Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) 13-sammitida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Sammitda Turkiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston prezidentlari, Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri hamda TDT Bosh kotibi qatnashdi. Unda Mirziyoyev turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi savdo, investitsiya, transport, turizm va madaniy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bir qator takliflarni bildirdi.

Davlat rahbari xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha muntazam siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish, shuningdek, uchinchi mamlakatlar bilan “Turkiy davlatlar tashkiloti plus” formatidagi hamkorlikni sohaviy vazirlar uchrashuvlaridan boshlashni taklif qildi.

Shuningdek, 100 ta strategik qo‘shma investitsiya va sanoat loyihasini qamrab oluvchi “Turkiy dunyo — 100” dasturini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Dastur nodir minerallarni qayta ishlash va “yashil” energetika uskunalarini mahalliylashtirish kabi yo‘nalishlarni qamrab olishi mumkin. Loyihalarni Turkiy investitsiya jamg‘armasi va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish taklif etildi.

Transport va logistika sohasida “Turkiy davlatlar logistika komplekslari tarmog‘i"ni tashkil etish hamda birgalikda boshqarish taklif qilindi. Bu orqali O‘rta koridor imkoniyatlaridan samaraliroq foydalanish va xalqaro yuk tashishdagi hamkorlikni kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Turizm yo‘nalishida “Turkiy turizm alyansi"ni tashkil etish, fuqarolarning o‘zaro safarlarini yengillashtirish uchun ko‘p tomonlama bitim ishlab chiqish tashabbuslari bildirildi. Ushbu bitim doirasida ID-kartalar orqali safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish, chegaradan o‘tish va mezbon mamlakatda bo‘lish tartibini soddalashtirish taklif etildi.

Prezident, shuningdek, tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish uchun tijorat ishlari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risida ko‘p tomonlama shartnoma tuzish va hujjatlarni elektron almashish platformasini yaratish tashabbusini ilgari surdi.

Ta’lim va madaniyat sohasida “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” dasturi doirasida turkiy davlatlar fuqarolariga har yili grantlar ajratish hamda barcha turkiy xalqlar uchun tushunarli bo‘lgan umumturkiy so‘zlar lug‘atini yaratish taklif qilindi. Shuningdek, 2027-yilni “Tabiatni asrash yili” deb e’lon qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangani qayd etildi.

Sammit yakunida Anqara deklaratsiyasi va hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan boshqa hujjatlar qabul qilindi. Tashkilotning yangi Bosh kotibi lavozimiga O‘zbekiston vakili Mirvohid Azimov nomzodi qo‘llab-quvvatlandi. Keyingi sammit 2027-yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Avvalroq Spot prezident Todd Boeli bilan tog‘-kon sanoati va metallurgiya loyihalarini muhokama qilgani haqida yozgan edi.