Sevara To‘xtayeva 1998-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 43-maktabda, keyinchalik Inter House akademik litseyida tahsil olgan. Uning bolaligi sport bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan: 7 yoshida gimnastika bilan shug‘ullana boshlagan Sevara maktab va litsey davrida ushbu sport turini professional darajada davom ettirib, turli chempionat va musobaqalarda ishtirok etgan.

Litseyni tamomlash arafasida gimnastikada sport ustasi unvonini olgan Sevara keyinchalik ushu sportiga o‘tdi. Gimnastikadagi egiluvchanlik, muvozanat va koordinatsiya bo‘yicha tajribasi yangi yo‘nalishda ham yuqori natijalarga erishishiga yordam berdi. U respublika, Markaziy Osiyo va xalqaro musobaqalarda g‘olibliklarni qo‘lga kiritdi.

“Gimnastika men uchun haqiqiy hayot maktabi bo‘lgan. U yerda raqobatlashish, g‘alaba qozonish va shu bilan birga o‘qishni ham eplash kerak edi. Sport menga intizomli va mehnatsevar bo‘lishni, hech qachon taslim bo‘lmaslikni o‘rgatdi. Mag‘lubiyatni esa muvaffaqiyatsizlik emas, balki tajriba va saboq sifatida qabul qilishga odatlandim. Bugun ham bu fazilatlar hayotimda va karyeramda eng muhim tayanchlarimdan biri bo‘lib qolmoqda”, — deydi u.

Yoshligidan professional sport bilan shug‘ullangan Sevara Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetining moliya yo‘nalishi bo‘yicha iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olib, bakalavr darajasini tamomlagan. Shundan so‘ng Deloitte kompaniyasida auditor sifatida ishlab, amaliy tajriba orttirgan. Keyinchalik u AQShning Arizona shtat universitetida biznes boshqaruvi bo‘yicha magistraturada (MBA) to‘liq grant asosida tahsil olib, o‘qishni tamomlagan. Hozir u Kaliforniyada joylashgan Applied Materials kompaniyasida mahsulot yo‘nalishi menejeri sifatida faoliyat yuritmoqda.


Deloitte — ilk professional tajriba

Vestminsterda o‘quv yili oktabrga yaqin boshlanib, aprelda yakunlanadi. Shu sababli talabalarning deyarli yarim yili bo‘sh bo‘ladi. Ko‘pchilik bu vaqtdan unumli foydalanib, turli kompaniyalarda amaliyot o‘taydi va karyerasini ancha erta boshlaydi.

Foto: Sevara To‘xtayevaning shaxsiy arxividan

O‘sha yillarda professional sport bilan shug‘ullanganim uchun amaliyot o‘tashga vaqt topa olmaganman. Shuning uchun universitetni tamomlagach, karyeramni “katta to‘rtlik” kompaniyalaridan birida boshlashga qaror qildim.

Qaysi yo‘nalishda ishlashni istashimni aniq bilganim uchun faqat Deloitte'ga hujjat topshirdim. Aynan shu kompaniya to‘g‘ri tanlovdek tuyulgan. Bundan tashqari, kelajakda MBA’da o‘qishni rejalashtirganim sababli yirik xalqaro kompaniyada orttiradigan tajribam keyingi arizam uchun ham mustahkam poydevor bo‘lishini tushunardim. Deloitte’ning sug‘urta bo‘limida auditor sifatida ishlab, turli kompaniyalarning moliyaviy auditini o‘tkazardim. Ish jadvalim juda zich, ko‘pincha belgilangan vaqtdan ko‘proq ishlashga to‘g‘ri kelardi. Ayniqsa, qizg‘in mavsumda ish kunim ertalab soat 8:00 da boshlanib, yarim tungacha cho‘zilishi mumkin edi.

Shunga qaramay, aynan Deloitte’da ko‘p amaliy tajriba orttirdim. Mijozlarimiz turli sohalarda faoliyat yuritardi va ular bilan bevosita ishlardik. Kompaniyaning moliyaviy tomonini tekshirish biznes haqida juda ko‘p narsani ko‘rsatadi: uning qanday ishlashi, qaysi jarayonlarga tayanishi va qanday qarorlar qabul qilishi moliyaviy hisobotlarda aks etadi.

