Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida umumiy qiymati $6 mlrd dan ziyod bo‘lgan 161 ta loyihani ishga tushirish va qurilishini boshlash marosimida ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, ulardan 69 tasi ishga tushirilgan bo‘lsa, yana 92 tasining qurilishiga start berildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, so‘nggi besh yilda Qashqadaryoga 20 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, $7 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilingan.
Xomashyoni chuqur qayta ishlashga qaratilgan minglab loyihalar ishga tushirilgan, aholi jon boshiga daromad esa uch baravar oshgan.
“Endi yetishtirilgan mahsulotni viloyatning o‘zida chuqur qayta ishlab, voha aholisining munosib daromad topishiga sharoit yaratish kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ishga tushirilayotgan 28 ta sanoat korxonasida qariyb 7 mingta doimiy ish o‘rni yaratilmoqda. Italiyaning Cotonella brendi yiliga 8,5 mln dona tayyor trikotaj mahsuloti ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda.
Koson, Mirishkor va Kasbi tumanlarida to‘qimachilik sohasida yana 14 ta loyiha boshlanmoqda. Ular hisobidan 18 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash yo‘nalishida ham yangi ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etilmoqda. Amerikalik hamkorlar ishtirokidagi Wosune Food Ingredients Karshi korxonasi 3,5 ming gektar maydonda yetishtiriladigan 100 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlaydi.
Korxonada ishlab chiqariladigan $40 mln lik mahsulotni Nestlé va Purina kabi xalqaro brendlar uchun eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.



Misr va Pokiston investorlari esa Nishon va G‘uzor tumanlarida 24 ming gektar yerni o‘zlashtirib, kartoshkachilik va chorvachilik loyihalarini boshlamoqda.
“Yashil” iqtisodiyot viloyatni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lishi ta’kidlandi. Oqsuv daryosida umumiy quvvati 24 MVt bo‘lgan uchta gidroelektr stansiyasi ishga tushirildi.
Qarshi tumanida Xitoyning Shanghai SUS kompaniyasi ishtirokida chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan $150 mln lik zavodni yil yakuniga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Kitob, Yakkabog‘ va Shahrisabz tumanlarida umumiy quvvati 58 MVt bo‘lgan to‘qqizta mikroGES barpo etiladi.
Kitob tumanida Ozarbayjon bilan hamkorlikda oltin qazib olish loyihasi boshlanmoqda. Shahrisabz tumanida esa rossiyalik investorlar bilan $300 mln lik dor yo‘li, mehmonxona va tog‘-chang‘i kurorti majmuasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Prezident xorijiy hamkorlar va investorlarga viloyatga sarmoya, yangi texnologiyalar va innovatsiyalar olib kirayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, ularning takliflarini tingladi.
“2027-yil Qashqadaryoni zamonaviy sanoat va agrotexnologiyalar asosida rivojlantirish yili bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Avvalroq Spot Yangi Toshkentda $1 mlrd lik 7 ta obyekt ishga tushirilib, yana $2,5 mlrd lik loyihalar qurilishi boshlangani haqida yozgandi.


