G‘aznachilik — bankning eng yopiq bo‘limlaridan biri: valyuta ayirboshlash kursi, omonat va kredit stavkalari hamda hisob-kitoblarning uzluksizligi uning qarorlariga bog‘liq bo‘lishiga qaramay, mijozlar u haqida deyarli hech narsa bilmaydi.

InfinBANK boshqaruvi raisi o‘rinbosari Ruslan Karimov Spot’ga g‘aznachi kuni qanday tashkil etilgani, bankka sun’iy intellekt nima uchun kerakligi, nega omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari pasayayotgani va omonatchi ishonchli bankni qanday tanlashi mumkinligi haqida gapirib berdi.

Quyida matn qisqartirilgan holda berilgan.


Ruslan Anvarovich, g‘aznachilik o‘zi nima va u nima bilan shug‘ullanadi?

G‘aznachilik — bu, birinchi navbatda, likvidlik va ochiq valyuta pozitsiyasini boshqarish degani.

Murakkab narsalarni oddiy so‘zlar bilan tushuntirish uchun keling, oddiy bir odamni misol qilib olamiz. Uning doimiy pul kelib tushadigan manbalari bor: oylik, bank omonatidan tushadigan daromad yoki, ehtimol, xonadonni ijaraga berishdan keladigan daromad. Shuningdek, chiqimlar ham mavjud: kommunal xizmatlar to‘lovi, bolalarning cho‘ntak puli, texnika xaridi yoki kutilmagan xarajatlar — masalan, tish og‘rib qolib, stomatologga borish kerak bo‘lsa. Bu odam har kuni qandaydir pullar kelishini, qandaydir pullar esa ketishini tushunadi. G‘aznachilik ham xuddi shunday odam, faqat bank miqyosida.

Odamlar va kompaniyalar omonat yoki hisobvaraq ochish uchun olib kelayotgan pullari bank uchun kiruvchi oqim hisoblanadi. Chiquvchi oqim esa bank kredit ajratganda yoki mablag‘larini, masalan, obligatsiyalarga joylashtirganda yuzaga keladi.

Har bir insonda bo‘lgani kabi, bankda ham doimo pul taqchilligi yoki ortiqchaligi kuzatiladi. G‘aznachilik aynan mana shularni boshqaradi. Biz “likvidlikni boshqarish” deganda aynan kiruvchi va chiquvchi pul oqimlarini boshqarishni nazarda tutamiz.

G‘aznachilik amalga oshiradigan va mijoz buning ta’sirini o‘zida his qiladigan biror narsa bormi?

Aytaylik, siz ChatGPT’ga obuna xarid qilmoqchisiz. Buning uchun InfinBANK’da Visa Zero valyuta kartasini ochasiz, kassaga borib, so‘mga valyuta sotib olasiz, uni kartaga tushirasiz va obuna uchun to‘laysiz. Bir qarashda, bu yerda g‘aznachilikning ishtiroki sezilmaydigandek tuyuladi. Biroq, ham jismoniy, ham yuridik shaxslar uchun siz pul ayirboshlagan kursni aynan u belgilaydi.

Lekin bu juda katta hajmdagi ish-ku.

Xuddi shunday. G‘aznachilik har kuni taxminan 1 trillion so‘mlik mablag‘ doirasida qarorlar qabul qiladi: ortiqcha mablag‘ yuzaga kelsa, uni qayerga yo‘naltirish va mablag‘ yetishmasa, pulni qayerdan jalb qilish borasida. Bu har kuni olib boriladigan qizg‘in ish.

Siz bank sohasiga deyarli 20 yil oldin kirib kelgansiz. Nima uchun aynan bankni tanlagansiz?

Faoliyatimni 2007-yilda boshlagan bo‘lsam ham, bankirlar oilasida katta bo‘lganman: otam ham, onam ham tijorat banklarini boshqargan.

Butun bolaligim va yoshligim bankda o‘tgan. Filial ichida yugurib yurganim, mendan: “Ruslan, katta bo‘lsang, kim bo‘lasan?” deb so‘rashganda, doim “Bankir bo‘laman!” deb javob berganim kechagidek esimda. Mana, bu orzum ushaldi.

Shunday martabaga erishganimdan juda xursandman va o‘z ishimdan cheksiz zavq olaman. Hayotda o‘zingizga yoqadigan ishni topish juda muhim — shundagina u sevimli mashg‘ulotingizga aylanadi.