Shu tariqa turli sohalardagi kompaniyalar qanday ishlashini va biznes jarayonlarini ichkaridan o‘rganish imkoniga ega bo‘ldim. Buxgalteriya va moliya bo‘yicha bilimlarimni mustahkamladim, mijozlar va hamkasblar orasida esa ko‘plab foydali tanishlar orttirdim. Mijozlar bilan ishlash jarayonida to‘g‘ri savol berishni, ma’lumotlarni sinchiklab tekshirishni va murakkab masalalarni sodda tilda tushuntirishni o‘rgandim.

Deloitte’da orttirgan ikki yillik tajribam MBA’ga qabul qilinish uchun zarur bo‘lgan minimal talabni qoplash bilan birga, keyinchalik magistraturaga hujjat topshirishimda ham, Amerikada ish izlashimda ham katta yordam berdi. Universitet mustahkam nazariy bilim bergan bo‘lsa, Deloitte shu bilimlarni amaliyotda qo‘llashni o‘rgatdi.

MBA sari yo‘l

Xorijda tahsil olish bolaligimdan beri orzuim bo‘lgan. Bu orzu oilamizdagi muhit bilan ham bevosita bog‘liq. Amakivachchalarim AQSh va Janubiy Koreyada o‘qishgan, ota-onam esa bizni doimo xalqaro ta’lim olishga, dunyoni ko‘rishga, turli madaniyatlar va hayot tarzlari bilan tanishishga undashgan. Shu sababli men yoshligimdan kelajakda dunyoning turli mamlakatlarida ta’lim olish va yangi tajribalar orttirishimni tasavvur qilardim.

applied materials, aqsh, sevara to‘xtayeva, xorijdagi o‘zimiznikilar

Foto: Sevara To‘xtayevaning shaxsiy arxividan

Ko‘plab qizlar xorijda o‘qish uchun avvalo oilasini ko‘ndirishiga to‘g‘ri keladi. Bizning oilamizda esa “qizlar uzoqqa chiqib ishlamasligi yoki o‘qimasligi kerak” degan stereotip hech qachon bo‘lmagan. Aksincha, ota-onam doim istagan ishimizni qilishga undab, har bir qarorimizni qo‘llab-quvvatlashgan. Shu sababli bu borada o‘zimni omadli insonlardan biri deb bilaman.

MBA’ni tanlashimning asosiy sababi uning boshqa magistratura dasturlaridan farq qilishi edi. MA yoki MS dasturlari muayyan akademik sohani chuqurroq o‘rganishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, MBA professional daraja hisoblanadi. U biznesni boshqarish, o‘z biznesini yuritish yoki karyerasida yangi bosqichga chiqishni istagan mutaxassislar uchun mos.

Shu sababli MBA’ni faqat moliya yoki biznes sohasi vakillari emas, balki o‘qituvchi, shifokor yoki musiqachi kabi turli soha mutaxassislari ham o‘qishi mumkin. Men ishlaydigan deyarli har bir mutaxassisga bu dasturni tavsiya qilgan bo‘lardim.

MBA’da o‘qish davomida ta’sir qilgan jihatlardan biri guruhdoshlarim bo‘ldi. Ularning ko‘pchiligi o‘n yil va undan ortiq ish tajribasiga ega, yuqori lavozimlarda ishlagan mutaxassislar edi. Men esa qabul uchun minimal talab bo‘lgan ikki yillik tajriba bilan o‘qishga kirgan edim. Shunday tajribali insonlar bilan bir auditoriyada o‘qish va ularning bilimlaridan o‘rganish men uchun alohida maktab bo‘ldi.

