Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlarini tasdiqlagani haqida yozgandi.

Prezidentning 12-sentabrdagi qarorida soha uchun maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan. 2030-yilgacha elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 130 trln so‘mga, eksportni $5 mlrd ga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, sohaga $3 mlrd investitsiya jalb qilish va undagi bandlar sonini 50 ming kishiga yetkazish maqsad qilingan.

1-oktabrdan elektrotexnika korxonalari banklardan $5 mln gacha kreditni yillik 6 foiz stavkada (bank marjasi 2 foizni hisobga olgan holda) olishi mumkin bo‘ladi. Mablag‘lar Savdoni rivojlantirish kompaniyasi hisobidan ajratiladi.

Kreditlar 2 yilgacha, jumladan, 3 oylik imtiyozli davr bilan beriladi. Mablag‘ birinchi yil ichida qaytarilsa, foiz to‘lovlari 4 foizlik stavka (bank marjasi 1 foiz) bo‘yicha qayta hisoblanadi.

Kredit ajratishda Milliy biznesni kafolatlash kompaniyasi uning 50 foizi miqdorida, 20 mlrd so‘mgacha kafillik beradi. Kompaniya qolgan qismi uchun ta’minot sifatida nafaqat mol-mulk, balki sug‘urta polisi yoki eksport shartnomalari bo‘yicha pul mablag‘larini olish huquqidan ham foydalanishi mumkin.

Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi 2028-yil oxirigacha amalga oshiriladigan loyihalar uchun sohaga berilgan 20 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarini kompensatsiya qiladi.

Kompensatsiya ajratishda korxonaning barqarorlik reytingi yoki joylashgan hududi shartlari hisobga olinmaydi. Kompensatsiya 3 yilgacha beriladi.

Milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha asosiy stavkadan 4% va undan yuqori qism, biroq 10% dan oshmagan miqdor kompensatsiya qilinadi. Chet el valyutasidagi kreditlar bo‘yicha esa 6% dan yuqori qism, biroq 5% dan ko‘p bo‘lmagan miqdor qoplanadi.

Kompensatsiya “2+1” tamoyili asosida beriladi. Agar kompaniya shu davrda yillik tushumini 15% yoki undan ko‘proqqa oshirsa, to‘lovlar uchinchi yil ham davom ettiriladi.

Bundan tashqari, O‘zsanoateksport elektrotexnika korxonalari birjada xarid qiladigan mis xomashyosi qiymatining 75% ini, bir xaridor uchun $3 mln dan oshmagan miqdorda to‘lab beradi. Buning uchun Savdoni rivojlantirish kompaniyasi davlat korxonasiga $40 mln ajratadi.

Xaridor mablag‘larni qaytarish kafolati sifatida sug‘urta ta’minotini taqdim etishi kerak. Bitimdan keyin 90 kun ichida qarzni qaytarishi, kechiktirilgan har bir kun uchun esa yillik 6 foiz stavkada foiz to‘lashi lozim.

Shuningdek, elektrotexnika ishlab chiqaruvchilari o‘z ehtiyojlari uchun import qiladigan polietilen granulalarini 10% lik aksiz solig‘idan ozod qilish taklifi ma’qullandi. Imtiyoz 2028-yil 1-yanvargacha amal qiladi.


Avvalroq Spot elektrotexnika korxonalariga soliq va bojxona imtiyozlari 2030-yilgacha uzaytirilishi haqida yozgandi.