Universal Mobile Systems MChJ (MobiUz) ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini sotish bo‘yicha xalqaro ochiq savdo jarayonlari o‘tkazildi. Bu haqda Davaktiv matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur jarayon doirasida Rothschild & Co xalqaro investitsiya banki strategik konsultant, “katta to‘rtlik” turkumiga kiruvchi KPMG moliyaviy konsultant hamda Deloitte mustaqil baholovchi sifatida jalb etildi.
Savdo jarayoni xalqaro bozorlarda keng targ‘ib qilindi, jumladan konsultantlarning global ofislari tarmoqlari orqali 100 dan ortiq strategik va moliyaviy investorlar bilan individual muloqotlar o‘tkazildi.
Mazkur jarayonda AQSh, Yaponiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Yevropa hamda Kavkazorti mintaqalaridan 15 dan ziyod (aksariyati xorijiy) investor ishtirok etdi. Bunda, 10 nafar ishtirokchi tomonidan dastlabki narx takliflari taqdim etildi.
Talabgorlarga konsultantlar tomonidan xalqaro standartlar asosida tayyorlangan kompleks moliyaviy va yuridik tahliliy maʼlumotlar (due diligence) taqdim etildi.
6 nafar ishtirokchi tomonidan MobiUz‘ni sotib olish bo‘yicha majburiyatga ega bo‘lgan qatʼiy takliflar (Binding Offer) qabul qilindi.
Davlat uchun eng yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishish maqsadida jarayon investorlarning keng doirasidan eng raqobatbardosh takliflarni jalb qilishga qaratilgan tarzda tashkil etildi. Yakuniy bosqichda ishtirokchilarga qatʼiy narx takliflarini yana-da yaxshilash imkoniyati taqdim etildi.
Xususiylashtirish jarayoni yakuni bo‘yicha Davlat aktivlari agentligi tomonidan AQShning McKim and Company kompaniyasi boshchiligidagi moliyaviy investorlar va sohaviy texnologik hamkor JVR Enterprises LLC (DBA — JVR Capital Group) ishtirokidagi konsorsium taklifi g‘olib deb topildi.
Ushbu taklifga muvofiq, MobiUz kompaniyasining qiymati $351 mln darajasida baholangan bo‘lib, shuningdek telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga $500 mlngacha investitsiya kiritish rejalashtirilgan.
Bitimni yakunlash uchun tegishli tartibga soluvchi organlarning zarur ruxsatnomalarini olish, shuningdek belgilangan korporativ va huquqiy tartib-taomillarni bajarish talab etiladi.
2025-yilning iyunida Mobiuz’ni xususiylashtirish boshlandi. Bloomberg nashrining bitim tafsilotlari bilan tanish bo‘lgan ikki xabardor manbasiga tayanib yozishicha, O‘zbekiston mobil aloqa operatorini $300 mlnga sotishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya haqida
Universal Mobile Systems MobiUz Mobiuz brendi ostida GSM, UMTS va 4G LTE standartlarida mobil uyali aloqa xizmatlari va mobil internet xizmatlarini taqdim etadi. 2024-yilda kompaniyaning sof tushumi 2,086 trln so‘mni, abonentlari soni esa 7,8 mln nafarni tashkil etdi.
Kompaniya O‘zbekiston va MTS o‘rtasidagi kelishuv asosida tashkil etilgan, biroq 2016-yilda rossiyalik operator o‘z ulushini sotib yuborgan. 2018-yilda Raqamli ishonch davlat jamg‘armasi, u 2021-yilda tugatilgach, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi UMS egasiga aylandi.
Shavkat Mirziyoyev 2022-yil bahorida tasdiqlangan dasturda UMS’ni xususiylashtirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Bir necha oy o‘tgach, Davaktiv agentligi kompaniyani sotish uchun konsultantlar izlashni boshlaganini e’lon qildi.
Joriy yilning aprel oyida prezident davlat aktivlarini, shu jumladan UMSni xususiylashtirish bo‘yicha yangi qarorni imzoladi. Undan biroz oldin esa Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortiqov yaqin kelajakda mobil aloqa operatorining ulushini “xalqaro ochiq savdolarga” qo‘yish rejalarini ma’lum qilgandi.