Turizm qo‘mitasi turistik obyektlarda gidlar identifikatsiya kartasi (beyjik) taqib yurishi va uning mavjudligini nazorat qilish tartibi bo‘yicha nizom loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Loyihaga ko‘ra, gid turistik obyektda ishlayotganda beyjikni ustki kiyimining ko‘rinadigan joyiga taqib yurishi shart bo‘ladi. Kartada gidning rangli fotosurati, ism-familiyasi, yagona identifikatsiya raqami va haqiqiyligini tekshirish uchun QR-kod aks ettiriladi.

Beyjiklarni Ichki ishlar vazirligi xodimlari tekshiradi va kerak bo‘lsa, ma’lumotlarni gidlar malaka sertifikatlarining yagona elektron reyestri bilan solishtiradi. Boshqa shaxsning, qalbaki yoki o‘zgartirilgan beyjigidan foydalanish taqiqlanadi.

Madaniy meros agentligi beyjigi bor gidlarning obyektlarga bepul kirishini ta’minlaydi. Beyjik ko‘rsatmagan gid esa obyektga bepul kira olmaydi va ekskursiya o‘tkaza olmaydi.

Gidda beyjik bo‘lmasa, lekin malaka sertifikati amalda bo‘lsa, holat qayd etilib, unga talablar tushuntiriladi. Malaka sertifikati bo‘lmagan yoki bekor qilingan gidning ekskursiyasi to‘xtatiladi, turoperatordan xizmatni boshqa gid orqali davom ettirish talab qilinadi. Holat takrorlansa, materiallar javobgarlikka tortish uchun vakolatli organga yuboriladi.

Nizom rasmiy e’lon qilingandan uch oy o‘tib kuchga kiradi. Loyiha 29-noyabrgacha jamoatchilik muhokamasida turadi.

Avvalroq O‘zbekistonga 10 oyda 11,6 mln xorijlik turist kelgani haqida xabar berilgandi.