Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Universal Mobile Systems (Mobiuz) ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni boshlanganini ma’lum qildi.

Xalqaro ochiq savdo jarayoniga Rothschild & Co investitsiya banki bitim bo‘yicha yetakchi strategik va moliyaviy konsultant, KPMG moliyaviy konsultant hamda moliyaviy, soliq va yuridik ekspertiza (“vendor due diligence”) o‘tkazish bo‘yicha, Deloitte esa mustaqil baholovchi sifatida jalb qilingan.

Xususiylashtirish jarayoni ochiq raqobat asosida amalga oshiriladi, unda mahalliy va xalqaro talabgorlar ishtirok etishi mumkin.

Savdo jarayoni uch bosqichda tashkil etilib, aktivni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish (Expression of interest), majburiyatga ega bo‘lmagan takliflarni qabul qilish (NBO) hamda majburiyatga ega takliflarni qabul qilish (BO) tartibida o‘tkaziladi.

Birinchi bosqichda talabgorlardan ariza bilan birga, o‘zlari haqida ma’lumot (ro‘yxatdan o‘tganligi, faoliyat turi), ustav kapitalida 5% dan ortiq ulushga ega aksiyadorlar va yakuniy benefitsiarlar to‘g‘risida ma’lumot hamda so‘nggi 3 yillik moliyaviy hisobotni taqdim etishlari so‘raladi.

Arizalar moliyaviy resurslarning yetarliligi, xususiylashtirishda ishtirokini taqiqlovchi ma’muriy yoki boshqa sud jarayonlarining yo‘qligi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga oid O‘zbekiston qonunchiligiga rioya etilishi asosida saralanadi.

Shu bilan birga, talabgorlar va ularning aksiyadorlari davlat kompaniyasi bo‘lmasligi, Yevropa Ittifoqi, AQSh hamda xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmagan, sanksiyalarga qarshi faoliyatga jalb qilinmagan bo‘lishi kerak.

Talabgorlar arizalarini o‘zbek, rus yoki ingliz tillarida joriy yilning 1-avgust kuni soat 18:00 gacha oleg.pushkarev@rothschildandco.com, fara.babayev@rothschildandco.com, ssandykbayeva@kpmg.com elektron pochta manzillariga yuborishlari mumkin.

Birinchi bosqich yakuni bilan navbatdagi bosqichga o‘tganlar ro‘yxati shakllantiriladi. Qiziqish bildirgan barcha talabgorlarga jarayon xati yuborilib, keyingi bosqich to‘g‘risida individual ravishda xabardor qilinadi.

Kompaniya haqida

Universal Mobile Systems MobiUz Mobiuz brendi ostida GSM, UMTS va 4G LTE standartlarida mobil uyali aloqa xizmatlari va mobil internet xizmatlarini taqdim etadi. 2024-yilda kompaniyaning sof tushumi 2,086 trln so‘mni, abonentlari soni esa 7,8 mln nafarni tashkil etdi.

Kompaniya O‘zbekiston va MTS o‘rtasidagi kelishuv asosida tashkil etilgan, biroq 2016-yilda rossiyalik operator o‘z ulushini sotib yuborgan. 2018-yilda Raqamli ishonch davlat jamg‘armasi, u 2021-yilda tugatilgach, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi UMS egasiga aylandi.

Shavkat Mirziyoyev 2022-yil bahorida tasdiqlangan dasturda UMS’ni xususiylashtirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Bir necha oy o‘tgach, Davaktiv agentligi kompaniyani sotish uchun konsultantlar izlashni boshlaganini e’lon qildi.

Joriy yilning aprel oyida prezident davlat aktivlarini, shu jumladan UMSni xususiylashtirish bo‘yicha yangi qarorni imzoladi. Undan biroz oldin esa Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortiqov yaqin kelajakda mobil aloqa operatorining ulushini “xalqaro ochiq savdolarga” qo‘yish rejalarini ma’lum qilgandi.

Avvalroq 2025-yilda 30 trln so‘mlik davlat mulkini xususiylashtirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.