Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlarini tasdiqladi. Prezidentning 12-sentabrdagi qarori Lex.uz'da e’lon qilindi.

Hujjatda 10-sentabr kuni elektrotexnika sanoatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan taqdimotda e’lon qilingan chora-tadbirlar belgilangan.

Asosiy yo‘nalishlardan biri elektrotexnika, elektronika va robototexnika sohalariga yirik strategik investorlarni jalb qilish bo‘ladi.

Ularga mazkur sohalardagi xalqaro ta’minot zanjirlarida ishtirok etuvchi va so‘nggi uch yil ichida Forbes Global 2000 reytingiga kirgan kompaniyalar kiradi. Ular yirik loyihalarni amalga oshirishda qator imtiyoz va preferensiyalarga ega bo‘ladi.

Jumladan, strategik investorlar foyda va mol-mulk soliqlari, shuningdek, yer solig‘idan 10 yil muddatga ozod qilinadi.

Ishlab chiqarishni joylashtirish uchun ularga xalqaro tajriba asosida tashkil etilgan maxsus iqtisodiy zonalarda “tayyor holda” binolar taqdim etiladi. Ushbu obyektlar elektr energiyasi, gaz, suv, kanalizatsiya va temir yo‘l infratuzilmasi bilan ta’minlanadi.

Imtiyozlar qiymati $50 mln va undan yuqori bo‘lgan loyihalarga tatbiq etiladi. Bundan tashqari, investor uch yil ichida qo‘shilgan qiymatni 40% va undan yuqoriga yetkazishi hamda foydasining kamida 3% ini ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga yo‘naltirishi kerak bo‘ladi.

Investorlarni jalb qilish, ular bilan muzokaralar o‘tkazish, loyihalarni baholash, investitsiya shartnomalarini tayyorlash va ularning ijrosini monitoring qilishda ishtirok etuvchi xalqaro konsalting kompaniyalari xizmatlari qonunchilikka muvofiq moliyalashtiriladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zeltexsanoat xalqaro forumlarda taqdimotlar (roadshow) tashkil etadi. Tadbirlar, avvalo, strategik investorlarni jalb qilishga yo‘naltirilishi alohida ta’kidlangan.


Avvalroq Spot O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari uchun Polsha, Hindiston va Turkiyada omborxonalar ochilishi haqida yozgandi.