
Uklon Uzbekistan bosh menejeri
So‘nggi besh yil ichida kitoblarga bo‘lgan munosabatim tubdan o‘zgardi. Bolaligimda kattalar doimo “Ko‘proq kitob o‘qinglar”, deyishardi va faqat yaqindagina bu so‘zlarning asl ma’nosini tushuna boshladim.
Agar o‘zimga “Nega aynan hozir?” degan savolni bersam, javob hamisha bir narsaga borib taqaladi, ya’ni hayotiy va professional tajribaga. Odamda tajriba ko‘paygani sari kitoblarda yozilgan narsalar quruq o‘git bo‘lmay qoladi, ular siz allaqachon boshingizdan o‘tkazgan vaziyatlarning aniq tavsifiga aylanadi.
Shunday gap bor, agar siz xonadagi eng aqlli odam bo‘lsangiz, demak, noto‘g‘ri xonadasiz. Bu fikr menga yaqin, lekin uni biroz boshqacharoq ifodalagan bo‘lardim: jamoamdagi har bir inson o‘z sohasini mendan ko‘ra yaxshiroq tushunishini xohlayman. Rahbarning vazifasi hamma narsani o‘zi bilishida emas, balki kuchli odamlarni bir joyga to‘plash va ularning birgalikda ishlashiga ko‘maklashishdan iborat.
O‘zimni juda ko‘p kitob o‘qiydigan odam deya olmayman. Ish vaqtning katta qismini oladi, yangi g‘oyalarni esa ko‘pincha intervyular, podkastlar va qiziqarli insonlar bilan bo‘lgan suhbatlardan topaman. Lekin shunday kitoblar borki, ma’lum vaqt o‘tsa ham xayolan ularga qaytaveraman. Men uchun asosiy mezon qancha sahifa o‘qilgani emas, balki o‘qilganlardan nima o‘zing bilan qolgani va ular hayotda asqatganida.
Shu paytgacha maxsus bir mavzudagi kitoblarni to‘plashga harakat qilmaganman. Lekin men uchun ushbu to‘plamda umumiy bog‘liqlik bor. Rahbarlik ishida kuchli jamoa yig‘a olish, ijroga talabchan bo‘lish, to‘liq ma’lumot bo‘lmagan vaziyatda ham qaror qabul qilish va biznesning alohida elementlari bir-biriga qanday ta’sir qilishini tushunish muhim. Ammo foydali g‘oyalarni faqat menejment haqidagi kitoblardan izlash shart emas.
Odatda, ham boshqarishni o‘rgatadigan, ham barcha savollarga javob beradigan kitob topishga intilmayman. Menga alohida g‘oyalarni topish, ularni amaliyotda tekshirib ko‘rish va asta-sekin shaxsiy yondashuvimni shakllantirish qiziq. Bugun aynan shunday kitoblarni tavsiya qilmoqchiman, ularning har biri muhim masalaga boshqacha nigoh bilan qarashimga yordam bergan.
“The Captain Class”, Sam Walker
Bu kitobda sport jurnalisti Sem uzoq vaqt davomida favqulodda yuqori natijalarga erishgan jamoalarni tadqiq qiladi. Uni nafaqat alohida o‘yinchilarning iste’dodi yoki murabbiyning mehnati, balki kapitanning roli ham qiziqtiradi.
Kitobning asosiy xulosalaridan biri shundaki, jamoa yetakchisi albatta eng mashhur, eng iste’dodli yoki eng yorqin o‘yinchi bo‘lishi shart emas. Ba’zida uning asosiy ta’siri tashqaridan juda sezilmaydigan narsalarda namoyon bo‘ladi. Masalan, ishga bo‘lgan munosabatda, o‘ziga va boshqalarga bo‘lgan talabchanlikda, qiyin damlarda jamoani qo‘llab-quvvatlay olishda hamda xulq-atvori bilan yuqori standartlarni belgilab berishda.
Yetakchilikka bo‘lgan bunday qarash menga juda yaqin. Rahbar barcha yo‘nalishlarda eng kuchli mutaxassis bo‘lishi kerak, deb hisoblamayman. Aksincha, jamoadagi odamlar o‘z sohalarida mendan ustun bo‘lishi muhim.
Rahbar sifatidagi vazifam esa ularni umumiy maqsad atrofida birlashtirish, qarorlar qabul qilishlariga imkon berish va o‘zlarining eng yaxshi natijalarini ko‘rsata olishlari uchun sharoit yaratib berishdir.