Hujjat topshirish va to‘liq grant

MBA dasturiga hujjat topshirish uchun bir qator hujjatlar talab qilinadi:

  • agar oldingi ta’limingizni ingliz tilida olmagan bo‘lsangiz, til sertifikati;
  • GMAT natijasi;
  • rezyume;
  • yutuqlaringizni tasdiqlovchi sertifikatlar;
  • onlayn suhbat;
  • esselar topshiriladi.

Mening GMAT natijam 710 ball bo‘lgan. Esse mavzulari universitetga qarab farq qilsa-da, ularda odatda nima uchun MBA’da o‘qimoqchi ekaningiz va kelajakda qanday maqsadlarni ko‘zlayotganingiz haqida yozish so‘raladi.

Universitet tanlashda reyting men uchun eng muhim mezonlardan biri edi, chunki universitetning nufuzi bitirgandan keyingi karyeram va ish topish imkoniyatlarimga ta’sir qilishi mumkin. Shu sababli kuchli MBA dasturlaridan birida o‘qishni maqsad qilgandim. Biroq bunday dasturlarda raqobat juda yuqori va odatda 5−7 yillik ish tajribasiga ega nomzodlarga ustunlik beriladi. Shunga qaramay, vaqtni boy bermasdan, MBA’da imkon qadar ertaroq o‘qishni boshlashni istardim.

Shu maqsadda AQSh va Buyuk Britaniyadagi jami 15 ga yaqin universitetga hujjat topshirib, ulardan 8 tasiga qabul qilindim. Universitetlardan umumiy hisobda $500 mingdan ortiq miqdorda grant va stipendiya takliflarini oldim. Ko‘plab universitetlar qisman grantlar taklif qilgan bo‘lsa-da, men uchun to‘liq grant muhim edi, chunki AQShda MBA ta’limi va yashash xarajatlari juda yuqori. Yakunda Michigan State University, University of Wisconsin va Arizona State University to‘liq grant taklif qildi.

Foto: Sevara To‘xtayevaning shaxsiy arxividan

Universitetlar orasidan tanlov qilishda ta’lim sifati, karyera imkoniyatlari va yashash sharoitlarini ham hisobga oldim. Michigan va Wisconsin sovuqroq hududlarda joylashgani uchun Arizona State University’ni tanladim. Eng muhimi, qayerga va nima maqsadda ketayotganimni, bu ta’lim kelajakdagi rejalarim uchun qanday qiymat berishini aniq tushunardim.

Karyera masalasini ham e’tibordan chetda qoldirmadim. Bitirganimdan keyin qayerda ishlashim mumkinligi va universitetning qaysi kompaniyalar bilan hamkorlik qilishi haqida sinchiklab o‘rgandim. Qizig‘i shundaki, hozir ishlayotgan kompaniyam ham Arizona shtat universiteti bilan yaqin hamkorlik qiladi.

Amerikadagi hayot: ilk qadamlar va xarajatlar

AQShga kelganimda 24 yoshda edim. Qayerga va nima maqsadda ketayotganimni aniq bilganim uchun bu katta o‘zgarishga ruhan tayyor edim. Men uchun yangi muhitga moslashish ham nisbatan oson kechdi, chunki bu yerga kelishdan oldin maqsadlarimni, o‘qishimni va kelajakdagi rejalarimni aniq belgilab olgan edim.

Arizona shtat universiteti AQShdagi eng yirik universitetlardan biri. Talabalari juda ko‘p, kampusi ham katta. Bundan tashqari, universitetning boshqa shtatlar va hatto boshqa davlatlarda ham kampuslari mavjud. Shunga yarasha resurslari ham keng. Turli yo‘nalishdagi talabalar klublari esa talabalik hayotimni yanada mazmunli o‘tkazishimga yordam berdi.

