Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda bunyod etilgan inshootlarni ishga tushirish va yangi loyihalarning qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uch yil avval qurilishi boshlangan Yangi Toshkent hududida birinchi bosqichning o‘zida $50 mlrd lik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Shaharda 2 ming gektar yashil maydon va 500 gektar istirohat bog‘lari tashkil etiladi. Yashil qurilish standartlari asosida 150 mln kvadrat metr turar va noturar joy maydonlari barpo qilinadi.

O‘tgan davrda Yangi Toshkentda $2 mlrd lik ishlar bajarildi. Turar joylar, universitetlar, kutubxona va amfiteatr qurildi. Bugungi marosimda umumiy qiymati $1 mlrd bo‘lgan yettita obyekt ishga tushirildi.

Bular Sharq bahori turar joy majmuasining birinchi bosqichi, yo‘l va infratuzilma obyektlari, Yangi Toshkent 1-son nimstansiyasi, trigeneratsiya stansiyasi, Savdo-sanoat palatasi binosi, Sohil bog‘i istirohat bog‘i hamda 2 ming o‘rinli umumtaʼlim maktabidir.

Turkiyaning MIMSAN kompaniyasi ishtirokida $73 mln investitsiya hisobiga barpo etilgan trigeneratsiya stansiyasi 100 ming xonadonni markazlashgan tarzda isitish va sovitish, ayni paytda elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.

Xitoyning Haocheng Industry Group Limited kompaniyasi bilan qurilgan nimstansiya va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari loyihasining qiymati $95 mln ni tashkil etadi.

Shuningdek, 18 kilometr avtomobil yo‘li barpo etilib, 13 kilometr kanalizatsiya va 4,5 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Qirg‘oq bo‘ylab 10 kilometrlik Sohil bog‘ida piyodalar va velosiped yo‘laklari tashkil qilindi. Sharq bahori turar joy majmuasining ilk bosqichida qariyb 7 mingta xonadon qurildi.

Marosimda Xitoy, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa xorijlik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati $2,5 mlrd bo‘lgan yana o‘nta yirik loyiha qurilishiga start berildi.

Ulardan biri yuqori texnologik mahsulotlar va yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Deep Tech park sanoat hududidir. Uni barpo etishga $320 mln yo‘naltiriladi. Kelgusida bu yerda umumiy qiymati $1,7 mlrd lik loyihalar joylashtiriladi.

Finlyandiyaning MariMatic kompaniyasi ishtirokida chiqindilarni to‘plash va ulardan “yashil” elektr energiyasini olish loyihasi amalga oshiriladi. Shuningdek, ko‘p kvartirali uylar tomiga umumiy quvvati 20 mVt bo‘lgan fotoelektr tizimlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Yangi Toshkentni poytaxt bilan bog‘lash uchun Temur Malik ko‘chasi va 4R12 avtomobil yo‘li o‘rtasida ko‘prik, yo‘l o‘tkazgich va 10 kilometr yo‘l quriladi. Metro bekatlari bilan tutashgan yer osti avtoturargohini barpo etish ham yangi loyihalardan biri.

Umumiy maydoni 818 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan Metropolis biznes-sitida ofislar, mehmonxona, turar joylar va xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashadi. Maydonning 500 ming kvadrat metr qismi biznes uchun mo‘ljallangan. Bu yerda 1,5 ming nafar odamning bandligini taʼminlash ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Silk City, Mavj va Marjon turar joy majmualari hamda 120 o‘rinli Yangi Toshkent markaziy shifoxonasi quriladi.

Davlat rahbari ushbu loyihalar Yangi Toshkentning biznes, turizm va madaniyat markazi sifatida shakllanishiga xizmat qilishini taʼkidlab, shahar bunyodkorligida ishtirok etayotgan quruvchilar, muhandislar, loyihachilar va xorijlik hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

Spot avvalroq Yangi Toshkentdan poytaxt tumanlari va viloyatlarga 100 gektardan yer ajratilishi haqida yozgandi.