Turonbank boshqaruv raisi Chori Mirzayev yirik miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirishda gumonlanib qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Bank ushbu vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, faoliyatini odatiy tartibda davom ettirayotganini ma’lum qildi.
Kun.uz 20-noyabr kuni o‘z manbalariga tayanib, Chori Mirzayev Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan ushlanganini yozdi. Nashr manbasi uning yirik miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirishda gumonlanayotganini tasdiqlagan. Mirzayev 2016-yil 23-sentabrdan buyon Turonbank boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelayotgandi.
Shundan keyin Turonbank matbuot xizmati ushbu xabarlarga munosabat bildirdi. Bank so‘nggi kunlarda boshqaruv raisi bilan bog‘liq xabarlar jamoatchilikda savollar tug‘dirishi mumkinligini tushunishini qayd etdi.
Bayonotda bank xizmat ko‘rsatish markazlari, ofislari va raqamli platformalari orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatish davom etayotgani, omonatchilar, mijozlar, investorlar va hamkorlar oldidagi majburiyatlar o‘z kuchida qolishi ta’kidlandi.
Shuningdek, bank faoliyati korporativ boshqaruv, ichki nazorat va amaldagi qonunchilik talablari asosida tashkil etilgani bildirildi.
Turonbank Kuzatuv kengashi ham alohida bayonot e’lon qildi. Unda yangi tarkibda shakllantirilgan kengash yuzaga kelgan vaziyatni o‘rganayotgani va uning bank faoliyatiga ehtimoliy ta’sirini baholab borayotgani aytilgan.
Kuzatuv kengashi bank boshqaruvining uzluksizligini ta’minlash, omonatchilar va hamkorlar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, bank xizmatlari uzluksiz ko‘rsatilayotgani va mijozlar oldidagi majburiyatlar bajarilayotgani qayd etildi.
“Bankning moliyaviy barqarorligini ta’minlash, boshqaruv uzluksizligini saqlash va xatarlarni samarali boshqarish kengashning asosiy ustuvor yo‘nalishlari bo‘lib qolmoqda”, — deyiladi xabarda.
Kengash yuzaga kelgan vaziyatni xolisona baholash va vakolatli organlar bilan hamkorlik qilish davom etayotganini ma’lum qildi.
Bank mijozlari xizmatlar bilan bog‘liq savollar yuzasidan 1220 raqamli aloqa markaziga murojaat qilishi mumkin.
Avvalroq Spot OTP Bank Ipoteka-bank'ning qolgan 17,5% davlat ulushini sotib olishi haqida yozgan edi.