Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliyot markazida transport-logistika sohasi investorlari va tadbirkorlari bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.

Davlat rahbari xalqaro moliya tashkilotlari va investorlarni umumiy qiymati $8 mlrd bo‘lgan temir yo‘l loyihalarida hamkorlik qilishga chaqirdi.

Prezidentning aytishicha, “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘li ishga tushishi bilan yuk tashish hajmi 10 barobar oshib, yiliga 15−16 mln tonnaga yetishi kutilmoqda. Shu bois milliy temir yo‘l infratuzilmasini shunga mos ravishda rivojlantirish kerak.

Hozir temir yo‘llarning 25% i to‘liq quvvatda, 15% i esa ortiqcha yuklama bilan ishlamoqda.

2030-yilgacha:

  • 545 km yangi temir yo‘l liniyalari quriladi;
  • elektrlashtirilgan yo‘llar ulushi 65% ga yetkaziladi;
  • elektropoyezdlar parki 31 taga yetkaziladi.

Kelasi yili Angren — Pop temir yo‘l liniyasi modernizatsiya qilinadi, bu yo‘nalishda ikkinchi liniya qurish masalasi ham ko‘rib chiqiladi. Apreldan To‘qimachi — Angren yo‘nalishida ikkinchi temir yo‘l qurilishi boshlanadi.

Shuningdek, Toshg‘uzor — Qumqo‘rg‘on uchastkalarini modernizatsiya qilish yakunlanadi. Andijon — Xonobod va Qumqo‘rg‘on — Quduqli yo‘nalishlari to‘liq elektrlashtiriladi. Toshkent — Samarqand yo‘nalishida esa alohida yuqori tezlikdagi liniya qurishga kirishiladi.

Uchrashuvda so‘nggi yillarda yo‘l qurilishi bo‘yicha malakali mutaxassislar, yirik mahalliy pudratchi va muhandislik-konsalting kompaniyalari shakllangani aytildi.

Xalqaro moliya institutlariga mahalliy mutaxassislarni xorijdagi yirik loyihalarga muhandis-konsultant sifatida jalb qilish taklif etildi. Yo‘l qurilishida tajriba orttirgan O‘zbekiston kompaniyalarini xorijiy tenderlarda ishtirok etishga tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dastur ishlab chiqish taklifi ham bildirildi.

Shu yilning 6-yanvarida Koreya Eksimbankining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Sangjin Kang O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida Toshkentdan Samarqandga tezyurar temir yo‘lni 2030-yilda qurib, ishga tushirish rejalashtirilgani haqida gapirgan.

Loyihani amalga oshirish muddati o‘rtacha 7−10 yilni tashkil etadi. Yuqori tezlikda harakatlanuvchi temir yo‘lni 2030-yilning birinchi yarmida to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Yo‘nalish uzunligi 300 km, o‘rtacha tezlik 185,7 km/soat, yo‘lga sarflanadigan vaqt esa 1,5 soat atrofida bo‘ladi.

2025-yil 24-oktabr kuni Janubiy Koreyaning Saman Engineering kompaniyasi Transport vazirligi, O‘zbekiston temir yo‘llari va boshqa idoralar takliflari asosida Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘lining 3 ta variantini taqdim etdi.

Sangjin Kang tomonidan e’lon qilingan parametrlar birinchi variantga mos keladi, unga ko‘ra temir yo‘l uzunligi 282 km, yo‘lga ketadigan vaqt 1 soat 26 daqiqa, o‘rtacha tezlik esa 185,7 km/soatni tashkil etadi. Umumiy uzunligi 8,9 km bo‘lgan 74 ta ko‘prik va 3 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan.

Avvalroq O‘zbekiston temir yo‘llari tariflarni shakllantirishning yangi metodikasini ishlab chiqayotgani haqida xabar berilgandi.