To‘liq grant asosida o‘qiganim uchun kontrakt to‘lamasdim. Ikki yil davomida universitetning Tadbirkorlik kafedrasida ilmiy yordamchi bo‘lib ishlab, olgan maoshim hisobidan xarajatlarimning katta qismini qopladim.

applied materials, aqsh, sevara to‘xtayeva, xorijdagi o‘zimiznikilar

Foto: Sevara To‘xtayevaning shaxsiy arxividan

MBA dasturining yozgi davrida esa uch oy davomida Shamrock Foods kompaniyasida Demand Planner sifatida haq to‘lanadigan amaliyot o‘tdim. Amaliyotni boshlaganimdan keyingi birinchi haftadayoq bizning Supply Chain Management jamoamiz direktori menga full-time lavozim uchun taklif bildirdi. Bunday holat odatiy emas va kam uchraydi. Shu sababli MBA’ning ikkinchi kursini boshlashimdan oldinoq bitirgandan keyingi ish imkoniyatim bo‘yicha ancha xotirjam edim.

Arizona Kaliforniyaga qaraganda nisbatan arzonroq shtat hisoblanadi. U yerda soliqlar ham, yashash xarajatlari ham pastroq. Men kampusdan tashqarida ikki nafar o‘zbek qiz bilan birga kvartira ijaraga olganman. Oyiga $2 000 lik ijara haqini uch kishi bo‘lib to‘lardik.

Arizona talabalar shahri bo‘lgani uchun jamoat transporti ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Talabalar uchun poyezd chiptasi atigi $2 turadi va u orqali shaharning istalgan joyiga bemalol borish mumkin.

Hozir yashayotgan Kaliforniyada esa jamoat transporti unchalik rivojlanmagani uchun ko‘pchilik shaxsiy avtomobilda yuradi. Ovqatlanish masalasida esa uyda o‘zim ovqat tayyorlashga harakat qilaman. Buning birinchi sababi — sog‘lom ovqatlanish: taomimga nimalar qo‘shilayotgani, qanday tayyorlanayotganini bilish va ovqatlanishimni ozuqaviy jihatdan muvozanatlashni istayman. Ikkinchi tomondan, doim tashqarida tayyorlangan ovqatni iste’mol qilish ham odamni charchatadi — ba’zan oddiy, uyda tayyorlangan taomni sog‘inib qolasiz.

Amerikadagi mehnat bozori

Amerikada ish topish jarayoni O‘zbekistondagidan ancha farq qiladi. MBA talabalari uchun bu jarayon o‘qishning birinchi kunlaridanoq boshlanadi. MBA dasturlari odatda ikki yil davom etadi va birinchi hamda ikkinchi kurs oralig‘idagi yozgi amaliyot karyera uchun juda muhim bosqich hisoblanadi. Chunki ko‘plab kompaniyalar amaliyotchilarga keyinchalik doimiy ish taklif qilishadi.

Universitetimizning karyera bo‘limi bizni bu jarayonga birinchi kursdan tayyorlay boshladi. Treninglarda ishga qanday ariza topshirish, rezyumeni Amerika standartlariga moslashtirish va suhbatlarga qanday tayyorlanish kerakligini o‘rgatishdi.

Bu yerda rezyume bir sahifadan oshmasligi, undagi har bir tajriba aniq natija va raqamlar bilan ko‘rsatilishi muhim. Xulq-atvorga oid suhbatlarda esa javoblar real vaziyatlar misolida, qisqa hikoya shaklida berilishi kutiladi.

Men bu bilimlarni amalda qo‘llab, ishlashni istagan kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan universitetimiz bitiruvchilariga yozdim. Ular bilan suhbatlashib, kompaniya ichidagi jarayonlar haqida ma’lumot to‘pladim. Natijada jami 300 ga yaqin ishga ariza topshirdim. Bunday miqdordagi arizalar topshirish AQShdagi ish qidirish jarayonida noodatiy holat emas: ayniqsa xalqaro talabalar uchun ko‘plab rad javoblari olish jarayonning tabiiy qismidir.

