Avvalroq prezident elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

O‘zeltexsanoat uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida sohada ishlab chiqarish va eksport hajmlarini oshirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilanganini qayd etdi.

Uning aytishicha, taqdimotda soha korxonalaridagi aylanma mablag‘ yetishmasligi, eksportdagi to‘siqlar, ishlab chiqarishga yangi yondashuvlarni joriy etish hamda kichik va o‘rta korxonalar bilan ishlash tizimini yaxshilash masalalari muhokama qilingan.

Shuningdek, elektrotexnika sanoatida ilm-fan va innovatsiyalarni keng joriy etish, yangi ekotizim yaratish va mahsulotlarning qo‘shilgan qiymatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Mirziyod Yunusovning ta’kidlashicha, misni qayta ishlash quvvatlari va hajmini kamida 2−3 barobarga oshirish, elektrotexnika mahsulotlari eksportini 2030-yilga qadar $5 mlrdga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

“Bu topshiriqlarni bajarish uchun bugungi kunda korxonalarimizda hamma yetarli imkoniyatlar mavjud”, — dedi u.

Bundan tashqari, hududlarda, birinchi navbatda Andijon viloyatida elektrotexnika sanoati salohiyatini oshirish topshirilgan. Misdan an’anaviy mahsulotlar bilan cheklanib qolmasdan, qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish va ularni xorijiy bozorlarga olib chiqishga e’tibor qaratiladi.

Tayanch investorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish orqali ularni O‘zbekistonga faol jalb etish mexanizmlarini joriy etish vazifasi berildi. O‘zeltexsanoat uyushmasi raisi bu orqali kichik va o‘rta korxonalarni sohaga kengroq jalb qilish, ular uchun eksport platformalari va tender markazlarini tashkil etish ko‘zda tutilishini bildirdi.

“Prezidentimizga bir qator mis mahsulotlaridan yangi qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan, ya’ni texnologik jihatdan yuqori qiymatga ega mahsulotlarni o‘zlashtirish yuzasidan takliflarni berdik. Prezidentimiz bu yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatladilar va qarorimizda belgilangan barcha keng qamrovli qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralarini imzolab, dasturlarni tezroq fursatlarda amalga oshirish yuzasidan topshiriqlarni berdilar”, — dedi Yunusov.

Shuningdek, eksportni kengaytirish maqsadida xorijiy bozorlarda, jumladan Polsha, Hindiston, Turkiya va qo‘shni davlatlarda mahsulotlarni saqlash va yetkazib berish uchun omborxonalar tashkil etish bo‘yicha ham topshiriqlar berilgan. Bu ishlarni Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda amalga oshirish rejalashtirilgan.

Spot, avvalroq, 2029-yildan bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarning bir qismi bekor qilinishi haqida yozgandi.