Hozirda siz butun bank moliyasi uchun javobgarsiz. Bu vazifa g‘aznachilik direktori faoliyatidan nimasi bilan farq qiladi?

Faoliyatim davomida turli yo‘nalishlarda ishladim: g‘aznachilik, tavakkalchiliklarni boshqarish hamda chakana biznes yo‘nalishi — bu sohada xususiy mijozlar uchun mahsulotlarni rivojlantirishga mas’ul edim. Hozirda moliyaviy blokka javobgarman. Unga to‘rtta yo‘nalish kiradi:

  • g‘aznachilik;
  • moliyaviy rejalashtirish va tahlil — oddiy qilib aytganda, biz budjetni tuzamiz va uning ijrosini nazorat qilamiz;
  • soliq boshqaruvi — barcha soliqlarni to‘g‘ri hisoblash va to‘lash;
  • xalqaro jamg‘armalar, kreditorlar, investorlar va reyting agentliklari bilan ishlash.

infinbank, inflyatsiya, omonatlar

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

G‘aznachilikda qancha odam ishlaydi va ular nima bilan shug‘ullanadi?

Jamoamizda yetti nafar xodim ishlaydi. G‘aznachilik faoliyati uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha tashkil etilgan. Birinchisi — likvidlik va ochiq valyuta pozitsiyasini boshqarish. Ikkinchi yo‘nalish vakillik hisobvaraqlarini yuritish va savdoni moliyalashtirishni o‘z ichiga oladi. Uchinchisi — xalqaro investorlar hamda reyting agentliklari bilan ishlash.

Biz xodimlarimiz har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lishiga harakat qilamiz. Har bir xodim departamentdagi barcha vazifalarning taxminan 80 foizini bajara oladi — ular go‘yoki “universal askarlar"dek. Bu juda muhim: kimdir kasal bo‘lib qolsa yoki ta’tilga chiqsa, ish jarayoni to‘xtab qolmaydi.

Bir ish kuni qanday o‘tadi? Bu kinolarda ko‘rsatiladigan tinimsiz qo‘ng‘iroqlar, shovqin-suron va hamma ishlar hoziroq bajarilishi kerak bo‘lgan birjaga o‘xshaydimi?

G‘aznachilikdagi ish juda qizg‘in kechadi: valyuta birjasidagi savdolar, banklar va mijozlar bilan muloqot shular jumlasidan. Ammo bu filmlardagi kabi emas. Kinolarda, odatda, fond bozorini kuzatadigan va spekulyativ operatsiyalardan foyda ko‘rishga urinadigan investitsiya bankirlari ko‘rsatiladi. Biz esa spekulyatsiya bilan shug‘ullanmaymiz. Shu bilan birga, g‘aznachilikni tijorat bankining eng faol bo‘linmasi deb aytgan bo‘lardim.

Kursni qanchalik tez-tez kuzatib borasiz?

G‘aznachilik jamoasi bilan kuniga ikki marta — ertalab va kechqurun valyuta kursini muhokama qilamiz: nimalar ro‘y bergani, kurs qaysi tomonga o‘zgarayotgani va biz qanday yo‘l tutishimiz haqida gaplashamiz. Departamentning o‘zi birjani onlayn rejimda kuzatib boradi. Agar kursda keskin tebranishlar yuzaga kelsa va tezkor qarorlar qabul qilish talab etilsa, bu qarorlar departament direktori hamda rais o‘rinbosari bilan kelishiladi.

Siz o‘z faoliyatingizni 2007-yilda boshlagansiz. O‘sha paytdagi ish kuningiz hozirgisidan farq qiladimi?

Shubhasiz. Hozir ishlash sur’ati ancha tezlashdi, raqobat juda kuchli, qarorlarni tezda qabul qilish kerak. Bugungi kunda bitta xodimga tushadigan yuklama 2007-yildagidan ancha ko‘p.

O‘sha paytda hammasi qo‘l mehnati edi: ma’lumotlarni qayta ishlash va xulosa chiqarishga ko‘p vaqt ketardi. Hozir esa barcha jarayonlar ancha tez amalga oshirilmoqda. Sun’iy intellekt va ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish imkoniyati mavjud. Ulardan oqilona foydalanilsa, ancha katta hajmdagi ishni uddalash mumkin.