Amerikadagi yirik kompaniyalarning bitta vakansiyasiga yuzlab nomzodlar ariza topshiradi. Rezyumelarning katta qismini esa inson emas, maxsus dasturlar, jumladan, sun’iy intellekt saralaydi. Bunday tizimlar rezyumeni kalit so‘zlar va formatiga qarab baholaydi. Shu sababli munosib nomzod bo‘lsangiz ham, rezyumengiz hech kimning qo‘liga yetib bormasdan rad etilishi mumkin.

applied materials, aqsh, sevara to‘xtayeva, xorijdagi o‘zimiznikilar

Foto: Sevara To‘xtayevaning shaxsiy arxividan

Xalqaro talabalar uchun esa jarayon yanada murakkab. Ayrim kompaniyalar chet ellik xodimlarga viza homiyligini taqdim etmaydi. Bu esa ish izlash mumkin bo‘lgan kompaniyalar va lavozimlar doirasini sezilarli darajada toraytiradi.

Xalqaro talabalar uchun esa jarayon yanada murakkab. Ayrim kompaniyalar chet ellik xodimlarga viza homiyligini taqdim etmaydi. Bu esa ish izlash mumkin bo‘lgan kompaniyalar va lavozimlar doirasini sezilarli darajada toraytiradi.

Ish topish jarayonim ham aynan shunday ko‘plab rad javoblari va yangi urinishlardan iborat bo‘ldi. Bu yerda rad javoblari olishni shaxsiy muvaffaqiyatsizlik sifatida qabul qilmaslik muhim — bu AQShdagi ish qidirish jarayonining odatiy qismi.

Shunga qaramay, o‘sha kuni yarmarkada aynan shu kompaniyaning stendiga borib, vakillariga ariza topshirganimni, ammo juda tez rad javobi olganimni aytdim. Ular rezyumemni o‘sha yerning o‘zida ko‘rib chiqishga rozi bo‘lishdi. Natijada aynan ular izlayotgan nomzod ekanimni aytib, suhbatga taklif qilishdi.

Konsalting kompaniyasidagi ishga qabul jarayoni to‘rt bosqichdan iborat bo‘ldi:

  • HR mutaxassisi bilan suhbat;
  • texnik savollar beradigan menejer bilan suhbat;
  • bosh menejer;
  • bosh direktor bilan suhbat.

Ishga olganimdan keyin ham boshqa imkoniyatlarni ko‘rish maqsadida ariza topshirishda davom etdim. Shunday qilib, Applied Materials kompaniyasidan ham suhbatga taklif oldim. U yerda texnik va xulq-atvorga oid savollardan iborat to‘rt bosqichli suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tib, ish taklifini qo‘lga kiritdim.

Bu jarayon AQShda ishga joylashishda shaxsiy aloqalar va tavsiyalar qanchalik muhim ekanini yaxshi tushuntirdi. Shu bois LinkedIn orqali kompaniya xodimlari va universitet bitiruvchilariga yozib, o‘zingizni tavsiya qilishlarini so‘rashdan tortinmaslik kerak. Bu ish beruvchilar e’tiboriga tushish va suhbatga chaqirilish imkoniyatini oshiradi.

Bundan tashqari, faqat onlayn ariza topshirish bilan cheklanib qolmaslik kerak. Karyera yarmarkalari va bitiruvchilar bilan uchrashuvlarda kompaniya vakillari bilan yuzma-yuz tanishish ham juda muhim.

Applied Materials’dagi faoliyatim

Hozirgi ishim avvalgi faoliyatimdan butunlay farq qiladi. Deloitte’da konsalting sohasida moliyaviy audit bilan shug‘ullangan bo‘lsam, bugun Applied Materials kompaniyasining mahsulot marketingi bo‘limida mahsulot menejeri bo‘lib ishlayman.

1967-yilda tashkil etilgan Applied Materials kompaniyasining bosh qarorgohi Kaliforniyaning Santa-Klara shahrida, ya’ni Silikon vodiysida joylashgan. Kompaniya yarimo‘tkazgich uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi.

