O‘zbekneftgaz Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini (FNQIZ) o‘z mulkiga qaytarish taklifi bilan chiqmagan. Bu haqda 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida kompaniya boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Hamroyevning so‘zlariga ko‘ra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi korxonaning kelgusi taqdiri bo‘yicha bir nechta variantlarni ko‘rib chiqmoqda. Ular qatorida zavodni boshqarish, o‘zi avval tegishli bo‘lgan O‘zbekneftgaz tarkibiga qaytarish, xususiylashtirish va yangi investorlarni jalb qilish imkoniyatlari mavjud.

Shu bilan birga, yakuniy qaror hali qabul qilinmagan, zavod esa agentlik tasarrufida qolmoqda.

“Bizning tomondan [qaytarish haqida] bunday taklif kiritilmagan”, — deya ta’kidladi Suhrob Hamroyev.

Farg‘ona NQIZ tarixi

Iyun oyi boshida FNQIZ to‘liq davlat mulkiga qaytarilgani ma’lum bo‘lgan edi. Bunga qadar korxonaning 58,5% ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga, 41,5% ulushi esa Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) kompaniyasiga tegishli bo‘lgan. Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda Saneg zavodni $100 mln ga sotib olib, uni modernizatsiya qilish uchun $380 mln sarmoya kiritish majburiyatini olgan edi.

2026-yilning yanvar oyida Vazirlar Mahkamasi Saneg‘ning strategik loyihalariga, shu jumladan FNQIZni modernizatsiya qilish dasturiga yangi investorlarni jalb qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Keyinroq Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari Sohibjon Murodov investor bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinganini tasdiqladi. Bunga kompaniyaning boshqa loyihalarida yuzaga kelgan hamda to‘lov majburiyatlarini bajarishga to‘sqinlik qilgan moliyaviy qiyinchiliklar sabab bo‘lgan.

Avvalroq Spot Amerikaning Gulf Oil kompaniyasi O‘zbekistonda yoqilg‘i quyish shoxobchalarini ochish istiqbollarini baholayotgani haqida yozgan edi.