Sun’iy intellektdan aql bilan foydalanadigan tashkilotlar raqobatda ustunlikka erishadi va biz ham bu yo‘nalishda faol harakat qilmoqdamiz.

Sun’iy intellektdan aynan qayerda foydalanasiz?

G‘aznachilik funksiyalaridan biri — likvidlikni boshqarish. Bu yo‘nalishda biz prediktiv modellardan foydalanamiz — masalan, qarz oluvchilardan kim kreditini muddatidan oldin yopishi yoki omonatchilardan kim pulini muddatidan oldin qaytarib olishini prognoz qilish uchun. Ushbu modellar, aytaylik, kelasi oy davomida bank likvidligi bilan nima sodir bo‘lishini oldindan bilishga yordam beradi.

Biroq qarorlarni baribir odam qabul qiladi. Sun’iy intellekt — bu qo‘shimcha vosita. U jarayonlarni tezlashtirish va ma’lumotlarni tahlil qilishda ko‘maklashadi, ammo yakuniy qaror doim malaka hamda tajribaga ega bo‘lgan mutaxassis tomonidan qabul qilinadi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Siz har kuni g‘aznachilik tomonidan 1 trln so‘mlik qarorlar qabul qilinishini aytdingiz. Demak, xatoning bahosi ham katta ekan-da?

Mutlaqo to‘g‘ri. Tijorat banklarining asosiy vazifasi tavakkalchiliklarni qabul qilishdan iborat. Kredit ajratganimizda yoki boshqa banklarga qarz berganimizda, ushbu tavakkalchilikni o‘z zimmamizga olamiz. Bu tavakkalchilik yuzaga chiqmasa, juda yaxshi: kreditlar o‘z vaqtida qaytariladi, kontragent banklar esa majburiyatlarini muddatida bajaradi. Ammo ba’zida xatarlar yuzaga chiqadi.

Shuning uchun bu yerda xatolar haqida emas, balki yuzaga kelgan xatarlar haqida gapirgan bo‘lardim. Bunday hollarda biz ularning sabablari ustida ishlaymiz: tavakkalchilikni baholash jarayonida yana qaysi omillarni inobatga olish mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Bankda ehtimoliy yo‘qotishlarni imkon qadar kamaytirish maqsadida baholash modellarini takomillashtirish ustida doimiy ravishda ish olib boriladi.

Nima noto‘g‘ri ketishi mumkin?

Aytaylik, biz kompaniyaga uch yilga kredit berdik, biroq u kredit majburiyatlarini bajara olmadi. Shunda biz ortga qaytib, nimani inobatga olmaganimizni ko‘rib chiqamiz: kompaniyaning qarzini to‘lay olmasligiga qaysi ssenariy sabab bo‘lganini tahlil qilamiz.

Bunga qaysi omil ta’sir ko‘rsatganini aniqlagach, kelgusida bunday holat takrorlanmasligi uchun uni o‘z modellarimizga kiritamiz. Qarz oluvchilarning to‘lov qobiliyatiga ta’sir etuvchi omillar turlicha bo‘ladi, shu bois biz defolt ehtimolini aniqlovchi modellarni muntazam yangilab boramiz.

Bunday xato bankka qanchaga tushishi mumkin?

Narx bitim summasiga bog‘liq. Agar biz 50 mln so‘mlik kredit ajratsak, xatoning bahosi ham 50 mln bo‘ladi. Agar kredit 1 mlrd bo‘lsa, 1 mlrd xavf ostida qoladi. Hammasi summa, muddat va qarz oluvchining o‘ziga bog‘liq.

Ba’zan qarorni bir necha daqiqa ichida qabul qilish kerak bo‘lib qoladimi?

Ha, g‘aznachilik tezkor rejimda ishlashi kerak. Deylik, bozordagi kurs biz uchun noqulay tomonga o‘zgardi — bunday vaziyatda bir necha daqiqa ichida qaror qabul qilish talab etiladi. Buning uchun bankda qarorlar kim tomonidan va qanday tartibda qabul qilinishini qat’iy belgilab beruvchi tizim yo‘lga qo‘yilgan. Muayyan summagacha bo‘lgan masalalarni xodimlarning o‘zi hal qiladi. Agar belgilangan limitdan oshib ketsa, masala g‘aznachilik departamenti direktoriga, undan so‘ng esa boshqaruv raisi o‘rinbosariga o‘tadi.