Kompaniyaning ikkita asosiy biznes bo‘linmasi bor. Birinchisi — ishlab chiqarish bo‘linmasi. U yarimo‘tkazgich chiplar tayyorlash uchun zarur bo‘lgan uskunalarni ishlab chiqaradi va sotadi. Ikkinchisi esa servis bo‘linmasi bo‘lib, ushbu uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatadi va zarur hollarda ularni ta’mirlaydi.

applied materials, aqsh, sevara to‘xtayeva, xorijdagi o‘zimiznikilar

Foto: Sevara To‘xtayevaning shaxsiy arxividan

Buni avtomobil misolida tushuntirish mumkin. Mashina sotib olganingizdan keyin unga servis xizmati ko‘rsatiladi, biror qismi buzilsa, ta’mirlanadi. Biz ham xuddi shunday xizmatlarni o‘zimiz ishlab chiqargan uskunalar uchun taqdim etamiz.

Bitta chipni yaratish uchun yuzlab murakkab bosqichlardan o‘tish va har bir bosqichda alohida uskunadan foydalanish talab qilinadi. Bugungi kunda bunday chiplar telefon, kompyuter, avtomobil va sun’iy intellektga asoslangan qurilmalar kabi deyarli barcha elektronikalarda qo‘llanadi.

Sun’iy intellektning jadal rivojlanishi esa yanada kuchli chiplarga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Bu, o‘z navbatida, chip ishlab chiqarish uchun yanada zamonaviy uskunalarga ehtiyojni kuchaytiryapti. Shu sababli yarimo‘tkazgichlar sohasi bugungi kunda eng tez rivojlanayotgan va dolzarb yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.

Men servis bo‘linmasida barcha mintaqalar va mijozlar uchun xizmatlar portfeli bilan ishlayman. Bu sof mahsulot marketingi bo‘lib, mavjud xizmatlarni qanday yaxshilash mumkinligini, nimalar yaxshi ishlayotgani va qaysi jihatlar o‘zgarishga muhtojligini o‘rganishni o‘z ichiga oladi. Shu sababli ish vaqtimning katta qismi ma’lumotlarni tahlil qilish va jarayonlarni optimallashtirishga ketadi.

Moliyaviy auditdan mahsulot marketingiga o‘tish men uchun katta o‘zgarish bo‘lgan. Shunga qaramay, audit davomida orttirgan tahliliy fikrlash va raqamlar bilan ishlash ko‘nikmalarim bu yerda ham juda asqotmoqda. MBA esa menga biznesga kengroq qarash, marketing, strategiya va boshqaruvni bir butun sifatida tushunish imkonini berdi.

applied materials, aqsh, sevara to‘xtayeva, xorijdagi o‘zimiznikilar

Arizona State University’ning 2024-yilgi bitiruvchilari. Foto: Sevara To‘xtayevaning shaxsiy arxividan

Mening fikrimcha, texnologiya kompaniyasida ishlash uchun eng muhim ko‘nikmalardan biri — tez o‘rganish va yangi sharoitga moslasha olish. Chunki bu sohada hamma narsa juda tez o‘zgaradi. Ayniqsa, sun’iy intellekt jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda har kuni yangi mahsulot va texnologiyalar paydo bo‘lmoqda.

Texnologiya sohasida hamma narsa bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Masalan, yangi sun’iy intellekt vositasi paydo bo‘lsa, bu kompaniyalarga ham ta’sir qiladi va aksiyalar narxining tez-tez o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababli bu sohada moslashuvchan va chaqqon bo‘lish, kengroq fikrlash hamda doim “Nimani yaxshilash mumkin?” degan savol ustida o‘ylash muhim.

Xorij meni qanday o‘zgartirdi?

Albatta, Toshkentdagi hayotim bilan Amerikadagi hayotim o‘rtasida katta farq bor. Vatanimda oilam va do‘stlarim doim yonimda bo‘lgani uchun o‘zimni qulay his qilardim. Uy-joy topish, ishga joylashish yoki yangi do‘stlar orttirish kabi masalalarni oldindan o‘ylab yurishim shart emasdi. Hujjatlar, sug‘urta va soliqlar kabi kundalik hayotning ko‘plab amaliy jihatlari yangi edi.

