Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti faoliyati to‘xtatilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ta’lim va ilm-fan vazirligi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, universitet “Sanoat energetika guruhi” muassisligida 2022-yil 28-avgustdagi 036721-sonli litsenziya asosida faoliyat yuritib kelgan.
Ayni paytda universitetda 12 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha jami 451 nafar talaba tahsil olmoqda.
Universitetda yuzaga kelgan tashkiliy va moliyaviy holatlar sababli talabalarning ta’limni davom ettirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda vazirlik ishchi guruhi talabalar va ularning ota-onalari bilan bevosita uchrashib, vaziyatni o‘rgandi.
Hozirga qadar 352 nafar talabadan o‘qishini boshqa oliy ta’lim tashkilotida davom ettirish bo‘yicha arizalar qabul qilingan.
Vazirlik har bir talabaning ta’lim olish huquqi va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, shuningdek, o‘qishini uzluksiz davom ettirishi uchun zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot AQSH sudi Trampning xorijiy talabalarga qo‘ygan cheklovini bekor qilgani haqida yozgandi.
Sud Tramp ma’muriyati xorijiy talabalarning mamlakatda qolish muddatini to‘rt yil bilan cheklash haqidagi qarorini noqonuniy deb topdi.