McDonald’s kompaniyasining Xitoydagi bo‘linmasi fri kartoshkasi solinadigan idish shaklida dizaynga ega simsiz sichqonchani esdalik sovg‘asi sifatida taqdim etdi.
Sichqoncha qayta ishlangan plastmassadan tayyorlangan. G‘ayrioddiy dizayniga qaramay, undan to‘laqonli ish qurilmasi sifatida foydalanish mumkin.
Uning haqiqiy ishlab chiqaruvchisi — Lenovo kompaniyasi. Sichqoncha jim ishlaydigan tugmalar, 380 mA·soat sig‘imli akkumulyator, DPI sezgirligini sozlash va Bluetooth orqali ulanish imkoniyatiga ega.
Mahsulot juda cheklangan miqdorda chiqarilgan: kompaniya 22 va 23-oktabr kunlari atigi 4 ming dona sotadi. Sichqonchani McDonald’s ilovasi yoki WeChat orqali 99 yuan (taxminan $14,82) evaziga xarid qilish mumkin.
Qayd etilishicha, to‘plamga kompaniyaning o‘ziga xos dizaynidagi g‘ilof ham kiradi. U yoyilganda sichqoncha uchun gilamchaga aylanadi.
Hozircha ushbu sichqonchani boshqa mamlakatlarda sotuvga chiqarish bo‘yicha e’lonlar bo‘lmagan.
Ehtimol, u Xitoy bozoriga xos mahsulot bo‘lib qoladi, keyinchalik esa eBay kabi savdo platformalari orqali butun dunyoga tarqaladi.
McDonald’s’ning esdalik sovg‘alari ko‘pincha qayta sotish va narxini oshirish maqsadida xarid qilinadigan mahsulotlarga aylanadi.
Avvalroq Spot Yaponiyadagi McDonald’s kompaniyasi kartoshka fri hidli atir chiqargani yozgandi.
Atir idishi o‘ziga xos dizayn va shaklga ega bo‘lib, u qizil va sariq rangli kartoshka fri qadog‘iga o‘xshaydi.