Markaziy Osiyoning to‘rt davlati va Ozarbayjon markaziy banklari QR-kod orqali to‘lov tizimlarini birlashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Milliy banki ma’lum qildi.
22−23-oktabr kunlari Dushanbeda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Ozarbayjon milliy banklari vakillari ishtirokida mintaqaviy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda milliy to‘lov yechimlarini rivojlantirish va QR-kod standartlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar to‘lov platformalari va tezkor to‘lov tizimlarini rivojlantirish, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, naqdsiz hisob-kitoblar hamda masofaviy identifikatsiya sohalarida tajriba almashdi.
Qozog‘iston Milliy banki raqamli moliyaviy infratuzilmani, jumladan, milliy to‘lov tizimi, open banking va Milliy firibgarlikka qarshi markazni yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalarini taqdim etdi. Shuningdek, delegatsiya raqamli tenge loyihasini amalga oshirish va banklararo mobil to‘lov tizimini ishga tushirish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Transchegaraviy hisob-kitoblar, milliy tezkor to‘lov tizimlari va raqamli valyutalar integratsiyasi istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar yil oxirigacha QR-to‘lov platformalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mexanizmini ishlab chiqishga kelishib oldi.
Tizimlar integratsiya qilinishi natijasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Ozarbayjon fuqarolari safar davomida o‘z bank ilovalari orqali QR-kod yordamida tovar va xizmatlar uchun to‘lov qilishi, shuningdek, tezkor pul o‘tkazmalarini amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, uchrashuvda kiberxavfsizlik, to‘lov tizimlarining ishonchli ishlashini ta’minlash va to‘lov infratuzilmasini kiberhujumlardan himoya qilish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar to‘lov tizimlarini nazorat qilishda sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari va firibgarlikka qarshi kurashish tajribasini ham ko‘rib chiqdi.
Avvalroq Spot Markaziy bank to‘lov svitchi orqali so‘mdagi hisob-kitoblar tartibini tasdiqlagani haqida yozgan edi.