O‘zbekiston temir yo‘llarida temir yo‘l sohasi uchun yangi tarif metodologiyasini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda Jahon banki ishtirokidagi xalqaro konsultantlar hamda tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari qatnashdi.
Unda Jahon banki ko‘magida jalb etilgan mahalliy ekspertlar tomonidan tayyorlanayotgan yangi tarif metodologiyasi bo‘yicha yakuniy takliflar ko‘rib chiqildi.
Yangi metodologiya transport xizmatlari narxlarini shakllantirishning shaffof mexanizmlarini joriy etish, infratuzilmadan foydalanish samaradorligini oshirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoit yaratishni nazarda tutadi.
Metodologiyaning asosiy maqsadi temir yo‘l tizimini iqtisodiy jihatdan mustaqil va raqobatbardosh tizimga aylantirishdan iborat.
Yig‘ilish yakunida bildirilgan takliflar asosida hujjatni takomillashtirish bo‘yicha keyingi amaliy qadamlar belgilandi.
Ekspertlar tarif metodologiyasini yakunlash va uni yaqin muddatlarda tasdiqlashga kiritish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga kelishib oldi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston temir yo‘llari YTTBdan 38 mln yevrodan ortiq kredit olishi haqida yozgandi.