Bu kitobni rahbarlik qilishni boshlayotganlarga, qolaversa, kuchli mutaxassislardan iborat jamoani boshqarayotganlarga tavsiya qilgan bo‘lardim. U jamoani aynan nima kuchli qilishi va nega muvaffaqiyat uchun shunchaki iste’dodli odamlar yig‘indisining o‘zi yetarli emasligi haqida o‘ylab ko‘rishga yordam beradi.
“The Mamba Mentality”, Kobe Bryant
Kobe Bryant — sevimli basketbolchilarimdan biri. Meni doimo nafaqat uning iste’dodi va erishgan natijalari, balki o‘z ishiga bo‘lgan munosabati, xususan, intizomi, mayda detallargacha e’tibori, o‘z ustida uzluksiz ishlashi va hatto yuqori o‘rinlarda bo‘lganida ham yanada yaxshiroq bo‘lishga intilishi hayratda qoldirgan.
Bu kitob uning mashg‘ulotlarga, o‘yinga va professional rivojlanishga qanday yondashgani haqida so‘zlaydi. Menga aynan shunday yondashuv, shunchaki qobiliyatga suyanib qolmasdan, yaxshilash mumkin bo‘lgan jihatlar ustida tinimsiz ishlash yoqadi.
Biznesda katta g‘oyalar, strategiya va hamma narsani o‘zgartirib yuborishi kerak bo‘lgan qarorlarga berilib ketish juda oson. Ammo eng yaxshi strategiya ham, agar uni amalga oshirishda oqsashlar bo‘lsa, hech narsani kafolatlamaydi. Natija ko‘p jihatdan odamlarning kundalik ishlarini qanchalik sifatli bajarishiga, detallarga e’tibor berishiga va o‘rganishda davom etishga tayyorligiga bog‘liq.
Aynan shuning uchun menga Bryantning yondashuvi qiziq: katta muvaffaqiyatga erishish uchun mayda detallargacha e’tibor berib, ular ustida tinimsiz ishlash kerak. Chunki shular oxir-oqibat katta farqni ko‘rsatib beradi.
Shu bilan birga, muvaffaqiyat hamisha faqat intizom va mehnatga borib taqaladi, deb o‘ylamayman. To‘g‘ri, vaziyat va omad ham muhim ahamiyatga ega, lekin qanday tayyorgarlik ko‘rishing va o‘z ishingga qanchalik jiddiy qarashingga faqat o‘zing ta’sir ko‘rsata olasan.
Bu kitobni shaxsiy intizom, professional o‘sish va o‘z ishiga bo‘lgan munosabatga qiziqqanlarga tavsiya qilgan bo‘lardim. U shunchaki basketbol haqida emas, balki inson o‘z sohasida chinakamiga yaxshi bo‘lishni xohlaganda o‘z ishiga qanday munosabatda bo‘lishi haqida.
“Qora oqqush”, Nassim Taleb
Bu kitob noaniqlik hamda odamlar yuz berayotgan voqea-hodisalarni tushuntirish va oldindan aytib berishga urinib, qanday adashishlari haqida. Biror voqea sodir bo‘lganidan keyin biz ko‘pincha unga mantiqiy izoh topamiz va go‘yo hamma narsa oldindan ayondek tuyula boshlaydi. Lekin o‘tmishni izohlash va kelajakni bashorat qilish — butunlay boshqa-boshqa narsalar.
Men uchun bu ayniqsa strategik rejalashtirishda juda muhim. Har qanday reja bozor qanday rivojlanadi, raqobatchilar qanday yo‘l tutadi, mijozlarning xatti-harakati qanday o‘zgaradi kabi taxminlarga tayanadi. Rejasiz oldinga harakat qilib bo‘lmaydi, o‘z prognozlaringga kafolatlangan ssenariydek qarash esa xavfli.
Shuning uchun nafaqat maqsad va unga olib boradigan yo‘lni belgilab olish, balki voqelik boshqacha bo‘lib chiqsa, nima qilish kerakligini ham tushunish muhim. Yaxshi strategiya mavhumlikni hisobga olishi va o‘zgartirishlar kiritish uchun joy qoldirishi kerak.