Aytaylik, odam bankka pul qo‘ydi. Bu pullar keyin nima bo‘ladi?

Faraz qilaylik, sizda boshqa bank kartasi bor va InfinBANK’da omonat ochishga qaror qildingiz. Siz ushbu kartadan to‘lovni amalga oshirasiz va biroz vaqt o‘tgach, boshqa bank bizning vakillik hisobimizga pul jo‘natadi. G‘aznachilikning vazifasi bu pul oqimini tezda aniqlash va mablag‘larni qayerga joylashtirishni hal qilishdan iborat.

Bunda tez harakat qilish va tashabbuskor bo‘lish kerak. Agar g‘aznachilik vaziyatni doimiy nazorat qilib bormasa, pullar sekin investitsiya qilinadi va bank foizli daromadni yo‘qotadi. Bu InfinBANK’ga yoki undan pul jo‘natadigan barcha mijozlarga — jismoniy shaxslarga ham, biznesga ham taalluqli.

Agar bir vaqtning o‘zida ko‘plab mijozlar omonatlaridan pul yechib olmoqchi bo‘lsa-chi?

Bu yerda ikki jihat bor. Birinchidan, g‘aznachilik doimiy ravishda likvidlikni prognoz qiladi va har oy stress-testlarni o‘tkazadi. Ular orasida omonatchilarning katta qismi o‘z mablag‘larini qaytarib olishni xohlaydigan ssenariy ham mavjud. Shuning uchun biz turli ssenariylarga tayyormiz.

Ikkinchidan, Markaziy bank har bir bank uchun likvidlik bo‘yicha talablarni belgilaydi, ulardan pastga tushish mumkin emas. Regulyator aytadiki, siz ma’lum miqdordagi yuqori likvidli mablag‘larni saqlashingiz kerak. Buni Markaziy bank ham, bizning departament ham har kuni kuzatib boradi. Shuning uchun, mening fikrimcha, banklar bunday vaziyatlarga tayyor.

Ya’ni buni oldindan aytish mumkinmi?

Albatta, buning ehtimoli juda yuqori. Ko‘p sonli omonatchilar bilan ishlash jarayonida biz statistik ma’lumotlar bilan ishlaymiz. Ularga asoslanib, kelajakdagi jarayonlarni prognoz qilishimiz mumkin. Modellarimiz ertaga, bir hafta, bir oy, chorak va bir yildan keyin nima bo‘lishi haqida prognozlar tuzishga yordam beradi.

infinbank, inflyatsiya, omonatlar

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Hozir bozorda omonatlar kreditlarga qaraganda tezroq o‘smoqda. Chiqib ketayotganidan ko‘ra ko‘proq pul kelib tushsa, g‘aznachilik nima qiladi?

Ideal holatda biz kredit berish ko‘lami depozitlarni jalb qilishdan ko‘ra yuqoriroq bo‘lishiga intilamiz. Biroq omonatlar miqdori baribir ko‘proq bo‘lsa, bankda boshqa muqobil yo‘llar ham topiladi. Masalan, Moliya vazirligi, Markaziy bank va kvazidavlat tashkilotlarining obligatsiyalari: bo‘sh mablag‘larni kredit sifatida yo‘naltirilgunga qadar shu yerga kiritib, daromad olish mumkin.

Bundan tashqari, bank foiz emas, balki komissiya hisobiga daromad ko‘radigan mahsulotlar ham bor. Aytaylik, siz kassaga naqd pul topshirdingiz, biz uni bankomatga joylashtirdik, boshqa bir kishi esa shu pulni yechib olib, komissiya to‘ladi. Bu ham bank uchun bir daromad manbaidir.

Aytgancha, naqd pulga bo‘lgan qiziqish kamayib boryaptimi? Yoki odamlar baribir pulni naqd saqlashni afzal ko‘rishyaptimi?

Bu yerda hududiy omilni hisobga olish lozim. Toshkentda naqd pulga bo‘lgan talab ancha past, chunki bu yerda naqd pulsiz hisob-kitob qilish mumkin bo‘lgan turli xizmatlar ko‘proq. Viloyatlarda esa bu ko‘rsatkich yuqoriroq. Biroq raqamli texnologiyalar rivojlanib bormoqda — masalan, yaqinda davlat miqyosida yo‘l haqini to‘lash kartalarga o‘tkazildi. Bularning barchasi naqd pul aylanmasini asta-sekin naqd pulsiz shaklga o‘tkazmoqda. Banklar uchun bu — mijozlar naqd va naqd pulsiz to‘lov o‘rtasidagi farqni sezmasliklari uchun raqamli xizmatlarni rivojlantirish borasida keng imkoniyatlar maydoni.