Amerikaga kelganingizda esa ko‘p narsani noldan boshlaysiz. Yashash uchun joy topish, hujjatlarni rasmiylashtirish, sug‘urta va soliq tizimini tushunish, kundalik xarajatlarni rejalashtirish — bularning barchasini o‘zingiz hal qilishingiz kerak bo‘ladi. Ayniqsa, yoningizda yordam beradigan yaqinlaringiz bo‘lmasa, har bir masalani mustaqil hal qilishga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, madaniy farqlarga ham ko‘nikish kerak. Amerika juda xilma-xil mamlakat. Bu yerda dunyoning turli burchaklaridan kelgan, har xil madaniyat va qarashlarga ega insonlar birga yashaydi va ishlaydi.

applied materials, aqsh, sevara to‘xtayeva, xorijdagi o‘zimiznikilar

Foto: Sevara To‘xtayevaning shaxsiy arxividan

Bunday muhitga moslashish uchun ochiq fikrli va moslashuvchan bo‘lish, boshqalarning qarashlarini hurmat qilish hamda yangi narsalarni qabul qilishga tayyor turish muhim.

AQShga kelishdan oldin sport bilan shug‘ullanib, ishlab yurgan bo‘lsam-da, oilam bag‘rida xuddi malikadek yashardim. Bu yerga kelganimdan keyin esa butun mas’uliyat birdaniga mening zimmamga tushdi. Aynan shu mas’uliyat o‘zgartirdi. Muammolarni tezroq va to‘g‘riroq hal qiladigan, qarorlarim uchun javob bera oladigan va mustaqil insonga aylandim.

O‘zbekistonda talaba bo‘lgan paytimda hali yosh va biroz sodda edim, dunyoga ham hayotning barcha murakkabliklarini hali to‘liq ko‘rmagan insonning nigohi bilan qarardim. AQShda esa hayotning turli tomonlarini mustaqil ravishda boshdan kechirish, qiyinchiliklarni o‘zim yengib o‘tish va turli odamlar bilan ishlash menga dunyoga kengroq qarashni o‘rgatdi. Ba’zan qiyin bo‘lgan bu tajribalar yanada kuchliroq va mustaqilroq insonga aylantirdi.

Katta orzu qilishdan qo‘rqmang

Xorijda o‘qish va ishlashni orzu qilayotgan yoshlarga maslahatim orzu qiling, hatto undan ham kattaroq orzu qilishdan qo‘rqmang va istagan narsangiz ortidan dadil boring. Bu gap siyqasi chiqqandek tuyulishi mumkin, ammo uning ko‘p takrorlanishining ham sababi bor. Inson haqiqatan ham istagan odamiga aylana oladi va buning uchun dunyoda millionlab imkoniyatlar bor.

Tavakkal qilishdan, yiqilishdan va rad javoblaridan qo‘rqmang. Chunki har bir mag‘lubiyat sizni keyingi g‘alabaga tayyorlaydi. Men ham yuzlab rad javoblarini olganman, ammo aynan shu tajribalar meni yanada qat’iyatli qilgan.

Agar hamma kabi o‘ylamasangiz va o‘zingizni katta imkoniyatlar sari intilayotganingizni his qilsangiz, bundan qo‘rqmang. Orzuingizni katta dunyoda ro‘yobga chiqarishga intiling.

Kelajak rejalari. Hozir AQShda tajriba orttirish va o‘zimni rivojlantirish uchun berilgan imkoniyatdan to‘liq foydalanib, professional jihatdan o‘sishda davom etishni maqsad qilganman. Kelajakda qayerda yashashimdan qat’i nazar, o‘rganganlarimni yanada katta loyihalarga aylantirish, o‘z bilim va tajribam bilan boshqalarga ham yo‘l ochish va bir kun kelib o‘z biznesimni yaratish orzusidaman. Men uchun muvaffaqiyat — faqat o‘zim erishgan natijalar emas, balki o‘rganganlarim va orttirgan imkoniyatlarim orqali boshqalarga ham yo‘l ochish, yangi imkoniyatlar yaratish va kelajakda katta qiymat qoldirishdir.