1-sentabrdan O‘zbekistonda ish haqlari 7% ga oshiriladi. Bu o‘zgarish budjet tashkilotlari xodimlarining oylik maoshlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Mamlakatda oxirgi marta oylik ish haqlari bundan bir yil oldin — 1-oktabrdan boshlab oshirilgandi. O‘shanda pedagoglar va tibbiyot xodimlarining maoshi 15% ga, boshqa budjet tashkilotlari xodimlarining oyligi esa 10% ga ko‘tarilgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi o‘sishda davom etdi. Yanvar-iyun oylarida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 7,09 mln so‘mni tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 18,4% ga ko‘p. Poytaxt esa boshqa hududlarga nisbatan eng yuqori o‘rtacha ish haqiga ega hudud bo‘ldi — 12 mln 13,9 ming so‘m.
Spot maoshlarning o‘sishi aholining turmush darajasiga qanday ta’sir qilayotgani, daromadlar asosiy xarajatlarni qoplashga qanchalik yetayotgani hamda ularda ish haqi bo‘yicha qanday takliflar borligini o‘rgandi.
So‘rovnomaning video formatini batafsil quyidagi havola orqali ko‘rish mumkin:
Ish haqi 7% ga oshirilyapti. Bu yetarlimi?
Respondentlarning aksariyati 1-sentabrdan ish haqi 7% ga oshirilishini ijobiy baholamoqda. Biroq ayrim fuqarolar bu o‘sish kundalik xarajatlar ortidan sezilmasligi mumkinligini ta’kidladi.
“Yoshlar mayli, lekin yoshi kattalar, ayniqsa, pensiya va nafaqa hisobiga yashaydiganlar uchun bu yetarli emas. Masalan, 1 mln so‘m pensiyaga atigi 70 ming so‘m qo‘shiladi. Agar oshirish imkoniyati bo‘lsa, yoshi katta va nafaqadagi fuqarolarga ko‘proq yordam bo‘lardi, deb o‘ylayman. Men o‘zim davlat ishida, harbiy sohada ishlayman, lekin biz uchun ham oylik kamlik qiladi. Chunki ipoteka, oziq-ovqat va boshqa kundalik xarajatlar bor”, — deydi Spot suhbatlashgan odamlardan biri.
Yana bir fuqaro hozirgi sharoitda kamida 10 mln so‘mlik ish haqi normal yashash uchun yetarli bo‘lishi mumkinligini aytdi. Boshqa respondentlar esa ish haqi 10−15% ga oshirilsa, aholiga sezilarliroq ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidladi.
Daromadning katta qismi nimaga sarflanmoqda?
Oziq-ovqat, kommunal to‘lovlar, bolalar bog‘chasi va maktab xarajatlari daromadlarning hammasi shunga ketadi. Ortiqcha mablag‘ qolmaydi. Dam olish, dori-darmon yoki sanatoriyaga borishga ham imkon yo‘q. Faqat ishlaysan, ishlaysan, bor topganing bola-chaqaga ketadi", — deydi respondentlardan biri.
Ayrim oilalarda daromadning katta qismi kredit to‘lovlariga ketayotgani qayd etildi. Ayrim fuqarolar kommunal to‘lovlar, ayniqsa qish mavsumidagi isitish xarajatlari sezilarli yuk bo‘layotganini bildirdi. Respondentlardan biri faqat isitish va issiq suv uchun bir necha oyda 1,8 mln so‘mgacha to‘laganini aytdi.
Nimalar taklif qilinmoqda?
“Imkon qadar, ayniqsa, pensionerlarga kommunal xizmatlar bo‘yicha chegirmalar berilsa yaxshi bo‘lardi. Masalan, 50% chegirma qilinsa. Chunki, ular kommunal to‘lovlarni to‘laydimi, oziq-ovqat yoki dori-darmon oladimi, qaysi biriga yetkazishni bilmaydi. Pensiya va nafaqalar ham 10% yoki undan ko‘proq oshirilsa, ular uchun ancha yengillik bo‘lardi”, — deya taklif berdi ishtirokchilardan biri.
Respondentlarning yana bir qismi ish haqini yanada oshirish bilan birga narxlar va kommunal to‘lovlarning o‘sishini cheklash zarurligini ta’kidladi. Ayrim fuqarolar pensiya va nafaqalarni ham ko‘proq oshirishni taklif qildi.
Shuningdek, ba’zi so‘rovnoma qatnashchilari o‘rtacha ish haqi 8−10 mln so‘m atrofida bo‘lsa, kundalik xarajatlar bilan birga ma’lum miqdorda jamg‘arish imkoniyati ham paydo bo‘lishini bildirdi.