoniyatga ega bo‘ladi.
Unga ko‘ra, jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50%ini to‘lagan tadbirkor qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.
Shuningdek, jarimani olti oy davomida teng qismlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin. Buning uchun qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning oltidan bir qismini to‘lash kifoya. Shundan so‘ng bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi avtomatik ravishda qo‘llanadi.
Agar moliyaviy jarima to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, undirilgan mablag‘lar 15 kun ichida qaytariladi. Belgilangan muddatda qaytarilmagan summa uchun har bir kechiktirilgan kun uchun Markaziy bankning asosiy stavkasining 1/300 qismi miqdorida foiz to‘lanadi.
Suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish bo‘yicha minimal talablar joriy etiladi
Suv tejovchi texnologiyalarning nasos va filtr qurilmalari QR-kodli maxsus yorliq bilan ishlab chiqariladi va ularga GPS-treker o‘rnatiladi.
QR-kodda ishlab chiqaruvchi tashkilot nomi, mahsulot ishlab chiqarilgan sana, shuningdek, mahsulot yetkazib berilgan subyekt nomi va STIRi ko‘rsatiladi. Ushbu ma’lumotlar mahalliy ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi korxonalar tomonidan suvnazorat.uz tizimiga kiritilib, mahsulotlar reyestri yuritiladi.
Ta’minotchi korxonalar va tashabbuskorlar GPS-treker o‘rnatib, ma’lumotlarni Suv xo‘jaligi vazirligining axborot tizimiga uzatishi shart. GPS-trekerlarning texnik talablari Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi tomonidan belgilanadi.
Shuningdek, 1-oktabrdan suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish tasdiqlangan minimal talab va me’yorlar asosida majburiy tartibda amalga oshiriladi.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun yangi subsidiya va kredit tizimi joriy qilinadi
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish uchun yangi subsidiya va kredit tizimi ishga tushiriladi.
Bank krediti olmasdan, o‘z mablag‘i hisobidan texnologiyalarni joriy qiladigan tashabbuskorlarga subsidiya ikki bosqichda beriladi. Loyiha-smeta hujjatlari va ta’minotchi bilan tuzilgan shartnoma asosida hisoblangan subsidiyaning 50 foizi oldindan ajratiladi. Texnologiyalar o‘rnatilib, foydalanishga topshirilgach, qolgan 50 foizi to‘lab beriladi. Dastlabki to‘lovdan keyin ikki oy ichida texnologiyalar ishga tushirilmasa, subsidiya qaytariladi.
Boshoqli don yetishtirishda tomchilatib va diskret sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan maydonlarga ham subsidiya ajratiladi.
Yangi mevali bog‘ va uzumzorlar barpo etish uchun kreditlar ajratiladi. Bunday loyihalarni amalga oshirishga faqat suv tejovchi texnologiyalarni to‘liq joriy etish sharti bilan ruxsat beriladi.
Tijorat banklari suv tejovchi texnologiyalarni xarid qilish va qurish uchun har bir gektarga 20 mln so‘mgacha kredit ajratishi mumkin. Kredit foizining Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori, biroq 10 foiz punktidan oshmaydigan qismi Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan qoplab beriladi.
Shuningdek, kredit hisobidan pudratchilarga yakuniy to‘lovlar texnologiyalar amalda o‘rnatilganini tasdiqlovchi mustaqil ekspertlar xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orishni joriy etish uchun kredit mablag‘larini har yili noyabr oyidan boshlab ajratish tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qon mahsulotlarini ikki bosqichda skriningdan o‘tkazish tizimi joriy etiladi
Qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida qon mahsulotlarini majburiy ikki bosqichli skrining tekshiruvidan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, qon mahsulotlarining xavfsizligi va sifatini ta’minlashga qaratilgan standart operatsion jarayonlar hamda xavfsizlik bayonnomalari joriy etiladi.
Ehtiyoj — qayta ishlash — yetkazish zanjiri asosida biznes jarayonlarini boshqarish tizimi ham ishga tushiriladi. U qon va uning tarkibiy qismlariga ehtiyojni shakllantirish, yig‘ish, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash, yetkazish va bemorga quyish, tahlil va hisobotlarni yuritish hamda sifat nazoratini o‘z ichiga oladi.
Elektrotexnika korxonalariga $5 mln gacha kredit ajratiladi
2026-yil 1-oktabrdan elektrotexnika sanoati korxonalariga aylanma mablag‘larni moliyalashtirish uchun tijorat banklari orqali $5 mln gacha kredit ajratiladi.
Kreditlar “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” mablag‘lari hisobidan 2 yilgacha, 3 oylik imtiyozli davr bilan yillik 6% stavkada beriladi. Agar korxona kreditni birinchi yil ichida so‘ndirsa, foiz stavkasi 4% gacha qayta hisoblanadi.
Kreditning 50% igacha, biroq 20 mlrd so‘m ekvivalentidan oshmagan qismi “Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi” kafilligi bilan ta’minlanadi. Qolgan qismi uchun korxona likvidli mol-mulk, sug‘urta polisi, eksport shartnomasi yoki boshqa ta’minotni taqdim etadi.
3−18 yoshdagi bolalarning ta’limga ehtiyoji maxsus guruh tomonidan baholanadi
3−18 yoshdagi bolalarning alohida ta’limga ehtiyoji va ularni davlat ta’lim muassasalariga yo‘naltirish “Inson” markazlarining Bolani kompleks baholash guruhi tomonidan amalga oshiriladi.
Bolalarning ta’limga ehtiyoji psixologik-pedagogik mezonlar, funksional imkoniyatlari, kundalik hayotdagi faolligi va ishtiroki esa nogironlikni baholash shkalasining mahalliy sharoitga moslashtirilgan mezonlari asosida aniqlanadi.
Baholash guruhi faoliyati 2026-yil 1-oktabrdan Navoiy va Xorazm viloyatlarida yo‘lga qo‘yiladi.
Fuqarolarga teatr, kino va konsertlar uchun bepul vaucher beriladi
Har yili 500 ming nafar o‘qituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol o‘quvchi va talabaga, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 100 mingta oilaning bir nafar farzandiga teatr, kino va konsert tadbirlari uchun bepul vaucher beriladi.
Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan bolalar ham vaucher bilan ta’minlanadi.
Vaucher mablag‘lari fuqarolar nomiga ochiladigan ijtimoiy karta orqali taqdim etiladi. Xarajatlar Davlat budjeti va Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Boshpanasiz shaxslar kasbga o‘qitish uchun vaucher oladi
1-oktabrdan Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan boshpanasiz shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etiladi. Ularni kasbga o‘qitish uchun tuman va shahar bandlik bo‘limlari orqali vaucherlar ajratiladi.
Boshpanasiz shaxslar Ijtimoiy markazlarda bo‘lgan davrida vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.
Ularni ro‘yxatga olish va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq davlat boji “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.