Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekiston temir yo‘llariэni raqamli transformatsiya qilish uchun kredit ajratishni tasdiqladi. Bu haqda tashkilot saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, bank tomonidan temiryo‘l operatori uchun ajratiladigan moliyalashtirish hajmi 38,4 mln yevrogachani tashkil etadi.
Bu mablag‘lar harakat va tashuvlarni boshqarish dasturiy ta’minotini joriy etishga, shuningdek, kiberxavfsizlik tizimlarini modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi.
Loyiha qo‘lda bajariladigan jarayonlarni dispetcherlik, rejalashtirish va tezkor boshqaruv uchun mo‘ljallangan zamonaviy raqamli yechimlarga almashtirish orqali poyezdlar harakatini boshqarishdagi samarasizlikni bartaraf etish imkonini beradi.
YTTB tomonidan kutilishicha, raqamli transformatsiya temiryo‘l operatsiyalarining xavfsizligi va ishonchliligini ta’minlaydi, shuningdek, yangi tarmoq standartlarini joriy etishga va iqtisodiy samaradorlikni oshirishga ko‘maklashadi. Kiberxavfsizlik bo‘yicha yangi choralar ilg‘or xalqaro amaliyotlarga mos keladi.
Bank O‘zbekiston ichida ham, Transkaspiy yo‘lagi bo‘ylab ham yuk va yo‘lovchi tashishni optimallashtirish yakuniy maqsadida O‘TY'ga moliyaviy ko‘mak taqdim etmoqda. Mazkur loyiha YTTB uchun davlat sektoridagi shu turdagi birinchi loyiha bo‘ldi.
Mart oyida Jahon banki O‘zbekistonga transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun $200 mln ajratishi haqida xabar berilgandi.
Yangi loyiha doirasida Surxondaryo viloyatida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi “Avtoyo‘linvest” agentligi M41 mintaqaviy avtomobil yo‘lining 91 km qismini rekonstruksiya qiladi.
Ushbu yo‘l O‘zbekistonni Tojikiston, Qirg‘iziston Respublikasi va Afg‘oniston bilan bog‘laydi. Mavjud ikki qatorli yo‘l to‘rt qatorli avtomagistralga kengaytiriladi.
Rekonstruksiya yakunlangach, ushbu yo‘l qismidan har kuni qariyb 35 ming haydovchi va yo‘lovchi foydalanadi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston temir yo‘llarining sof foydasi birinchi chorakda ikki baravar oshgani haqida yozgandi.
Davlat kompaniyasining daromadi 21% ga, yalpi foydasi esa 44%cga oshdi. Shu bilan birga, umumiy xarajatlar 15,9% ga kamaydi.