Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliyot markazida transport-logistika sohasi investorlari va tadbirkorlari bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.
Unda prezident jamoat transportini rivojlantirish va yo‘lovchilarga qulay sharoit yaratish bo‘yicha yangi vazifalarni belgiladi.
So‘nggi uch yilda tadbirkorlar tomonidan 3,5 mingdan ziyod zamonaviy avtobus olib kelindi, 330 ta yo‘nalish yangi tizimga o‘tkazildi. Natijada kunlik yo‘lovchilar oqimi Toshkentda ikki barobar, hududlarda esa 2,5 barobar oshdi.
Endilikda poytaxtni aglomeratsiya hududlari bilan bog‘lovchi, uzunligi 20 kilometrgacha bo‘lgan barcha avtobus yo‘nalishlari to‘liq “brutto” tizimiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, kamida 100 ta avtobusga mo‘ljallangan avtobus saroylarini quradigan tadbirkorlarning qurilish xarajatlari soliq bazasidan chegirib beriladi.
Mutasaddilarga bir oy muddatda olis hududlarni shaharlar bilan bog‘lovchi yo‘nalishlar uchun tadbirkorlarga manfaatli yangi moliyalashtirish mexanizmini ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda Toshkent metropoliteni faoliyati ham muhokama qilindi. Hozirda poytaxtdagi yo‘lovchilarning 46%i metro xizmatidan foydalanmoqda. Metropolitendan kunlik foydalanish 25% ga oshgan va yil yakuniga qadar yo‘lovchilar soni kuniga 1,3 mln nafarga yetishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, bekatlarda tirbandlik va poyezdlarga chiqishda navbatlar kuzatilayotgani qayd etildi.
Muammoni kamaytirish maqsadida keyingi ikki yilda 28 ta besh vagonli poyezd olib kelinadi. Bundan tashqari, hozir foydalanilayotgan 40 ta to‘rt vagonli poyezd ham besh vagonli tizimga o‘tkaziladi.
Avvalroq Spot Toshkent metrosidagi poyezdlarning 80%i 2027-yil sentabrgacha besh vagonli qilinishi haqida yozgandi.