Ammo ko‘pchilik hali ham bankka kelib, qog‘oz shartnomani olishga odatlangan. Onlayn banking ularda xavotir uyg‘otmaydimi?

Aynan shuning uchun biz uyg‘unlashgan model asosida ishlaymiz. Har bir viloyatda InfinBANK’ning filiallari bor. Bankning xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bo‘lishini muhim deb bilgan mijoz doimo u yerga borib, xodim bilan muloqot qilishi va o‘z masalasini hal etishi mumkin. Biroq bo‘linmalarga borishni istamaydigan mijozlar, ayniqsa, yoshlar ham bor. Biz ular uchun — ham jismoniy shaxslar, ham kichik, o‘rta va yirik biznes vakillari uchun anchadan buyon mobil ilovalarni rivojlantirib kelmoqdamiz.

Joriy yilda ham so‘mdagi, ham valyutadagi omonat stavkalari sezilarli darajada pasaydi. Bu nima bilan bog‘liq va kelgusida nimalarni kutish mumkin?

So‘mdagi omonatlar bo‘yicha foiz stavkalarining pasayishiga ikkita asosiy omil ta’sir ko‘rsatdi.

Birinchisi — 2025-yilning o‘rtalarida boshlangan so‘mning dollarga nisbatan mustahkamlanishi. Bunga jahon bozorida qimmatbaho metallar narxining yuqori bo‘lgani hamda O‘zbekistonga valyuta tushumi — investitsiyalar, kreditlar, eksport daromadlari va pul o‘tkazmalari hajmi mamlakatdan valyuta chiqib ketishidan ko‘proq bo‘lgani zamin yaratdi. Pulni dollardan ko‘ra so‘mda saqlash ancha foydali bo‘lib qoldi va omonatlar dollardan so‘mga o‘ta boshladi. Banklarda so‘mdagi mablag‘lar ko‘paydi va ushbu ortiqcha likvidlik fonida banklar stavkalarni pasaytirishga kirishdi.

Ikkinchi omil — inflyatsiyaning sekinlashuvi. Inflyatsiya pasayganda, so‘mdagi omonatning real daromadliligi oshadi, natijada biznes va aholi o‘z mablag‘larini milliy valyutada yanada faolroq saqlay boshlaydi. Bu esa so‘m taklifini yana ko‘paytirib, stavkalarga bosim o‘tkazadi.

Bizningcha, 2027-yilda so‘mdagi stavkalar — ham depozitlar, ham kreditlar bo‘yicha — pasayishda davom etadi. Valyuta omonatlari bo‘yicha ham pasayish kuzatilgan edi, biroq bu borada o‘zgarish kutyapmiz: prognozimizga ko‘ra, 2027-yilda valyuta omonatlari bo‘yicha stavkalar oshadi.

Ya’ni, stavkalarning pasayishi bozor va omonatchilar uchun xavotirli alomat emasmi?

Aslo unday emas. Pastroq stavkalar kompaniyalarga arzonroq qarz olish imkonini beradi. Kredit olish foydaliroq bo‘lib, biznes sarmoya kiritishni, ishlab chiqarish obyektlarini qurishni va ish o‘rinlarini yaratishni boshlaydi. Bu mamlakatning yalpi ichki mahsulotiga va barqarorligiga hissa qo‘shadi. Markaziy bank inflyatsiya pasayishi uchun barcha choralarni ko‘rmoqda hamda uzoq muddatli istiqbolda past inflyatsiya va mo‘tadil foiz stavkalari mamlakat uchun ham, jamiyat uchun ham foydalidir

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Agar omonatchi bo‘lib, pulingizni qayerga joylashtirishni tanlasangiz, nimalarga e’tibor bergan bo‘lardingiz?

