Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (NQIZ) investorning boshqa investitsiya loyihalaridagi moliyaviy qiyinchiliklari va to‘lov majburiyatlarini bajarishdagi muammolari sabab davlat tasarrufiga qaytarildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov Daryo nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Davaktiv rahbarining so‘zlariga ko‘ra, xususiylashtirish tarixida investorlar o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmagan holatlar ham uchragan. Zavod bo‘yicha shartnoma bekor qilingan va aktiv davlatga qaytarilgan.

“Investor boshqa investitsiya loyihalarida moliyaviy qiyinchiliklarga duch keldi. Shu sababli to‘lov majburiyatlarini bajarishda muammolar yuzaga keldi. Yakunda shartnomani bekor qildik va hozirda aktiv davlatga qaytarildi”, — dedi Murodov.

Agentlik rahbari yirik xususiylashtirilgan aktivlar qatorida Coca-Cola Uzbekistan va SamAutoni ham alohida qayd etdi.

Uning aytishicha, Coca-Cola xarid to‘lovlari va investitsiya majburiyatlarini to‘liq bajargan. SamAuto esa hozirda $80 mln lik investitsiya shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarini bajarish jarayonida.

Yaqinda xususiylashtirilgan Mobiuz ham investitsiya majburiyatlarini zimmasiga olgan. Hozirda shartnoma shartlari tomonlar o‘rtasida kelishilmoqda.

Sohibjon Murodov. Surat: skrinshotSohibjon Murodov. Surat: skrinshot

Farg‘ona NQIZning davlatga qaytarilishi

Iyun oyi boshida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (NQIZ) yana to‘liq davlat mulkiga o‘tgani ma’lum bo‘ldi. Yuridik shaxslar va tadbirkorlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining yagona ta’sischisi — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

Agentlik ustav fondining 124,54 mlrd so‘mlik 100% ulushiga egalik qiladi. May oyida esa Davaktiv korxonaning 58,5% ulushiga ega bo‘lgan, qolgan 41,5% i xususiy Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) kompaniyasiga tegishli edi.

2020-yilda zavod o‘sha paytda Jizzakh Petroleum brendi ostida faoliyat yuritgan Sanoat Energetika Guruhining ishonchli boshqaruviga berilgan. 2022-yil may oyida Davaktiv zavodni Saneg kompaniyasiga $100 mln ga sotishini e’lon qilgan. Xaridor korxonani modernizatsiya qilishga $380 mln investitsiya kiritishi, jumladan benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlab chiqarishni rivojlantirishi hamda zavod quvvatini kamida 2 mln tonnagacha oshirishi kerak edi.

2022-yil sentabrida Saneg Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini zamonaviy benzin, moylash materiallari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishga moslashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli modernizatsiya loyihasini ham e’lon qildi. Loyihaga $400 mln investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lib, o‘sha paytga kelib kompaniya $160 mln dan ortiq mablag‘ jalb qilgan edi.

2026-yil yanvarida Vazirlar Mahkamasi Sanegning strategik loyihalariga, jumladan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilishga yangi investorlarni jalb etishni topshirdi.

Shu bilan birga, Saneg, Enter Engineering va Eriell guruhlarining asosiy faoliyatiga kirmaydigan aktivlarini sotishga qaror qilindi. Mart oyi boshida ushbu qaror guruhning $131 mln miqdoridagi ish haqi qarzlarini to‘lash zarurati bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘ldi.

Taqdimot yakunlari bo‘yicha davlat rahbari neft-gaz sohasi korxonalari samaradorligini oshirish, yirik loyihalarni puxta hisob-kitoblar va aniq moliyalashtirish manbalari asosida amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdi.


Avvalroq Davaktiv GM UzAuto Motors’ni xususiylashtirishda ustuvor huquqqa ega bo‘lmasligi haqida aytgandi.