Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni Qamashi tumanidagi Chim mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va aholi bandligini ta’minlash choralari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Chimda 5,5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, ularning qariyb yarmini yoshlar tashkil etadi. Infratuzilmani yangilashga 55 mlrd so‘m yo‘naltirilib, 240 o‘rinli bolalar bog‘chasi, 640 o‘rinli maktab, mahalla va yoshlar markazlari, istirohat bog‘i barpo etilgan. Shuningdek, 4,5 km yo‘l qurilib, elektr ta’minoti va sug‘orish tarmoqlari yangilangan.
Mahallada 70 ta tadbirkor faoliyatini kengaytirgan, yana 20 ta biznes ochilgan. Avtomagistral bo‘yidagi xizmat ko‘rsatish obyektlari soni 31 tadan 137 taga yetib, 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan. Chim va unga qo‘shni mahallalardagi 1,2 mingta xonadon kooperatsiya asosida farmatsevtika va kosmetika sanoatida qo‘llaniladigan gulxayri o‘simligini yetishtirmoqda.
Shavkat Mirziyoyev qashqadaryolik bir guruh faxriylar va ziyolilar bilan muloqotda viloyatda zamonaviy qurilishlarni rivojlantirish, investitsiyalar jalb qilish va aholi daromadini oshirish zarurligini qayd etdi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanali lavhasida ma’lum qilindi.
“Yoshlarimiz o‘sib kelyapti, ularga zamonaviy joy kerak. Ular ham osmono‘par binolarda yashashni xohlaydi. Nima uchun bunday binolar faqat Toshkentda bo‘lishi kerak? Qarshiga ham yarashadi endi”, — dedi prezident.
Davlat rahbari endi qurilish sohasida o‘zgarishlar bo‘lishini, viloyatda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilayotganini qayd etdi. Xususan, qiymati $4,8 mlrd lik loyihalarga tamal toshi qo‘yildi, $1,3 mlrd lik loyihalar esa ishga tushirildi. “Qashqadaryoda bunday raqamlar, milliard-milliard dollarlar bo‘lmagan. Qilsa bo‘lar ekan”, — dedi Mirziyoyev.




Prezident Qashqadaryo aholisining yaxshi yashash va daromadli bo‘lishga haqli ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Qamashi tumanida yangi yerlarni o‘zlashtirish, chorva mollari va qo‘ylar sonini ko‘paytirish, go‘sht narxini arzonlashtirish, baliqchilik va parrandachilikni rivojlantirish masalalariga to‘xtaldi.
“Hozir hokimga topshiriq berib kelyapman, qanday qilib Qashqadaryoda tuyoq sonini, molni, qo‘yni ko‘paytirish, go‘shtni arzon qilish bo‘yicha nima qilish kerak bo‘lsa, menga taklif aytadi. Baliqni va parrandani ham ko‘paytirish kerak, bu aholi dasturxoniga ta’sir qiladigan ne’mat. Shu ne’matlarni joy-joyiga qo‘ysak, odamlar balandparvoz gapni majlisdan emas, dasturxonidan eshitadi. Mahsulot arzon bo‘lsa, odamlarga ma’qul bo‘ladi. Oddiy odamni qozoni qaynamasa, u rozi bo‘lmaydi”, — dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, G‘uzorda gektaridan 72 sentner paxta olinayotganini qayd etib, ilm orqali yuqori natijalarga erishish mumkinligini bildirdi. “Maqsad bitta, yer baribir bizni boqadi”, — dedi u.
Avvalroq Spot G‘elondagi tog‘-chang‘i kurortining birinchi bosqichi 2027-yilda ochilishi haqida yozgan edi.