Birinchidan, valyuta tanlashda milliy valyutani afzal ko‘rgan bo‘lardim. Ikkinchidan, omonat shartlariga e’tibor bergan bo‘lardim: uni to‘ldirish mumkinmi, pulni muddatidan oldin olish mumkinmi va buning uchun jarima bormi. Hozir bozorda juda qulay so‘m omonatlari mavjud, jumladan bizning bankimizda ham.

Foiz stavkasiga ham e’tibor qaratish kerakmi? Agar qaysidir bankda foiz stavkasi yuqoriroq bo‘lsa, bu omonat foydaliroq ekanini anglatadimi?

Yuqoriroq foiz stavkasi, albatta, omonatchini jalb qiladi. Biroq bankning ishonchliligiga ham e’tibor qaratish lozim: uning xalqaro reytingi qanday ekani, qanchalik barqarorligi va ertaga omonatni qaytarib olishda qiyinchiliklar yuzaga kelish-kelmasligi juda muhim. Shunday ekan, faqatgina foiz stavkasiga asoslanib qaror qabul qilmaslik kerak.

Buni aynan qanday tekshirish mumkin? Omonatchi nimaga e’tibor berishi kerak?

Birinchidan, o‘z moliyaviy savodxonligingizni oshirish va mamlakatda moliya tizimi qanday ishlashini tushunish muhim. Ikkinchidan, banklar o‘z saytlarida e’lon qiladigan hisobotlarni o‘qib borish, xususan, bankning sof foyda bilan ishlayotganini va qancha likvid mablag‘ga ega ekanini bilish zarur. Uchinchidan — va bu juda muhim — bankning Moody’s, Fitch yoki S&P kabi xalqaro agentliklardan olgan kredit reytingi mavjudligi hamda u qaysi darajada ekanligini tekshirish lozim. Xotirjam uxlash va bank pulingizni qaytarishiga shubha qilmaslik uchun aynan mana shu jihatlarga e’tibor qaratish kerak.

Hozir noyabr oyi, yil ham yakuniga yaqinlashib qoldi. InfinBANK uchun o‘tgan to‘qqiz oyni qanday baholaysiz?

Yilning o‘tgan to‘qqiz oyi biz uchun juda muvaffaqiyatli bo‘ldi, tarixiy natijalarga erishdik. Kredit portfeli 12,8 trln so‘mgacha o‘sdi, mijozlarning mablag‘lari esa 12 trln so‘mga yetdi. Bu mijozlar tomonidan bildirilgan katta ishonchdan dalolat beradi — ular 2007-yildan buyon mijozlarga taqdim etib kelayotgan xizmatlarimizni qadrlashadi. Aytgancha, kelasi yili yubileyimizni nishonlaymiz — bankimiz 20 yoshga to‘ladi.

2027-yilda va yaqin 5 yillikda InfinBANK’dan nimalarni kutish mumkin?

Biz faol rivojlanishni, xizmatlarimizni takomillashtirishni, odamlarga yanada yaqinroq bo‘lib, raqamli xizmatlarni qulayroq qilishni rejalashtirmoqdamiz. Yakuniy maqsadimiz — mijozlarimiz ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatidan mamnun bo‘lishlari. Bu, o‘z navbatida, moliyaviy ko‘rsatkichlarni yaxshilash, regulyator oldida barqaror bank sifatida qolish hamda aksiyadorlar uchun yuqori daromadlilikni ta’minlash imkonini beradi.

Oxirgi savol. Bank sohasida o‘z karyerasini boshlamoqchi bo‘lgan yosh mutaxassisga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

Men bilimga chanqoq bo‘lishni, o‘z ishingizning ustasiga aylanishga intilishni va tinimsiz ilm o‘rganishni maslahat bergan bo‘lardim. Bu yoshga bog‘liq emas: dunyo tinimsiz o‘zgarmoqda, yangi texnologiyalar paydo bo‘lmoqda, shuning uchun hatto biz, o‘z ishining ustalari ham doim o‘z ustimizda ishlashimiz kerak.

InfinBANK yosh mutaxassislarda, birinchi navbatda, tajribani emas — chunki ish boshida u odatda bo‘lmaydi — balki ularning rivojlanishga bo‘lgan ishtiyoqiga e’tibor qaratadi. Biz yosh xodimlarning o‘sishiga, yuqori lavozimlarga ko‘tarilishiga va yaxshi sharoitlarga ega bo‘lishiga doimo yordam beramiz. Bundan bankning o‘zi ham yutadi.


Reklama huquqi asosida.