Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yil oxirigacha mobil operator Mobiuz (UMS)'ning 100% aksiyalarini xususiylashtirishni yakunlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda agentlik direktorining o‘rinbosari Alisher Miraliyev Spot’ga O‘zbekiston kapital bozori bo‘yicha Cbonds VIII xalqaro konferensiyasi doirasida bergan intervyusida ma’lum qildi.

Iyun oyida kompaniya uchun o‘tkazilgan savdolarda g‘olib chiqqan AQSHning McKim and Company kompaniyasi boshchiligidagi investorlar konsorsiumi Mobiuz’ni xususiylashtirish bo‘yicha memorandum imzolagan.

Hozir tomonlar shartnoma shartlarini muhokama qilmoqda. Miraliyevning so‘zlariga ko‘ra, bitim narxi bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Konsorsium Mobiuz’ning 100% aksiyalari uchun $351 mln to‘lashi, shuningdek, telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va tarmoqni rivojlantirishga yana $500 mln investitsiya kiritishi kerak. Shu tariqa, xususiylashtirish bitimining umumiy qiymati $851 mln ni tashkil etadi.

“Bugungi kunda kelishuv imzolangan. Endi shartnoma shartlari bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Narx bo‘yicha kelishuvga erishilgan”, — dedi Davaktiv direktori o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarni yakunlash va shartnomani 2026-yil oxirigacha imzolash rejalashtirilgan. Bunda kompaniyani boshqarish huquqi shartnoma tuzilib, dastlabki to‘lovlar amalga oshirilganidan keyin investorga topshiriladi.

Miraliyev qonunchilikda to‘lov amalga oshirilishi jarayonida aksiyalarning ma’lum qismini bosqichma-bosqich topshirish imkoniyati ham nazarda tutilganini ta’kidladi.


Avvalroq Spot Davaktiv UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain xususiylashtirilishi bo‘yicha tender e’lon qilishi haqida yozgandi.