Shavkat Mirziyoyev 23-oktabr kuni Amerikaning Eldridge Industries kompaniyasi hammuassisi, raisi va bosh ijrochi direktori Todd Boelini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Korporatsiya bilan yirik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Prezident hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida tog‘-kon sanoati, metallurgiya, qurilish sohalaridagi sheriklikni kengaytirish hamda shahar infratuzilmasiga raqamli yechimlarni joriy etish masalasini belgilab berdi.
Muzokaralar yakunida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori Shuhrat Vafayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islomov hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov ham qatnashdi.



Eldridge Industries aktivlarni boshqarish, sug‘urta, ko‘chmas mulk, infratuzilma, texnologiyalar, sport va media sohalarida faoliyat yurituvchi AQSHning investitsiyaviy xoldingidir. Boshqaruvida qiymati $75 mlrd dan ziyod aktivlar mavjud.
Avvalroq Spot Bekobodda $200 mln lik sanoat texnoparki tashkil etilayotgani haqida yozgan edi.