Menimcha, bu kitob tadbirkorlar, rahbarlar va umuman, barcha holatlarni oldindan bilish imkonsiz bo‘lgan sharoitda qaror qabul qiladigan har bir kishi uchun foydali. U kelajakni bashorat qilishni o‘rgatmaydi. U ko‘proq o‘z prognozlaringga tanqidiy qarashga va keyin nima bo‘lishi haqidagi bilimlarimiz qanchalik cheklanganini unutmaslikka yordam beradi.

“The Deadline: A Novel About Project Management”, Tom DeMarco
Men bu kitobni tijorat yo‘nalishidan operatsion boshqaruvga o‘tayotgan va loyihalar menejmentini yaxshiroq tushunishni xohlagan davrimda o‘qigandim.
Muallif boshqaruvga oid vaziyatlarni qoidalar va atamalar to‘plami orqali emas, balki badiiy hikoya orqali tushuntirib bergani menga ma’qul kelgan. E’tibor markazida odamlar, muddatlar, motivatsiya, muloqot va ish jarayonida qabul qilinishi kerak bo‘lgan qarorlar turadi.
Kitob yaqqol ko‘rsatib beradigan muhim fikrlardan biri shundaki, agar loyiha belgilangan jadvaldan ortda qolayotgan bo‘lsa, unga shunchaki yangi odamlarni qo‘shish hamisha ham natijani tezlashtirishni anglatmaydi. Yangi ishtirokchilarga jarayonga kirishib ketish uchun, jamoaga esa o‘zaro muvofiqlashish uchun vaqt kerak. Ba’zida muammoni qo‘shimcha resurslar bilan hal qilishga urinish vaziyatni yanada murakkablashtiradi, xolos.
Umuman olganda, kitob loyihani boshqarish shunchaki topshiriqlar, budjet va muddatlar ko‘rsatilgan jadval emasligini yaxshi ko‘rsatib beradi. Bu, shuningdek, odamlar, ularning umidlari va bir-biri bilan o‘zaro munosabatlari bilan ishlash demakdir.
Men uni loyihalar menejmentini boshlayotganlar yoki boshqaruvning insoniy jihatini yaxshiroq tushunishni xohlaydiganlarga tavsiya qilgan bo‘lardim. Ayniqsa, klassik darsliklar juda quruq tuyulganida badiiy format boshqaruv tamoyillarini amaliyotda ko‘rishga yordam beradi.

“The Cold Start Problem”, Andrew Chen
Hozirgi soham haqida gapiradigan bo‘lsak, aynan The Cold Start Problem unga eng bevosita aloqador kitob. Men Uklon’ning O‘zbekistondagi faoliyatini boshqaraman, bu esa bozorning ikkala tomoni — yo‘lovchilar va haydovchi-hamkorlarni bir vaqtning o‘zida rivojlantirishni talab qiladigan platformaviy biznesdir.
Bunday kompaniyalarning asosiy murakkabliklaridan biri ham aynan shunda. Yo‘lovchi uchun mashina tez topilishi va narx hamyonbop bo‘lishi muhim. Haydovchiga esa buyurtmalar yetarli bo‘lishi va ish daromad keltirishi kerak.
Agar bir tomon yetishmasa, ikkinchi tomonni jalb qilish va ushlab qolish qiyinlashadi. Chen aynan shu muammoni tahlil qilib, platformalar boshlang‘ich bosqichdan qanday o‘tishini va tarmoq effektlari hisobiga o‘sishni qanday boshlashini tushuntirib beradi.
Menga ayniqsa Uber va boshqa platformaviy kompaniyalar tarixidan keltirilgan misollar juda qiziq tuyilgan. Ular biznesga oddiy ilova yoki servis sifatida emas, balki bir ishtirokchilar guruhi uchun qabul qilingan qarorlar boshqasiga ta’sir ko‘rsatadigan yagona tizim sifatida qarashga imkon beradi.
Kitob o‘sish uchun universal retsept bermaydi, chunki bozorlar, raqobatchilar va foydalanuvchilarning xulq-atvori turlicha bo‘lishi mumkin. Lekin u platformalarning ichki mexanikasini hamda ularni ishga tushirish va kengaytirishda paydo bo‘ladigan masalalarni yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
Men uni marketpleyslar, raqamli platformalar va muvaffaqiyati bir nechta foydalanuvchilar guruhini bir vaqtning o‘zida rivojlantirishga bog‘liq bo‘lgan biznes sohalarida ishlaydiganlarga tavsiya qilgan bo‘lardim.


