2026-yil 1-noyabrdan Toshkentda isitish va issiq suv tariflari oshirilishi mumkin. Tegishli o‘zgarishlar Qurilish vazirligi tomonidan Veolia Energy Tashkent kompaniyasi uchun ishlab chiqilgan hukumat qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, tariflar o‘rtacha 30% ga qimmatlashishi mumkin:

  • Markaziy isitish: kuniga 1 kv. m uchun 241,44 so‘mdan 314 so‘mga;
  • Issiq suv (hisoblagich bilan): 1 kub metr uchun 8 928,67 so‘mdan 11 607 so‘mga;
  • Aholi uchun issiqlik energiyasi (QQS bilan): 1 Gkal uchun 156 644 so‘mdan 203 636 so‘mga oshishi taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, hisoblagichsiz issiq suv uchun to‘lov bir kishi uchun oyiga 52 303,39 so‘mdan 45 330 so‘mga, umumiy dushli yotoqxonalarda yashovchilar uchun esa 38 908,16 so‘mdan 33 720 so‘mga kamayishi mumkin.

Poytaxtda isitish tariflari oxirgi marta 2025-yil noyabr oyida 15% ga oshirilgan edi. O‘shanda 1 Gkal issiqlik narxi 139 860 so‘m etib belgilangan. Tariflarni oshirish taklifini Veolia Energy Tashkent kompaniyasi ilgari surgan, 2025-yil 27-oktabrda shahar hokimi Shavkat Umurzoqov tomonidan tasdiqlangan.

Shuningdek, 2028-yildan mamlakat bo‘yicha aholiga ko‘rsatiladigan markazlashgan issiqlik ta’minoti xizmatlari tariflarini har yili 1-maydan indeksatsiya qilib borish taklif etilmoqda. O‘zgarishlar yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqib hisoblanadi, biroq tariflar o‘sishi 10% dan oshmasligi kerak.

Qaror loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamalari joriy yilning 28-oktabrigacha davom etadi. Fikr-mulohazalarni havola orqali jo‘natish mumkin.

Spot tariflarning oshirilishi aholi xarajatlariga qanday ta’sir qilishi mumkinligi, shuningdek, isitish xizmatlari sifati borasida qanday fikrda ekanini o‘rgandi.

So‘rovnomaning video formatini batafsil quyidagi havola orqali ko‘rish mumkin:


Oldin xizmat sifatini yaxshilash kerak

“Biz u yoqda qilayotgan mehnatimizni sizlar ko‘rmaysizlar. Issiq suvga ketayotgan xarajatlar ham bor. Menimcha, [oshirilishi] to‘g‘ri deb o‘ylayman”, — deydi sohaga aloqador respondentlardan biri.

Yana bir fuqaro ham davlat va soha ehtiyojlarini hisobga olish kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, tariflarni oshirish davlat budjeti uchun zarur bo‘lishi mumkin.

Biroq so‘rovnoma ishtirokchilarining bir qismi tariflarning 30% ga oshirilishiga qarshi fikr bildirdi. Ularning aytishicha, bu, ayniqsa, pensionerlar va oilada faqat bir kishi daromad topadigan xonadonlar uchun qo‘shimcha moliyaviy yuk bo‘ladi. “30% ga oshishi — aqlga to‘g‘ri kelmaydigan ish-ku. Pensionerlar buni qanday to‘laydi?” — deydi respondentlardan biri.

Shuningdek, ishtirokchilar ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga to‘xtalib, infratuzilmaning eskirgani va har yili takrorlanadigan qazish hamda ta’mirlash ishlariga e’tibor qaratdi.

“Issiq suvni ochganimizda, avvaliga sarg‘ish, zanglagan suv keladi. Uni oqizib, toza suv kelguncha kutganimizda, ancha suv isrof bo‘ladi. Hisoblagich esa sarflangan suvni hisoblayveradi. Shuning uchun, menimcha, tariflarni oshirishdan oldin, avvalo, shu muammolarni hal qilish kerak”, — deydi suhbatdoshlardan biri.

Ularning fikricha, tariflarni oshirishdan avval tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etish, muammolarni vaqtincha hal qilishga mablag‘ sarflash o‘rniga, issiqlik va suv ta’minoti infratuzilmasini to‘liq yangilash zarur.

Nimalar taklif qilinmoqda?

“Imkon bo‘lsa, markaziy isitish tizimidan voz kechib, har bir xonadonning o‘zida alohida isitish tizimini tashkil etish kerak. Buning uchun davlat subsidiya, imtiyozli kredit yoki boshqa yordamlar ajratsa, juda katta foyda bo‘lardi. Bu orqali kommunal xizmatlar bilan bog‘liq noqulayliklar va aholining noroziligini ham kamaytirish mumkin”, — deya taklif bildirdi respondentlardan biri.

Boshqa bir ishtirokchining fikricha, markaziy isitish tizimiga ulangan xonadonlarda issiqlikning o‘z vaqtida berilmasligi va issiq suv ta’minotidagi uzilishlar aholiga noqulaylik tug‘diradi. Xizmatlar o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilsa, tariflar oshishi unchalik sezilmasligi mumkin. Biroq, uning ta’kidlashicha, narxlar 5% yoki 30% ga oshishidan qat’i nazar, bu aholi uchun qo‘shimcha xarajat keltirib chiqaradi.