O‘zbekneftgaz 2027-yildan boshlab davlat kafolatlari ostida olinadigan kreditlardan to‘liq voz kechishni ko‘zda tutmoqda. Bu haqda 27-oktabr kuni davlat kompaniyasi boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Hamroyevning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya davlat kafolati ostidagi qolgan $840 mln miqdoridagi kreditlarni qayta moliyalashtirishni yakunlamoqda. Agar ushbu ishni uchinchi-to‘rtinchi choraklarda tugatishga erishilsa, 2027-yildan boshlab kredit portfelida bunday qarzlar qolmaydi.
“Biz faqat davlatga qaram bo‘lishni to‘xtatdik”, — dedi Hamroyev davlat kafolatlaridan voz kechishning kompaniya kredit reytingiga ehtimoliy ta’sirini izohlar ekan.
Uning qayd etishicha, Fitch Ratings va S&P xalqaro reyting agentliklari bilan uchrashuvlarda kompaniyaning moliyaviy holati davlat ko‘magiga tobora kamroq bog‘liq bo‘lib borayotgani tushuntirilgan. Hamroyevga ko‘ra, davlat tomonidan belgilanadigan xomashyo va tovar mahsulotlarining sotish narxlari bosqichma-bosqich bozor narxlariga yaqinlashmoqda.
O‘zbekneftgaz rahbarining birinchi o‘rinbosari davlat kafolatisiz kreditlar ajratilishi banklarning ishonchidan dalolat berishini ham ta’kidladi: ular qaror qabul qilishdan oldin kompaniyaning so‘nggi bir yillik va so‘nggi olti oylik moliyaviy ko‘rsatkichlarini chuqur tahlil qiladilar.
Hamroyev olib borilayotgan ishlar xalqaro reyting agentliklarining baholariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga umid bildirdi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Xitoy bilan AI-92 va undan yuqori benzin hamda dizel importini muhokama qilayotgani haqida yozgan edi.